[
OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.09.00 Tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish]
[
TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash]
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv jarayonlarini amaliyot bilan bog‘lagan holda tashkil etish, ishsiz aholi, jumladan yoshlar va xotin-qizlarda zamonaviy kasb va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, kasb-hunarga o‘qitish muassasalarining faoliyati samaradorligini oshirish, mazkur jarayonda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining mas’uliyatini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4804-son qaroriga muvofiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida 16 ta “Ishga marhamat” mono
markazlari, 30 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari va 136 ta mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar tashkil etilsin:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida qo‘shimcha ravishda 28 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari 1-ilovaga muvofiq;
864 ta fuqarolar yig‘inlarida tikuvchilik, oshpazlik-qandolatchilik, erkaklar va ayollar sartaroshligi, kompyuter savodxonligi, buxgalteriya va tadbirkorlik asoslari hamda boshqa murakkab bo‘lmagan yo‘nalishlar bo‘yicha mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari (keyingi o‘rinlarda — maskanlar) 2-ilovaga muvofiq;
vazirlik va idoralar tasarrufida bo‘lgan 18 ta professional ta’lim muassasalarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qisqa muddatli kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish kurslari (keyingi o‘rinlarda — qisqa muddatli kurslar) 3-ilovaga muvofiq.
Belgilansinki, ro‘yxati mazkur qarorning 1-ilovasida belgilangan ta’lim muassasalarining bino va inshootlari mavjud mol-mulki va jihozlari bilan birga operativ boshqaruv huquqi asosida kasb-hunarga o‘qitish markazlarini tashkil etish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga bepul beriladi.
3. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar maskanlar faoliyatini to‘liq tashkil etsin;
tasarrufida professional ta’lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-avgustdan boshlab qisqa muddatli kurslarni yo‘lga qo‘ysin;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-sentabrga qadar kasb-hunarga o‘qitish markazlari, maskanlar va qisqa muddatli kurslarning ta’lim jarayoniga Germaniya, Koreya, Rossiya, Turkiya, Yaponiya va boshqa davlatlarning malakali mutaxassislarini jalb qilsin hamda moliyaviy va tashkiliy masalalarni hal etsin.
4. Tuman (shahar) hokimlari kasb-hunarga o‘qitish markazlari, maskanlar va qisqa muddatli kurslar ochilgan ta’lim muassasalarining faoliyati talab darajasida tashkil etilishi, to‘liq yo‘lga qo‘yilishi, samarali ta’lim xizmatlari ko‘rsatishi uchun mas’ul va shaxsan javobgar etib belgilansin.
Tuman (shahar) hokimliklari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bilan birgalikda:
bir oy muddatda mazkur qarorning 1-ilovasida belgilangan ta’lim muassasalarining bino va inshootlarini, mol-mulki va jihozlarini xatlovdan o‘tkazsin hamda belgilangan tartibda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga topshirilishini ta’minlasin;
bir oy muddatda ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha hududiy dasturlarni tasdiqlasin va ijrosini ta’minlasin;
ikki oy muddatda mehnat bozori xususiyati, ish beruvchilar talabi hamda tuman (shahar) ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda kasb-hunarga o‘qitish markazlari, maskanlar va qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladigan kasblar ro‘yxatini belgilasin hamda 2021-yil uchun aholini kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish buyurtmasini shakllantirsin;
ikki oy muddatda kasb-hunarga o‘qitish markazlarining malakali o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga bo‘lgan ehtiyojini kasblar kesimida shakllantirsin hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taqdim etsin;
uch oy muddatda kasb-hunarga o‘qitish markazlari, maskanlar va qisqa muddatli kurslarga zamonaviy
talablarga javob beradigan, yuksak malaka, sohada ko‘p yillik ish tajribasiga va yuqori professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb qilsin;
2021-yil 1-avgustga qadar kasb-hunarga o‘qitish markazlarini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan zamonaviy o‘quv asbob-uskunalari va jihozlar bilan ta’minlasin;
2022-yil 1-yanvarga qadar maskanlarni fuqarolar yig‘inlari hududida joylashgan mahalla guzarlari va davlat tashkilotlarining unumli foydalanilmayotgan boshqa bo‘sh turgan joylari va binolarida joylashtirsin;
ikki oy muddatda o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish uchun kasb-hunarga o‘qitish markazlari, maskanlar va qisqa muddatli kurslar ochilgan ta’lim muassasalarni hududdagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularning ehtiyojidan kelib chiqqan holda biriktirish choralarini ko‘rsin;
“mahallabay” ishlash tizimi orqali aniqlangan hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, band bo‘lmagan fuqarolarni o‘quv kurslariga jalb qilsin;
kasb-hunarga o‘qitish markazlari, maskanlar va qisqa muddatli kurslar bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin, ularga tadbirkorlik, hunarmandchilik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlash uchun (davlat mulkini ijaraga berish, kreditlar va subsidiyalar ajratish) har tomonlama ko‘maklashsin.
