3.Fuqarolik jamiyatida xususiy mulkchilik o‘rni qanaqa?
3. Inson erkinligi uning moddiy farovonigi bilan uzviy bog'langan. Ochlikdan, kambag'allikdan
aziyat chekadigan odamni to'laqonli erkin deyish mushkul. Shaxs erkinligi xususiy mulk va
xususiy tadbirkorlikning kafolatlanganligi sharoitida to'liq namoyon bo'ladi. Bunda xususiy
mulk nafaqat fuqarolik jamiyatini iqtisodiy asosini tashkil etadi, balki siyosiy, axloqiy,
madaniy yangilanishlarga ham asos bo'ladi. Fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy ongining o'sishida
xususiy mulkning ahamiyati nihoyatda yuksakdir. Zero xususiy mulk:
? insonning xususiy hayot tarzini belgilab beradi;
? tashabbuskorlik va ishbilarmonlikni o'zaro bog'laydi;
? mulkdorda o'ziga ishonch paydo qiladi;
? insonga mehnatga ijodiy yondashish va vatanga muhabbatni uyg'otadi;
? insonlarga o'troqlikni o'rgatib, ijtimoiy madaniyatni o'stiradi;
? oilani jamiyatning xo'jalik “yacheyka”si sifatida mustahkamlab, uni mulkiy
munosabatlarga jalb qiladi;
? insonda davlatga nisbatan hurmat hissini oshiradi;
? insonning huquqiy ongi va madaniyatini shakllantiriadi;
? insonda fuqarolik mustaqillik hissini tarbiyalaydi;
? siyosiy erkinlikka bo'lgan to'g'ri yondashuvni tarbiyalaydi.
Shunday qilib xususiy mulk instituti shaxs erkinligiga ijobiy ta'sir ko'rsatib, u
fuqarolarning o'zini o'zi anglash hissini shakllantiriadi. Qonunchilikda insonlarning huquqiy
tengligining mustahkamlanganligi hamda me'yoriy-huquqiy hujjatlardagi huquq va
erkinliklarning barchaga teng amal qilishi fuqarolik jamiyati yetukligining asosiy mezonidir.
Fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari haqida gap ketar ekan, mulkdorlarning erkinligi
ham muhim jihatlardan hisoblanadi. Bir qarashda bu belgi juda soddadek tuyuladi. Har qanday
jamiyatda ham ishlab chiqarish vositalariga ega bo'lgan mulkdorlar mavjud bo'lib ishlab chiqarish
vositalariga ega bo'lgan mulkdorlar erkin hisoblanishadi. Biroq mulkdorlarning erkinligi
ko'pgina davrlarda jiddiy shubha ostiga olinganligi ham ma'lum. Fuqarolik jamiyatida shaxsning
erkin faoliyati barcha sohalarda o'z manfaatlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Avvalo,
insonlarning iqtisodiy sohaga taalluqli bo'lgan orzu niyatlari ro'yobga chiqadi. Xususiy
mulkdorda erkin iroda yaqqol namoyon bo'ladi.
Aslida mulkdorlarning erkinligi bir qator muhim savollarga javob beradi. Aynan
mulkdorlarning erkinligi sharoitida erkin mulkdorlar uyushmalari o'rtasidagi, uyushmalar
doirasida mulkdorlar orasidagi aloqalar hamda ularning siyosiy tuzilmalar bilan
munosabatlari huquqiy jihatdan tartibga solinadi.
Bu yerdagi birinchi masala, jamiyatda mavjud mulkdorlarning miqdori va ular egalik qilayotgan
mulkning qiymati bilan bog'liq. Ikkinchidan, fuqarolik jamiyatining sub'ektiga aylanishi uchun
mulkdor nimadan ozod bo'lishi kerakligi navbatdagi muhim masaladir. Qadimgi mutafakkirlar bu
savolga yakdillik bilan ishlab chiqarish jarayoniga davlatning, siyosiy hokimiyatning aralashuvi
va nazoratidan ozod bo'lishlari kerakligini uqtirishadi. Mulkdor va ishchilar o'rtasidagi
murakkab munosabat bilan bir qatorda tarixning barcha bosqichlarida ishlab chiqarish vositalari
egalari siyosiy sohaning iqtisodiyotga ta'sirini bartaraf etish yoki hech bo'lmaganda uni cheklash
uchun kurashib kelgan. Bu kurashda iqtisodiyot va siyosatni bir-biriga teng darajada ta'sir
ko'rsatishi umuman jamiyat va uning barqaror rivojlanishi uchun eng maqbul yo'ldir. O'tgan asr
tajribasining ko'rsatishicha, mulkdorlarning davlat nazoratidan chiqib ketishi iqtisodiyotda
boshboshdoqlikni kuchaytirib yubordi, natijada esa 30-yillar va 70-yillarda iqtisodiy
inqirozlarga olib keldi. Davlatning mutlaq ustunlik qilishi esa insoniyatni bundan ham og'ir
inqirozlar, jumladan Birinchi va Ikkinchi Jahon urushi kabi bo'hronlarga olib keladi. Shuning
uchun ham bugungi rivojlangan mamlakatlarda siyosat va iqtisodiyot o'rtasidagi munosabatlarda
muvozanatni saqlashga katta e'tibor qaratilmoqda.
Rossiyalik faylasuflardan biri A.Migranyanga ko'ra jamiyatda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy
sohaning talab darajasida rivojlanmasligi oqibatida yangi tizimga o'tish davrida faqatgina
davlat jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarini tubdan yangilashga qodir yagona
kuch sifatida namoyon bo'ladi. Natijada davlat va fuqarolik jamiyat funktsiyalari inversiyasi ro'y
beradi. Fuqarolik jamiyati bevosita hal qilinishi zarur bo'lgan muammoalarni mustaqil ravishda
kun tartibiga qo'yish va hal qilishga qodir bo'lmay qoladi va davlat o'z vazifalari qatorida
jamiyatning vazifalarini ham o'z zimmasiga ham oladi. Jamiyat shu tariqa davlatga go'yoki
“singib” ketadi .
Davlat tomonidan jamiyatni qattiq nazorat ostiga olinishi sobiq tizim davrida ayniqsa yaqqol
namoyon bo'ldi. Ishlab chiqarish vositalarini o'z egalaridan mahrum etgan sho'rolar xalq ommasini
ishlab chiqarish vositalarining egasiga aylantirishga ishongan holda harakat qildilar. Ammo tom
ma'nodagi mulkdorsiz ishlab chiqarish vositalari takomillashmasligi, erkin bozor munosabatlari
va sog'lom raqobatsiz ishlab chiqarish rivojlanmay qolishini tarix isbotladi. Sho'ro tizimi
davrida barcha vositalarga davlatning monopol tarzda egalik qilishi boshlandi, davlat
xalqniki, demak mulk ham umumxalqniki ekanligi degan mavhum tushuncha o'rnashdi. Iqtisodiyotda
davlat monopoliyasi ishlab chiqarish vositalarini o'zlashtirish orqali shaxsiy va korporativ ishlab
chiqarishga, bu bilan esa mulkchilikka barham berdi.
Shuning uchun sho'ro tizimini boshidan kechirgan mamlakatlarning aksariyatida fuqarolik jamiyati
rivojlanishining asosiy muammolaridan biri – ishlab chiqarish vositalariga egalik qiluvchi
mulkdorlar qatlamini tezlik bilan shakllantirish va rivojlantirishdan iborat. Zamonaviy
dunyoqarash, xorijiy yetakchi tajribaga ega bo'lgan mulkdorlar qatlamigina o'z mamlakatida ishlab
chiqarishni rivojlantirar ekan, yangicha milliy an'ana va ko'nikmalarni shakllantirgan holda
sanoati rivojlangan mamlakatlarda mulkdorlar qilgan ijobiy ishlarni amalga oshiradilar.
Boshqacha aytganda, ular amalga oshiradigan asosiy vazifa davlat bilan paritetga erishish va
iqtisodiyotni rivojlantirishdan iborat.
