29- Buxgalteriya hujjatlarini saqlash va undagi xatoliklarni tuzatish tartibi
Buxgalteriya hisobi holati, eng avvalo, hujjatlar harakatini to‘g‘ri tashkil qilish bilan bevosita bog‘liqdir, chunki har bir amalga oshirilgan xo‘jalik muomalasi mablag‘lar harakati bilan bog‘liq holda olib boriladi. Mablag‘lar harakatini to‘g‘ri hujjatlashtirish hisob-kitoblarning o‘z vaqtida yuritilishini, pulga bo‘lgan talabning qondirilishini ta’minlaydi. Buxgalteriya hisobini tashkil etishda, mablag‘lar harakatining bir me’yorda yuritilishini nazorat qilish hujjatlar yordamida bajariladi. Shuning uchun buxgalteriya hujjatlarini saqlash nazoratni talab qiladi. Hujjatlarni saqlash, birinchi navbatda, hujjatlar aylanishini to‘g‘ri tashkil qilish bilan bevosita bog‘liqdir. Hujjat aylanishi deb, hujjat rasmiylashtirilgan kundan boshlab to arxivga topshirilgan kungacha bo‘lgan davrga aytiladi. Hujjatlarning aylanishini to‘g‘ri tashkil qilish, birinchidan, buxgalteriya apparatida ishni to‘g‘ri yuritish, tashkil qilish uchun asos yaratsa, ikkinchidan, ularga to‘g‘ri rasmiylashtirishni tekshirish imkonini yaratadi, uchinchidan, tovar moddiy boyliklarning to‘liqligini ta’minlaydi. Buxgalteriya hujjatlarining to‘liq saqlash uchun bosh buxgalter javobgardir. Hujjatlarni har tomonlama to‘g‘ri va talab darajasida rasmiylashtirilganligi bevosita bosh buxgalter tomonidan nazorat qilinadi. Buxgalteriya hujjatlarining to‘g‘riligini tekshirishda asosiy e’tibor bosh buxgalter tomonidan quyidagi holatga qaratiladi:
— hujjat bo‘yicha javobgar shaxslarning imzolariga;
— ko‘rsatilgan miqdorlarning to‘g‘riligiga;
— dalolatnomalarning mavjudligiga;
— hujjat rasmiylashtirilgan sana, yil ko‘rsatilishiga.
Demak, bosh buxgalter tomonidan hujjatlarning to‘g‘riligi tekshirilayotganda „ Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida“ gi Qonunga amal qilinadi. Buxgalteriya hujjatlarini saqlash ma’lum ketma-ketlikka amal qilishni talab qiladi, ya’ni hujjatni saqlashda har oyning hujjatlari, ularning mazmuniga qarab alohida-alohida maxsus papkalarga ajratilgan holda saqlanadi. Misol uchun, tovar hisobotlari, bank ko‘chirmalari, xazina hisobotlari alohida-alohida to‘planib saqlashga tayyorlanadi. Oy davomida xo‘jalik muomalalarini tasdiqlovchi hujjatlar bosh buxgalter tomonidan qo‘yilgan buxgalteriya xodimlari zimmasida bo‘lib, hisobot davri tugagandan keyin bosh buxgalterga ko‘rsatilib, uning to‘g‘riligi tasdiqlanadi. Buxgalteriya hujjatlarini arxivda saqlash uchun tegishli tayyorgarlik talab qilinadi. Bunday tayyorgarlik ishlarida hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish, tartibga keltirish kabi tadbirlar o‘tkaziladi. Arxivga topshiriladigan hujjatlarga raqamlar qo‘yilib, jami topshirilgan hujjatlar ro‘yxati tuziladi. Bosh buxgalterni almashtirish uchun buyruq chiqarilganda, unga asosan hujjatlar holati tekshirilayotganda maxsus qabul qilish va topshirish dalolatnomasi tuziladi. Dalolatnomada oldin ishlagan va yangi bosh buxgalter ishtirokida hujjatlar holati, bosh daftar yozuvlarining tegishli sintetik schot ko‘rsatkichlari bilan mos kelishi tekshirilib bo‘lingandan keyin dalolatnoma ikkala bosh buxgalter tomonidan imzolanadi. Bu to‘g‘rida taftish komissiyasi raisi xulosa qilib o‘z imzosini qo‘yadi. Dalolatnomada arxivga topshirilgan hujjatlar muddati bo‘yicha alohida ko‘rsatiladi. Ayrim hollarda tegishli nazorat ishlarini tashkil qilishda xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq muammolar muqobil tekshirilayotgan hujjatlar tashkilot buxgalteriyasidan uning to‘g‘riligini tasdiqlash maqsadida, rahbarning ruxsatnomasi bo‘lgan taqdirdagina boshqa tashkilot xodimlariga taqdim qilinishi, ko‘rsatilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |