Mustaqillik g'oyasi – eng ulug' va ezgu g'oya. Har bir xalq istiqlol tufayli o'ziga yot va begona tuzumdan, ijtimoiy tazyiqlardan xalos bo'ladi, o'z salohiyatini to'la-to'kis ishga solish, o'zi istagan va o'zi tanlagan yo'ldan borish imkoniyatini qo'lga kiritadi.
Adolat va haqqoniyat g'oyalari – insonning tabiati va ijtimoiy tuzumning mohiyatini belgilaydigan, qudratli kuchga ega bo'lgan g'oyalardir. Odamlar asrlar mobaynida Odil jamiyatni orzu qilib, haqikat tantanasi uchun kurashib kelgan. Adolat buzilgan erda umidsizlik va tushkunlik hukm suradi. Adolat tantana qilgan jamiyat yuksakliqqa ko'tariladi.
Har bir tarixiy davrda uning ruhini aks ettiradigan, xalqning qadriyatlari va orzu-istaklariga mos keladigan g'oyalar kishilarning ongi va qalbidan joy olgan. Ta'kidlash joizki, bashariyatning ziddiyatli tarixi mobaynida hayotbaxsh g'oyalar bilan bir qatorda, soxta va tuban niyatlar, tajovuzkor va g'arazli fikrlar ham ko'p bo'lgan. Binobarin, xalqlar va davlatlar taqdiriga ta'siri, o'zining sifatlariga ko'ra g'oyalar yuksak yo tuban, Bunyodkor yoki vayronkor, buzg'unchi yoxud ekstremistik, tajovuzkor bo'lishi ham mumkin.
Prezident Islom Karimov ta'kidlaganidek, millat taraqqiyotiga, uning yuksalishiga xizmat qiladigan, xalqlarni jipslashtirib, oliy maqsadlarga safarbar etadigan g'oyalar yuksak g'oyalardir. Odamlar orasiga nifoq, xalqlar o'rtasiga nizo soladigan, kishilarni turli taraflarga ajratib, adovat qo'zg'aydigan tuban fikrlar buzg'unchi g'oyalarga misol bo'ladi. Aslida bunday qabix niyat va soxta shiorlarni g'oya deb atash ham shartlidir. Qaysi ijtimoiy birlik yoki qatlam orasida tarqalgani, qanday aholi guruhlari yoki elat-millatlarni harakatga keltirayotganiga qarab ham g'oyalarni turlarga ajratish mumkin.
Sohiblari, ya'ni g'oyani moddiylashtiruvchi, amaliyotga aylantiruvchi kuch kim ekaniga qarab, sinfiy g'oya, milliy g'oya, umumxalq g'oyasi, umuminsoniy g'oyalar ham mavjud bo'lishi mumkin. Albatta, muayyan bir xalq ommasini ma'lum bir tarixiy sharoitda harakatga undayotgan g'oya mazmunan umuminsoniy bo'lishi ham yoki tor manfaatlarni ko'zlaydigan sinfiy g'oya jamiyat va inson manfaatlariga zid bo'lishi ham mumkin.
Milliy g'oya xalqning tub manfaatlarini ifoda etadigan, uni o'z oldiga kuygan maqsadlari sari birlashtiradigan va safarbar etadigan g'oyadir. O'z tarixi va taraqqiyotining tub burilish davrlarida har qanday millat va xalq kelajagini belgilaydi, unga etishning o'ziga mos yo'llarini tanlaydi. Ana shu jarayonga xos ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy yo'nalishlar bilan barcha g'oyaviy tamoyillarini ham belgilab oladi. Bunda butun millat uchun umumiy bo'lgan g'oyalar nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi. "Milliy istiqlol g'oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar" risolasida O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov tomonidan nazariy jihatdan asoslab berilgan "Vatan ravnaqi", "yurt tinchligi", "Xalq farovonligi", "Komil inson", "ijtimoiy hamkorlik", "millatlararo hamjihatlik", "diniy bag'rikenglik" kabilar ana shunday umummilliy g'oyalar qatoriga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |