Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi o‘rinlarda Tizim deb ataladi) — tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ va vakolatli tashkilotlarning aloqa kanallari orqali elektron axborot almashuvini ta’minlovchi tizim.
3. Ushbu Nizomning qoidalari:
banklar va kredit byurolari, ularning filial va vakolatxonalarini;
shaharni tashkil etuvchi tijorat tashkilotlari va ularga tenglashtirilgan tijorat tashkilotlarini;
davlat organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini, shu jumladan, ularning yuridik shaxslari hisoblanadigan alohida bo‘linmalarini (vakolatxonalari va filiallarini), shuningdek, xalqaro va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallarini;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan bankrotlik alomatlari bo‘lgan tijorat tashkilotlarini tugatishda qo‘llanmaydi.
4. Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tijorat tashkilotlarini davlat reyestridan chiqarish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2-bob. Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tijorat tashkilotlarini aniqlash
5. Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tijorat tashkilotlari faoliyatini harakatsiz holatga o‘tkazish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
to‘qqiz oy mobaynida moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha bank hisobvaraqlariga pul mablag‘lari tushmaganligi;
to‘qqiz oy mobaynida soliq hisobotlari taqdim etilmaganligi.
6. Tijorat tashkilotlarining bank hisobvaraqlariga to‘qqiz oy mobaynida moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha pul mablag‘lari tushmaganda tijorat banklari uch ish kuni ichida u hisobga qo‘yilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga Tizim orqali ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq ma’lumot taqdim etadi.
7. Davlat soliq xizmati organi tijorat banklaridan ma’lumot tushgach va (yoki) hisobot topshirish muddati tugagach uch ish kuni mobaynida ushbu Nizomning 5-bandi talablari bo‘yicha tijorat tashkilotlari to‘g‘risida Tizim orqali quyidagi idora va tashkilotlarni:
ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ va ro‘yxatdan o‘tgan joydagi davlat statistika organlarini;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tuman (shahar) bo‘limini (keyingi o‘rinlarda Byuro deb ataladi);
ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni;
avtotransport vositalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi va ro‘yxatdan o‘tkaziladigan boshqa texnika vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligini xabardor qiladi.
Ushbu bandning uchinchi — oltinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan idora va tashkilotlar tegishli xabarnoma tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida o‘zlarining ma’lumotlar bazalarida tijorat tashkiloti to‘g‘risida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni Tizim orqali taqdim etadi.
8. Davlat soliq xizmati organi ushbu Nizomning 5-bandida ko‘rsatilgan yuridik shaxslar bo‘yicha:
a) quyidagilarni:
tijorat tashkiloti haqiqatda moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmaganligini;
mol-mulki mavjudligini;
yuridik va faoliyat ko‘rsatish manzilida mavjudligini;
tijorat tashkilotining barcha qarzdorliklari (2-son kartotekasi) tahlilini;
Oldingi tahrirga qarang.
soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi mavjudligini;
(8-band “a” kichik bandining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2021-y., 09/21/1/0002-son)
b) muassislarining (qatnashchilarining) turar joyini aniqlash va ularni tugatish jarayoniga jalb qilish choralarini ko‘radi;
v) moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tijorat tashkilotlari muassislariga (qatnashchilariga) tijorat tashkilotini ixtiyoriy tugatishni taklif etadi. Tijorat tashkiloti o‘n ish kunida ixtiyoriy tugatishga kirishmagan, tijorat tashkiloti muassislari (qatnashchilar) ixtiyoriy tugatishni amalga oshirishni rad etgan, shuningdek, ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarni aniqlash mumkin bo‘lmagan taqdirda, ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshiradi;
g) tijorat tashkilotining muhri, shtamplarini (agar mavjud bo‘lsa), davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani, shuningdek, mavjud bo‘lsa tovar belgisining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani tijorat tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazgan organga topshirtirish choralarini ko‘radi;
Oldingi tahrirga qarang.
d) yig‘ilgan va mavjud ma’lumotlar asosida tijorat tashkilotining faoliyatini kameral soliq tekshiruvidan o‘tkazadi.
(8-bandning “d” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2021-y., 09/21/1/0002-son)
3-bob. Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tijorat tashkilotlarini harakatsiz holatga o‘tkazish
Oldingi tahrirga qarang.
9. Tijorat tashkilotining soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorliklari aniqlanmagan, mol-mulki mavjud bo‘lmagan, tijorat tashkiloti muassislarini (qatnashchilarini), ularning vakillari va rahbarini tugatish jarayoniga jalb etish imkoni bo‘lmaganda, davlat soliq xizmati organlari Tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘n ish kunida tijorat tashkilotini harakatsiz holatga o‘tkazish to‘g‘risida taqdimnoma yuboradi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2021-y., 09/21/1/0002-son)
10. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ uch ish kunida:
davlat soliq xizmati organlarining taqdimnomasiga asosan tijorat tashkilotini harakatsiz holatga o‘tkazadi, bu haqida davlat reyestriga hamda Tizimga tegishli yozuv kiritadi;
tijorat tashkilotining harakatsiz holatga o‘tkazilganligi to‘g‘risida o‘zining rasmiy saytida e’lonni joylashtiradi;
tijorat tashkilotining muassislariga (qatnashchilariga) Tizimda tijorat tashkilotining harakatsiz holatga o‘tkazilganligi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.