5. Belgilansinki:
maskanlarni o‘quv asbob-uskunalari va jihozlar bilan ta’minlash xarajatlari teng ulushlarda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
maskanlarni saqlash hamda o‘qish jarayonlarini tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xarajatlar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari
hisobidan moliyalashtiriladi;
qisqa muddatli kurslarni tashkil etish va jihozlash xarajatlari tasarrufida mazkur ta’lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idoralarning mablag‘lari hisobidan, band bo‘lmagan aholini ushbu kurslarda o‘qitish xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
mazkur qarorga muvofiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga berilayotgan ta’lim muassasalarining o‘quvchilari o‘qishi tugaguniga qadar o‘zlari ta’lim olayotgan muassasada amaldagi o‘quv dasturlari asosida ta’lim oladi;
“Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari hamda maskanlarning o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalari maqomi bo‘yicha professional ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga tenglashtiriladi hamda ularga ushbu xodimlar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va ijtimoiy himoya kafolatlari tatbiq etiladi;
“Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari hamda maskanlarning tashkiliy tuzilmasi, shtatlar jadvali, rahbar, o‘qituvchi va boshqa xodimlarning mehnatiga haq to‘lash tizimi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan mustaqil belgilanadi.
6. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L. Kudratov) bilan birgalikda uch oy muddatda kasb-hunarga o‘qitish markazlari, maskanlar va qisqa muddatli kurslarda band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitishda zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy qilish hamda moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash uchun xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining texnik hamda moliyaviy ko‘magini jalb qilsin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) kasb-hunar markazlari hamda maskanlarni saqlash, ta’mirlash, asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash hamda o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining ish haqlarini to‘lash uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga zarur mablag‘larni ajratib borsin.
Tuman (shahar) hokimlari kasb-hunarga o‘qitish markazlari, maskanlar va qisqa muddatli kurslarni tashkil etish va lozim darajada faoliyat yuritishi uchun ajratilayotgan mablag‘larning manzilli va samarali sarflanishini ta’minlasin.
7. Kasb-hunarga o‘qitish markazlarining daromad manbalarini ko‘paytirish hamda ularni bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga quyidagi huquqlar berilsin:
a) kasb-hunarga o‘qitish markazlarida aholiga pullik xizmatlarni ko‘rsatish, shu jumladan talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish, o‘quvchilar tomonidan o‘quv jarayonida tayyorlangan mahsulotlarni sotish hamda malakani baholash xizmatlarini ko‘rsatish;
b) kasb-hunarga o‘qitish markazlarining ta’lim jarayonidan bo‘sh bo‘lgan o‘quv xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalari (asbob-uskunalari bilan birga), boshqa bino va inshootlarini:
nodavlat ta’lim tashkilotlariga ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish kurslarini tashkil etish uchun 5 yilgacha bo‘lgan muddatga tekin foydalanishga berish;
kasb-hunarga o‘qitish markazlarida ta’lim berayotgan o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga, o‘qitilayotgan kasblarga mos faoliyatni amalga oshirib kelayotgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga va tadbirkorlik subyektlariga mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun 5 yilgacha bo‘lgan
muddatga ijaraga berish;
v) kasb-hunarga o‘qitish markazlariga tegishli yer uchastkalarining bo‘sh turgan qismini tadbirkorlik subyektlariga yengil konstruksiyali o‘quv xona va ishlab chiqarish sexini tashkil etish uchun 10 yilgacha bo‘lgan muddatga ijaraga berish;
g) kasb-hunarga o‘qitish markazlarining ta’lim jarayonidan bo‘sh bo‘lgan sport maydonchalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik subyektlariga berish.