Ayni vaqtda xususiy mulkning mutlaqlashtirilishi ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Bunday holatda o'tish davriga xos bo'lgan hodisa ro'y bersa, ya'ni davlat nazoratining susayishi
kuzatilsa, jamiyatda bir yoqlama tabaqalashuv, o'ta boylardan iborat bir guruh oliy tabaqa va
kambag'allardan iborat ulkan xalq massasi shakllanadi. Bunday holatda xususiy mulk jamiyatni
birlashtirishga qaratilgan vazifasini bajara olmay qoladi. Oqibatda ijtimoiy tabaqalar
o'rtasida keskin qutblashuv ro'y beradi va jamiyat bir-biridan xoli hamda o'zaro qarama-qarshi
bo'lgan uch guruhga bo'linib ketadi. Garchi sho'roviy tizimni boshidan kechirgan mamlakatlarda
o'tish davrida aynan ana shunday holat kuzatilgan bo'lsa-da, fuqarolik jamiyati taraqqiyotida
xususiy mulkning ahamiyatini butunlay inkor etish etish ham yaramaydi.
Ijtimoiy guruhlar o'rtasidagi qutblashuvning oldini olish vamuvozanatni saqlab turish
davlatchilikning tabiati hamda millatning ma'naviy-ma'rifiy qiyofasiga bog'liq. Bu yerda g'arrb
mamlakatlarida kuzatilgan muhim bir jarayonga e'tibor qaratish lozim. Ma'lumki, g'arb
jamiyatida azaldan xususiy mulkchilikka asoslangan ijtimoiy munosabatlar shakllangan. G'arb
jamiyatida tarixdan mulkiy munosbatlar, ya'ni iqtisodiy adabiyotlarda keltirilgani singari,
ishlab chiqarish vositalari egalari va ishchilar o'rtasida ro'y beradigan ishlab chiqarish
munosabatlari ustiga qurilgan. Erkin bozor munosabatlariga asoslaanganligi tufayli bunday
jamiyatlarda mulkdorlar va ishchilar o'rtasidagi qutblashuv kuchaya borgan. Natijada o'ta boylar
va o'ta qashshoqlardan iborat turli ijtimoiy qatlamli jamiyatlar shakllangan. Tabaqalashuvning
chuqurlashuvini oldini olishning huquqiy mexanizmlari mavjud bo'lmagan va davlat ham bunday
murakkab vazifani o'z zimmasiga olmagan. Boshqacha aytganda, g'aarb jamiyatlarida tabaqalashuv
jarayoni tabiiy jarayon sifatida qabullangan. Sharq jamiyatlarida, ayniqsa musulmonlar
jamiyatlarida ham garchi ijtimoiy tabaqalashuv mavjud bo'lsa-da, ko'pgina diniy institutlar,
jumladan “zakot” singari amaliyotlar ijtimoiy qatlamlar o'rtasidagi “jarlik”ning oldiini
olishga ozmi-ko'pmi xizmat qilgan.
Bizning jamiyatda ijtimoy tabaqalashuvning kuchayishiga qarshi davlat tomonidan bir qator
tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xalqningmilliy qadriyatlari, bag'rikengligi ham ijtimoiy zaif
qatlamlarni qo'llab quvvatlashga xizmat qilmoqda. Demak, huquqiy davlatchilik rivojlangani
sari fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari o'z o'rnini topa boradi. Mamlakat ijtimoiy-
iqtisodiy taraqqiyoti jadallashgan o'tish davrida davlat, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati
institutlari o'rtasida kelishuvga ehtiyoj kuchaya boradi. Bu mumtoz tadqiqotlarda ta'kidlangan
jamoaviy shartnoma nazariyasining zamonaviy ko'rinishidir. Bugungi kunda mamlakatimizda ro'y
berayotgan islohotlarga nazar tashlansa quyidagi manzara ko'zga tashlanadi. Masalan, davlat
bosh islohotchi sifatida maydonga chiqar ekan, imkon qadar o'rta mulkdorlar qatlamini
shakllantirishning huquqiy va tashkiliy zaminini yaratishga intilmoqda.