11. Tijorat banklari harakatsiz holatga o‘tkazilgan tijorat tashkilotlarining hisobvaraqlarini bir ish kunida yopib, pul mablag‘larini harakatsiz depozit hisobvaraqlariga o‘tkazadi.
Harakatsiz holatga o‘tkazilgan tijorat tashkilotlariga kelib tushgan mablag‘lar ularning harakatsiz depozit hisobvaraqlariga kirim qilinadi. Ushbu tijorat tashkilotlarining hisobvaraqlariga qo‘yilgan talablar harakatsiz depozit hisobvaraqlaridan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 56-moddasida belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.
12. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilgan tahlillar va o‘rganishlar natijasida soliq qarzdorliklari aniqlangan taqdirda,ularni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undirish choralari ko‘riladi.
Soliqlar bo‘yicha qarzdorliklari undirilgan tijorat tashkilotlari bo‘yicha ish yuritish ushbu Nizomning 9-bandi asosida davom ettiriladi.
13. Tijorat tashkilotining debitorlik-kreditorlik qarzdorliklarini undirish manfaatdor shaxslar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
131. Tijorat tashkiloti faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar toifasiga o‘tkazilgandan keyin davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq hisobotlarini qabul qilish to‘xtatiladi.
(131-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2021-y., 09/21/1/0002-son)
14. Harakatsiz holatga o‘tkazilgan tijorat tashkiloti faoliyati ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan quyidagi holatlarda:
tijorat tashkilotining muassisi(lari), uning qonuniy vakillari yoki vorisi uch yilda tijorat tashkiloti faoliyatini davom ettirish to‘g‘risida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga murojaat qilgan taqdirda — muassisi(lar), qonuniy vakil yoki vorislarning qaroriga asosan;
tijorat tashkiloti sud yoki ijro ishi yuritish jarayoniga da’vogar yoxud javobgar sifatida e’tirof etilgan yoki unga nisbatan bankrotlik ishi qo‘zg‘atilgan taqdirda, qayta tiklanadi.
Bunda tijorat tashkiloti yangidan tashkil etilgan deb hisoblanmaydi, uning faoliyati qayta tiklanganligi to‘g‘risida davlat reyestriga hamda Tizimga tegishli yozuv kiritiladi.
15. Harakatsiz holatga o‘tkazilgan tijorat tashkilotini javobgar yoki da’vogar sifatida e’tirof etgan organ (mansabdor shaxs) bu haqida uch ish kunida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni xabardor qilishi shart.
4-bob. Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tijorat tashkilotlarini davlat reyestridan chiqarish
16. Tijorat tashkilotlari harakatsiz holatida saqlanishiga uch yil to‘lganda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ:
harakatsiz holatiga o‘tkazilgan tijorat tashkilotlari faoliyati tiklanmagan taqdirda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uch ish kunida davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqida davlat reyestriga tegishli yozuv kiritadi;
tijorat tashkilotining muhri, shtamplarini (agar mavjud bo‘lsa), davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani, shuningdek, mavjud bo‘lsa tovar belgisining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani bekor qiladi. Agar ularni topish imkoni mavjud bo‘lmasa, uch ish kunida bekor qilinishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ro‘yxatga olish organi saytida e’lon beriladi.
Davlat reyestriga tugatish haqida yozib qo‘yilgandan so‘ng tijorat tashkilotini tugatish yakunlangan, tijorat tashkiloti esa mavjud emas deb hisoblanadi.
17. Davlat reyestridan chiqarilgan tijorat tashkilotining bank hisobvaraqlaridagi mablag‘lar tijorat banklari tomonidan besh ish kunida tijorat tashkilotlarining pul mablag‘larini milliy va xorijiy valyutadagi yagona hisobvaraqlarida jamlaydi va hisobvaraq ochilgan bank joylashgan tuman (shahar) mahalliy budjetiga tegishli tijorat banki tomonidan o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Harakatsiz holatda turgan tijorat tashkiloti davlat reyestridan chiqarilgandan so‘ng uning soliq va yig‘imlar bo‘yicha ortiqcha to‘langan summalari mahalliy budjetlarning daromadi hisoblanadi.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2021-y., 09/21/1/0002-son)
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Tijorat tashkiloti muassislari (qatnashchilari), tadbirkorlik subyekti, tugatuvchi o‘zlari tayyorlagan, ro‘yxatdan o‘tkazgan organga va davlat soliq xizmati organiga taqdim etgan hujjatlarning to‘g‘riligi va qonun hujjatlariga muvofiqligi uchun javob beradilar.
20. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar, shu jumladan, o‘zlariga yuklangan vazifalarni bajarmaganlik yoki zarur darajada bajarmaganlik natijasida kreditorlarga, muassislarga (qatnashchilarga) yoki uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat reyestridan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat reyestridan chiqarish tartibi
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2021-y., 09/21/1/0002-son)
Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat reyestridan chiqarish tartibi to‘g‘risida nizomga
2-ILOVA
Bank hisobvaraqlariga to‘qqiz oy mobaynida moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha pul mablag‘lari kelib tushmagan tijorat tashkiloti to‘g‘risida
ma’lumot
Do'stlaringiz bilan baham: |