8. Belgilansinki:
a) kasb-hunarga o‘qitish markazlarining o‘quv xonalari,
ishlab chiqarish ustaxonalari, boshqa bino, inshootlari va yer uchastkalarining bo‘sh turgan qismi ijaraga oluvchi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘rtasida tuzilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomaga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan eng kam stavkalarda ijaraga beriladi;
b) kasb-hunarga o‘qitish markazlarining o‘quv xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalari, boshqa bino, inshootlari va yer uchastkalarining bo‘sh turgan qismini mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish yoki yengil konstruksiyali o‘quv xona va ishlab chiqarish sexini tashkil etish uchun ijaraga olgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va tadbirkorlik subyektlari zimmasiga:
kasb-hunarga o‘qitish markazlari o‘quvchilarining amaliyotini o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning va tadbirkorlik subyektining mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish joylarida tashkil etish;
xodimlar umumiy sonining kamida 30 foizi kasb-hunarga o‘qitish markazlari bitiruvchilari tashkil etishi bo‘yicha ijtimoiy majburiyatlar yuklatiladi;
v) kasb-hunarga o‘qitish markazlarining o‘quv xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalari, boshqa bino, inshootlari va yer uchastkalarining bo‘sh turgan qismini ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar mazkur markazlarning rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
9. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I. Norqulov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov) hamda Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov) bilan birgalikda ikki oy muddatda kasb-hunar markazlariga tegishli o‘quv xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalari, boshqa bino, inshootlari va yer uchastkalarining bo‘sh turgan qismini ijaraga va tekin foydalanishga berish tartibini hamda talabgorlarga qo‘yiladigan minimal talablarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Tuman (shahar) hokimlari ikki oy muddatda ijaraga berilishi mumkin bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish markazlarining o‘quv xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalari, boshqa bino, inshootlari va yer uchastkalarining bo‘sh turgan qismini har bir kasb-hunarga o‘qitish markazi kesimida aniqlasin hamda ularni salohiyatli tadbirkorlik subyektlari va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga taklif qilsin.
10. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) uch oy muddatda hududiy “Ishga marhamat” monomarkazlarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “O‘quv-maslahat ofislari”ni tashkil etsin.
Quyidagilar “O‘quv-maslahat ofislari”ning asosiy vazifalari etib belgilansin:
band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish sifatini oshirish maqsadida qishloq xo‘jaligi, yengil va oziq-ovqat sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qurilish, texnikaga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, bolalar, keksalar va kasallarni parvarish qilish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha malakali xorijiy o‘qituvchilarni, shu jumladan xorijda yashaydigan vatandoshlarni jalb etish;
jalb etilgan xorijiy o‘qituvchilarni malakali mutaxassis yetishmayotgan kasb-hunarga o‘qitish markazlariga yo‘naltirish;
jalb etilgan xorijiy o‘qituvchilar ishtirokida “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, maskanlar hamda qisqa muddatli kurslar o‘qituvchilari uchun mahorat darslarini o‘tkazish.
11. Belgilab qo‘yilsinki:
xorijiy mutaxassislarni “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlariga ishga taklif qilish bilan bog‘liq xarajatlar (yo‘l haqi, ta’lim muassasalariga yuborilgungacha bo‘lgan yashash xarajatlari) Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan, ular ta’lim muassasalarida ish boshlaganidan keyin tegishli ta’lim muassasasi tomonidan to‘liq moliyalashtiriladi;
ish beruvchilar “O‘quv-maslahat ofislari”ga jalb etilgan xorijiy o‘qituvchilarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalarni berish (uzaytirish) uchun belgilangan yig‘im to‘lovlaridan ozod etiladi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalarining malakali mutaxassislari bilan muzokaralar olib borsin hamda ularni “O‘quv-maslahat ofislari”ga jalb qilish choralarini ko‘rsin.
12. Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining (N. Xusanov) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9 — 11-sinf o‘quvchilarini asosiy ta’lim jarayonlaridan bo‘sh bo‘lgan vaqtlarida kasb-hunarga o‘qitish tartibini joriy qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, mazkur tartib doirasida:
tuman (shahar) hokimliklari Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini ularga yaqin hududda joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, maskanlar va qisqa muddatli kurslar ochilgan ta’lim muassasalariga biriktiradi;
Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9 — 11-sinf o‘quvchilarining kasbiy moyilligini zamonaviy tashxislash metodlarini qo‘llagan holda baholaydi hamda ularni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi;
tuman (shahar) hokimliklari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9 — 11-sinf o‘quvchilarini asosiy ta’lim jarayonlaridan bo‘sh bo‘lgan vaqtlarida kasb-hunarga o‘qitish ishlarini tashkil qiladi.
Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bilan birgalikda ikki oy muddatda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9 — 11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “TUMO” kreativ texnologiyalar markazining Toshkent shahridagi filialini (keyingi o‘rinlarda — Filial) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 14-mavze manzilida joylashgan bino va inshootlari mavjud mol-mulki va jihozlari bilan birga Filialni tashkil etish uchun operativ boshqaruv huquqi asosida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga bepul berilsin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov) bilan birgalikda:
2022-yil 1-martga qadar Filialda “TUMO” kreativ texnologiyalar markazining franshizasi, dasturiy ta’minoti, o‘quv dasturlari va litsenziyasi asosida yoshlarni veb-ishlanmalar, grafika dizayni, 3D-modellashtirish, raqamli dasturlash,
robototexnika, raqamli media, videoo‘yinlar yaratish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘ysin;
Filial bitiruvchilarini Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “IT-park” va boshqa axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi tashkilotlarda faoliyat olib borishiga jalb qilsin.
14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining aholining ishchanlik faolligini va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish uchun baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik, asalarichilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik va boshqa ilg‘or sohalarda kooperativlarni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Tuman (shahar) sektor rahbarlari:
ikki oy muddatda kooperativlarga birlashish istagini bildirgan ishsiz fuqarolar, kam ta’minlangan oilalar a’zolari, tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda kooperativ faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha tajribaga ega yetakchi tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirsin hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taqdim etsin;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) hamda Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar har bir tuman (shahar) sektorida kamida bittadan kooperativlar tashkil etsin.
Belgilansinki, kooperativlarga a’zo bo‘lgan har bir ish bilan band bo‘lmagan fuqaro uchun kooperativ ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarigacha subsidiya ajratiladi.
Moliya vazirligi sektorlarda kooperativni tashkil etishda subsidiyalar to‘lash uchun Davlat budjetidan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 mlrd so‘m mablag‘ ajratsin.
15. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining markaziy apparati tuzilmasida vazirlikning umumiy shtat birliklari soni doirasida:
vazirning kasb-hunarga o‘qitish va kasbiy malakani rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilinsin;
boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 12 nafardan iborat bo‘lgan Kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish va kasbiy malakani rivojlantirish departamenti tuzilsin.
16. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
2021-yil 1-iyuldan boshlab Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga o‘zining budjetdan tashqari va maqsadli jamg‘armalari mablag‘larining bo‘sh qoldiqlarini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan tushgan mablag‘larning 80 foizidan oshmagan qismini vazirlikning Mehnat organlari xodimlarining mehnatini rag‘batlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jamg‘armasiga yo‘naltirish
huquqi beriladi;
2021-yil 1-avgustdan boshlab “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari va maskanlar tomonidan ularning o‘quv faoliyati uchun zarur bo‘lgan, bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha qiymatdagi ehtiyot qismlar, xomashyo, o‘quv qurollari va boshqa materiallarni xarid qilish to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi.
17. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
ikki oy muddatda oliy ta’lim muassasalarining ko‘p tarmoqli o‘quv markazlari va amaliyot poligonlari, bo‘sh turgan binolari va inshootlaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflarni;
2021-yil 1-oktabrga qadar professional ta’lim tizimining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, modernizatsiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks dasturni tasdiqlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
19. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etish uchun shaxsan mas’ul va javobgar etib bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X. Toshkulov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, tuman (shahar) hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.
MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 8-iyun,
PQ-5140-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PQ-5140-son qaroriga
1-ILOVA
Bino va inshootlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga kasb-hunarga o‘qitish markazlarini tashkil etish uchun berilayotgan ta’lim muassasalarining
ro‘yxati