- o'rta mulkdorlar qatlamining shakllanishi jamiyatda o'zinng yaratuvchilik salohiyatiga ishongan
iqtisodiy qatlamning shakllanishiga olib keladi;
- o'rta qatlamning shakllanishi bilan iqtisodiy sohada faoliyat yuritadigan fuqarolik
institutlarining roli kuchayib boradi;
- fuqarolik jamiyati institutlari bilan xususiy mulk egalari o'rtasida manfaatli hamkorlik
yo'lga qo'yiladi;
- jamiyatda mavjud, mamlakat taraqqiyoti uchun qo'llash mumkin bo'lgan, ammo qo'llanilmay
kelayotgan ko'plab imkoniyatlar fuqarolik jamiyatining rivojlanishi bilan ishga solinadi.
4.O‘rta qatlam mulkdorlar qatlami qanday shakllanadi?
4. Fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslarini yaratish uchun davlat oldida bir qator muhim
masalalarni hal etish vazifasi turibdi.
Birinchidan, mamlakatda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish barobarida qonuniy asosda
faoliyat yuritishga qodir bo'lgan o'rta mulkdorlar qatlamini shakllantirishni kuchaytirish zarur.
Sho'ro tizimini boshidan kechirgan mamlakatlarning aksariyatida, tadbirkorlik firibgarlik bilan
hamohang tushunilgan edi. Aslida bozor munosabatlari rivojlangan, ayniqsa sanoatlashgan
mamlakatlarda jamiyatga eng ko'p foyda keltiruvchi, ayni vaqtda eng durust qatlam aynan
mulkdorlar qatlami bo'lgan. Bu sharoitda davlat erkin faoliyatga sharoit yaratish bilan bir
vaqtda ularni faqat va faqat qonun doirasida ish yuritish ko'nikmasini shakllantirish kerak.
Ikkinchidan, jamiyatda erkin bozor munosabatlarini rivojlantirish barobarida ijtimoiy
tabaqalashuvning qutblashuviga yo'l qo'ymaslik ham kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish davlat
oldida turgan murakkab masalalardan biridir. Bunga borada O'zbekistonda davlat tomonidan
“kuchli ijtimoiy himoya” tamoyili muvaffaqiyatli qo'llinilib kelinmoqda.
Uchinchidan, davlat ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga mas'ul bo'lgan yagona institut
bo'lish bilan bir qatorda bosh islohotchi sifatida erkin bozor munosabatlarini ham
rivojlantirish vazifasini ham ado etishi zarur. Erkin bozor munosabatlari yangi sharoitdagi
iqtisodiy faoliyatda turli noqonuniy xatti-harakatlarga ham yo'l ochishini nazarda tutadigan
bo'lsak, davlat oldida qanchalik murakkab vazifa turganligini anglash mumkin.
To'rtinchidan, mamlakat iqtisodiy strategiyasini amalga oshirishni o'z zimmasiga olish darajasida
qudratli, ayni vaqtda fuqarolik jamiyatining negizini tashkil etadigan xususiy sektorni
shakllantirish ham davlat oldida turgan ulkan vazifalardan biridir.
Ko'rinib turganidek, fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari o'ta murakkabligi bilan turli
savollarni yuzaga keltiradi. Bu esa avvalo erkin bozor munosabatlari borasida yuzaga
keladigan munozaralarga borib taqaladi. Fuqarolik jamiyati nuqtai nazaridan bozor sharoitida
davlatning ahamiyati alohida e'tibor talab etadi.
Davlat hamisha mustaqil, qudratli institut bo'lib, kichik tadbirkorlik sub'ektlaridan tortib
yirik korxonalarga qadar bo'lgan tuzilmalarni tashkil etadi. Albatta, jamiyat va davlatning
birlamchiligi haqida gap ketganda albatta davlatning yetakchiligi e'tirof etiladi. O'tish
davrida faqat davlatgina ulkan islohotlarga bosh bo'lgan holda jamiyatda tub burilish yasashga
qodir.
Albatta, jamiyatda ro'y beradigan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar islohotlarning pishib yetishiga
sabab bo'lishi mumkin. Ammo davlat har qanday islohotni jadallashtirish yoki aksincha, unga
to'siq bo'lishi mumkin. O'zbekiston sharoitida davlat barcha sohalardagi islohotlarga boshchilik
qilmoqda. Ammo xususiy sektorni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga
qaramasdan mustaqil o'rta qatlamning shakllanib bo'lganligini e'tirof etish mushkul. Jadallik
bilan shakllanib kelayotgan o'rta mulkdorlar qatlamida uyushmalarga a'zolik madaniyati,
fuqarolik jamiyati institutlariga birlashgan holda faoliyat yuritishga qodir mustaqil kuchga
aylanganligini ta'kidlash qiyin.
Ba'zi mamlakatlarda erkin bozor iqtisodi shakllanish jarayonida davlatning ahamiyati pasayib
xususiy soha ommabop bo'la borgani sari, ijtimoiy tabaqalanish kuchaygani holda odamlarning
aksariyati butunlay xususiy sohaga o'tib ketishi ro'y berganligi kuzatilgan. Xususiy sohaning
o'ta rivojlanib ketishini fuqarolik jamiyati sifatida talqin etish noo'rin. Boshqacha aytganda,
xususiy soha qanchalik rivoj topmasin, fuqarolik jamiyati institutlariga birlashgan holda o'z
manfaatlarini davlat oldida himoya qilish ko'nikmasi shakllanmas ekan, bunday jamiyatni
fuqarolik jamiyati deyish mumkin emas. Bundan tashqari, jamiyat a'zolarida aynan bozor
qonuniyatlari negizida yangicha mohiyatga ega bo'lgan umumiy ko'nikmalar shakllanishi maqsadga
muvofiq. O'z manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyat yuritayotgan fuqaro davlat
organlari oldida o'ziga xos tarzda siyosat yuritadi. Bu ma'noda fuqaro o'zining xudbin
manfaatlari yo'lida emas, balki jamiyatda ko'pchilikni tashkil etgan xususiy mulkdorlar
manfaatlarining ifodachisi sifatida maydonga chiqadi. Bu yerda fuqaroning siyosatchiligi uning
professional ma'nodagi faoliyatidan emas, balki jamiyat manfaatlarini ifodalashga qaratilgan
fuqarolik burchidan kelib chiqadi.
Ma'lumki fuqarolik jamiyati kishilarning umumiy maqsadlari va vazifalari borasida o'zaro
munosabatga kirishishlari va bu munosabatlarni tartibga solish zaruratidan vujudga kelgan
hodisadir. U bozor qonuniyatlari tufayli ham emas, hokimiyatning buyrug'i bilan ham emas,
balki jamoatchilikning tashabbusi asosida, erkin fuqarolardan tashkil topgan turli guruh va
birlashmalarning mustaqil faoliyati natijasi sifatida pishib yetilgan. Kishilar aynan ijtimoiy
foydali faoliyat yuritish qobiliyatiga ega bo'lganliklari uchun ham fuqaro deb nomlanishadi.
Fuqarolik jamiyati rivojida so'zsiz bozorning ham, davlatning ham ahamiyati yuksak bo'lsa-da,
ularni aralashtirib yuborish maqsadga muvofiq emas. Zero davlat fuqarolik jamiyatisiz ham
mavjud bo'la oladi, biroq fuqarolik jamiyati sharoitida davlat o'zgacha ko'rinish va usullarga
ega bo'lgan institut sifatida namoyon bo'ladi.
Shundan kelib chiqqan holda ta'kidlash kerakki, bozor munosabatlariga o'tish bilan fuqarolik
jamiyatini barpo etish ikki xildagi masala bo'lib, o'z maqsad va vazifalari nuqtai nazaridan
ular bir-biriga aynan mos kelmaydi. Avtoritar boshqaruv bilan ham bozor munosabatlariga
o'tish mumkin bo'lsa, bunday boshqaruv usuli bilan fuqarolik jamiyatiga o'tish aslo mumkin emas.
Bu ikki vazifani bir-biri bilan aralashtirish iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga ham,
demokratlashtirish jarayoniga ham xalaqit beradi. Demokratik islohotlar hamda fuqarolik
jamiyatini rivojlantirishni erkin bozor munosabatlariga o'tish bilan umumlashtirish xudbinlikka
yo'g'rilgan xususiy mulkchilik hissiyoti bilan fuqarolik hissiyotini aralashtirishni anglatadi.
