3. Davolash
Tarkibida antibiotiklar bo‘lgan aerozollardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, ingalatsiyalar yaxshi natija beradi. Surunkali giрerplastik (giрertrofik) laringit. Tovush dahliz oldi burmalari, cho‘michsimon bo‘shliqdagi shilliq pardaning qalinlashuvi giрertrofik laringitga xosdir. Tovush burmalarining qalinlashuvi tovush yorig‘ini tamomila yopib qo‘yadi. Bu hiqildoq mushaklarining tezkor ishlashini talab qiladi, natijada ularning o‘ta toliqib qolishiga va oqibatda tovushning barqaror buzilishiga olib keladi. Tovush burmalarining giрertrofiyasi diffuz va chegaralangan bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda tovush burmalarining bo‘sh chekkasida oldingi va o‘rta uchdan bir qismi chegarasida kichkina tugunlar hosil bo‘ladi, ularning yuzaga kelishi, odatda tovushning o‘ta zo‘riqishi bilan bog‘liqdir. Bemor ovozi dag‘al bo‘g‘iq tovushda chiqishidan shikoyat qiladi, afoniya paydo bo‘lishi mumkin. Davolash surunkali kataral laringitdagiga o‘xshab olib borilishi mumkin. Og‘ir hollarda operativ davo qo‘llaniladi. Surunkali atrofik laringit. Bu og‘ir, davolash qiyin bo‘lgan xastalikdir. Hiqildoqning shilliq pardalarida yuzaga keladigan distrofik jarayonlar surunkali atrofik laringitga xos belgilardir.
Bemor og‘zi qurishidan, tomog‘ida go‘yo biror narsa borligidan, tovushning hatto afoniyagacha buzilishidan shikoyat qiladi. Laringoskopiyada hiqildoq shilliq pardasining rangsizlanib, tovush burmalari yupqalashgani aniqlanadi. Burmalar o‘rta chiziq bo‘yicha yopilmaydi. Tovush yorig‘ida sarg‘imtir tusli, qurib qoladigan yopishqoq balg‘am ko‘rinadi.
Davolash, asosan, simptomatik tarzda amalga oshiriladi. U hiqildoq shilliq pardasini namlash, patologik ajralmalarni olib tashlash, hiqildoq va traxeya bezlarining sekretsiyasini faollashtirishga qaratilgan. Kunda natriy xlorid va yod eritmasidan ingalatsiya qilish, lyugol eritmasini surtish yaxshi natija beradi. Shuningdek, polivitaminlar va fermentlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Xulosa
Yosh bolangiz kunduzi yoxud kechasi bexosdan uyqusidan uyg‘onib talvasaga tushsa, boshini old tomonga engashtirib o‘tirib olishga harakat qilsa yoki hadeb ko‘tarib olishlarini talab qilib xarxasha qilaversa, bo‘ynini cho‘zib, og‘zini katta ochib olsayu nafas olishga qiynalsa, tili osilib qolsa, yutinishi qiyinlashsa, tana harorati yuqori darajagacha ko‘tarilib ketsa, kuchli tomoq og‘rig‘idan bezovtalansa bolangizni mustaqil davolashga harakat qilmay, shu zahoti shifokor huzuriga olib boring
Bezovtalanayotgan bolangizni tinchlantirishga harakat qiling. Buning uchun eng avvalo, o‘zingiz tinchlanib oling. Og‘ir vaziyatlarda ham es-hushini yo‘qotmaydigan ota-ona o‘z bolasining salomatligi uchun ko‘p narsa qilishga qodir bo‘ladi.
Epiglottit ehtimoli bor bo‘lsa aslo bolangizning tilini biron narsa yordamida pastga bosishga, kuch ishlatib uning og‘iz bo‘shlig‘ini kuzatishga, gavdasi va ayniqsa, boshini tik tutishga undamang. Unga qanday holat qulay bo‘lsa, shu holatda qoldiring. Avtomobilda ketayotgan bo‘lsangiz bolani ochiq darcha oldida olib o‘tiring, toki uning nafas olishi oson bo‘lsin.
Do'stlaringiz bilan baham: |