Aslida esa, bu masalada jiddiygina aniqlik talab etiladi. Har bir kishining xususiy mulkka
egalik qilish huquqi, ko'pgina hollarda xususiy mullka ega bo'lishgina fuqarolik jamiyatini
shakllantirishga asos bo'ladi, deya tushuniladi. Aslida esa xususiy mulkka ega bo'lmagan, ishchi
kuchidan iborat aholi jamiyatning aksariyat qismini tashkil etadi. Demak, bu borada faqatgina
xususiy mulk emas, balki mulkdor bo'lmaganlarning manfaatlarini ifoda etuvchi fuqarolik
jamiyati institutlarining mavjudligi ham fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslarini tashkil
etadi. Xususiy hayotning mutlaqlashtirilishi nafaqat fuqarolik jamiyatiga to'sqinlik qiladi,
balki avtoritar xarakterdagi boshqaruvga qaytishni taqozo qilaveradi.
Fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari erkin bozor iqtisodiyoti bilan chambarchas
bog'liqdir. Demokratik jamiyat boshqa erkinliklar barobarida o'z qonuniyatlari bilan taraqqiy
topadigan xo'jalik tizimini taqozo etadi. Faqat ana shu qonunlar asosidagina muvaffaqiyat
bilan tadbirkorlik faoliyatini yuritish mumkin. Eng muhimi yakka holda bozor qonunlariga qarshi
kurashish mushkul. Tadbirkorlarning turli xil uyushmalari, ya'ni fuqarolik jamiyati institutlari
bu masalalarni hal etishni osonlashtiradi.
Jahon tajribasining ko'rsatishicha, davlat va bozor tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan passiv
holatda bo'lishi yoki unga yetakchilik qilishi mumkin. Albatta tadbirkorlik faoliyatiga yetakchilik
qilish uchun guruhiy va uyushmaviy sharoitlar mavjud bo'lishi kerak.
Jahon tajribasida parlamentar boshqaruv bilan uyg'un holda bozor fuqarolik jamiyatining
iqtisodiy asosini muvaffaqiyatli tashkil etishi kuzatilgan. Aks holda jamiyat fuqarolik
jamiyati emas, balki boylik orttirish va yashab qolish uchun o'zaro ayovsiz raqobatga kirishgan
shaxslardan iborat qutblashgan ommaga aylanib qolishi mumkin. O'z holicha bozor har qanday
turdagi hokimiyat bilan uyg'unlashishi mumkin. Chunki bozor sharoitida fuqarolar emas, balki
moddiy mablag'larning aniq hisob-kitobi va foydani ko'paytirishni ko'zlagan kishilar harakat
qiladilar. Fuqarolik jamiyati qadriyatlari mavjud bo'lmagan jamiyatda bunday faoliyat osongina
jinoiy biznes va “qora” iqtisodiyotning manbaiga aylanishi mumkin. Muvofiqlashtirilmagan yoki
tartibga solinmaydigan bozor sharoitida ijtimoiy jihatdan tartibsizlik yoki boshboshdoqlikka
yo'l ochilishi ehtimoli mavjud.
Fuqarolik jamiyati mavjud bo'lmagan sharoitda bunday bozor davlatning qattiq nazorati
bilangina tartibga solinishi mumkin. Davlat organlarining korruptsiyaga aralashib ketishi
ehtimoli yuksakligini hisobga oladigan bo'lsak, erkin bozorning shakllanishi sharoitida ko'pgina
mansabdorlarning jinoiy to'dalar ta'siri ostida tom ma'nodagi erkin bozorni shakllantirishga
to'sqinlik qilishini kuzatish mumkin.
Ko'rinib turganidek, fuqarolik jamiyati mavjud bo'lmagan holatda bozorda beshafqat qonunlar
hukm surishi kuzatiladi. Korruptsiya domiga tortilgan davlat mansabdorlari ko'pgina hollarda
qonunbuzarliklarga qarshi kurashga bardosh bera olmay qoladi. Davlat bunday boshboshdoqlikka
qarshi kurashga intilar ekan, odatda fuqarolik institutlaridan foydalanmaydi va qaytadan
avtoritar usul hamda qog'ozbozlikka duchor bo'ladi. Bu esa bozor munosabatlarining ko'psonli
ishtirokchilarining faoliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Erkin bozor munosabatlariga o'tishda kuchli hokimiyatga tayanish zarurligi haqida fikrlar
mavjud. Kuchli hokimiyatning bozor munosabatlarini tartibga solishi turli talqinlarga ham
sabab bo'ladi. Zero, fuqarolik jamiyatida erkin bozor, siyosiy erkinliklar va demokratiya
hamda jamiyatda yuzaga keladigan muammo va mojarolarni mustaqil sudlar vositasida hal etish
nazarda tutiladi. Ma'lumki, bozorning erkinligi tabiiy ravishda yakkahokimlikka olib keladi
va o'z-o'zini boshqarish qonuniyatini buzadi. Ba'zi mamlakatlarda bozorda yakkahokimlikka
erishgan kompaniyalar davlat apparati bilan birlashgan holda fuqarolik jamiyatiga qarshi
turishgan. Natijada bunday mamlakatlarda o'tgan asrning birinchi yarmida sotsializmga nisbatan
“yumshoqroq” bo'lgan totalitar tizimlarning shakllanishi ro'y bergan (Italiya, Germaniya). O'z-
o'zini boshqarish qobiliyati kuchli bo'lgan jamiyatlarda esa davlat fuqarolik jamiyati tarafiga
o'tib, yakkahokim kompaniyalarga qarshi harakat qilgan. G'arbiy Yevropaning ko'pgina mamlakatlari
tarixidan ma'lum bo'lishicha, erkin bozor munosabatlari sharoitida ko'zga tashlangan
boshboshdoqlikka barham berish zarurati davlat tomonidan anglab yetilgan. Natijada an'anaviy
mazmundagi erkin bozor munosabatlariga barham berilgan va davlat rang-barang ijtimoiy
guruhlarning manfaatlarini himoya etish maqsadida, bozorni muvofiqlashtirish yo'liga o'tgan.
Biroq, shuni alohida ta'kidlash kerakki,davlat tomonidan tartibga solinadigan bozor
muvaffaqiyatga erishishi uchun mamlakatda ilgaridan erkin bozor munosabatlari mavjud bo'lgan
bo'lishi zarur. Boshqacha aytganda, erkin bozor munosabatlari tajribasini boshidan o'tkazmagan,
xususiy mullka asoslangan bozor sharoitida erkin raqobatga asoslangan tadbirkorlik an'ana
va ko'nikmalariga ega bo'lmagan mamlakatlarda davlat tomonidan bozor tartibga solinadigan
bo'lsa, tom ma'nodagi bozor munosabatlarini rivojlantirish mushkul bo'ladi. Bunday
mamlakatlarda tom ma'nodagi iqtisodiy elitaning shakllanishi ehtimoli juda kam bo'lib,
iqtisodiy taraqqiyot to'laligicha davlatning zimmasida qolib ketadi. Bunday sharoitda mamlakat
iqtisodiy taraqqiyotini o'z yelkasiga oladigan mulkdorlar jamiyatning aksariyatini tashkil eta
olmaydi. Uning o'rniga davlat hokimiyati tomonidan boshqariladigan o'ziga xos yarim erkin bozor
munosabatlari shakllanadi.
Shunday qilib fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asosini xususiy mulkka tayanadigan ko'p ukladli
bozor iqtisodiyoti tashkil etadi. Shunday ekan fuqarolik jamiyatini barpo etishga intilgan har
qanday mamlakatda o'rta mulkdorlar qatlamini shakllantirish jarayonini jadallashtirish zarur.
Zero, o'tish davrida davlatning zimmasida bo'lgan ko'plab vazifalarni fuqarolik jamiyati
rivojlanishi bilan aynan o'rta qatlam o'z zimmasiga oladi. Bu esa ixtiyoriy va ko'ngilli
uyushmalar yordamida rivojlanadigan, sog'lom raqobatga tayanadigan bozor qadriyatlari ustuvor
bo'lgan tom ma'nodagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga asos bo'ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |