Fuqarolik-huquqiy munosabat tushunchasi va mohiyati
Fuqarolik-huquqiy munosabat deb fuqarolik turli subyektlar o‘rtasida vujudga keladigan va fuqarolik huquqiy me’yorlar bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatga aytiladi. Fuqarolik-huquqiy munosabat ijtimoiy munosabat sifatida eng avvallo, turli subyektlar kishilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar bo‘lganligi sababli, normal munosabat bo‘lganligi sababli ushbu munosabatlar unda ishtirok etuvchi shaxslarning erk-irodasi, xohishida vujudga keladi. Fuqarolik munosabatida qatnashuvchi kishilarning erklari garchi ularning xatti-harakatlarida ifodalansa ham biroq uning mohiyati va doirasi fuqarolik qonun hujjatlarida o‘z mujassamini topadi.
Fuqarolik huquqining turli subyektlari o‘rtasida ro‘y beradigan munosabatlar huquq ta’siri ostidagi normal munosabatlar hisoblanadi va bular ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Ammo muayyan hollarda huquqiy munosabat mazmunida yotuvchi majburiyatlar ixtiyoriy ravishda amalga oshirilmaganda yoki bir subyekt tomonidan boshqa subyektga zarar yetkazish hollarda davlat tomonidan belgilangan majburiy huquqiy choralar qo‘llanilishi mumkin. Fuqarolik huquqiy munosabatlarni boshqa ijtimoiy-huquqiy munosabatlardan farq qildiruvchi muayyan xususiyatlari mavjud:
1. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarida ishtirok etuvchi shaxslar muayyan mulkiy mustaqillikka ega bo‘lishi shart;
2. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarida ishtirok etuvchilar teng huquqli shaxslar hisoblanadi;
3. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarida ishtirok etuvchilar subyektlarini huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda odatda da’vo qo‘zg‘atish orqali sudlar tomonidan himoya qilinib muhofaza qilinadi.
Har qanday boshqa ijtimoiy munosabatlar singari fuqarolik munosabatlar uchta mustaqil elementdan iborat – huquqiy munosabat sub’yeti, obyekti va mazmunidan iborat. Fuqarolik munosabatlarining subyektlari bo‘lib ushbu huquqiy munosabatda ishtirok etuvchi sha’slar – fuqarolar va boshqa tashkilotlar (yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan yoki yuridik shaxs huquqidan foydalanuvchi tuzilmalar) shuningdek, davlat bo‘lishi mumkin.
Fuqarolik munosabatida ishtirok etuvchi shaxslar fuqarolik huquq layoqotiga, ya’ni fuqarolik huquqlari va burchlariga ega bo‘lishlari, shuningdek, fuqarolik muomala layoqatiga, ya’ni o‘z xatti-harakatlari bilan o‘zlari uchun fuqarolik huquqlari majburiyatlarini vujudga keltirish layoqatiga molik bo‘lishlari shart.
Fuqarolik huquqiy munosabatning mazmunini ushbu munosabatda ishtirok etuvchi shaxslarning subyektiv huquqlarini va majburiyatlari subyektiv huquq, burch va mazmunini tashkil etadi.
Ayni paytda fuqarolik munosabatning mazmunini bunday munosabat ishtirokchilarini o‘z subyektiv huquq va majburiyatlariga muvofiq amalga oshiriladigan o‘zaro harakatlari, hulq-atvori faoliyati tashkil etadi degan nuqtayi-nazar mavjud. Bunda subyektiv huquq va burchlar huquqiy munosabatning yuridik shakli deb ko‘rsatiladi11.
Subyektiv huquq har doim muayyan, konkret subyektga tegishli bo‘ladi. Biroq subyektiv huquqlar obyektiv huquq asosida ya’ni davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan huquq normalari asosida vujudga keladi va ularga muvofiq amalga oshiriladi.
Subyektiv huquq iborasining mohiyati shundan iboratki, bu huquq har doim muayyan subyektga tegishli bo‘ladi va uni amalga oshirish ushbu huquq subyektining erki irodasi va xohishiga bog‘liq bo‘ladi. Chunki amalda subyektiv huquq sohibi o‘zining bu huquqlarini amalga oshirishi yoki amalga oshirmasligi yoxud qonunda nazarda tutilgan hollarda ushbu huquqdan voz kechishi ham mumkin.
Subyektiv huquq sohibi o‘zi bilan huquqiy munosabatga kirishgan boshqa tarafdan o‘z huquqini buzilmasligini, unga rioya qilinishini qat’i talab qilishga haqli. Masalan, badiiy asar muallifi ushbu asarga nisbatan o‘zining shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzilmasligini har kimdan talab qila oladi. Shuningdek, subyektiv huquqlar o‘z harakteriga ko‘ra mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy bo‘lishi mumkin.
Mamlakatimizda fuqarolarga va boshqa subyektlarga tegishli subyektiv huquqlar davlat tomonidan kafolatlangan huquqlardir. Davlat bu huquqlarni amalga oshirishni ta’minlash uchun nafaqat yuridik balki ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni ham yaratib beradi.
Huquqiy munosabatlar mazmunini subyektiv huquqlar bilan birgalikda fuqarolik majburiyatlar ham tashkil etadi. Majburiyatning mohiyati shundaki, unda huquq normasini talab bo‘yicha yoxud shaxsni o‘z ixtiyori asosida zimmasiga olgan burchi bo‘yicha u muayyan xatti harakatlarni qilishga yoki muayyan xatti harakatlarni qilishdan o‘zini tiyib turishga majbur bo‘ladi. Odatda, har qanday majburiyat burchli qarzdor shaxsning erkini muayyan darajada cheklaydi. Uni huquq egasini manfaatlari bilan bog‘laydi va ushbu manfaatlarga rioya qilinishiga majburlaydi. Masalan, qurilish tashkiloti tuzilgan shartnomaga muvofiq buyurtmachiga turar joy qurib berishga yoki turar joyni ta’mirlashga majbur. Buyurtmachi esa buning uchun muayyan summadagi haqni to‘lashi lozim. Subyektdan muayyan xatti harakatni amalga oshirishni talab etadigan majburiyatlar ijobiy pozitiv majburiyatlar hisoblanadi. Muayyan xatti harakatlarni sodir etishdan o‘zini tiyib turish, saqlanishni talab etadigan majburiyatlar esa salbiy – negativ majburiyatlar deb ataladi. Ba’zi mualliflar esa buni aktiv va passiv majburiyatlar deb ham atashadi.
Fuqarolik huquqiy munosabat doirasida subyektiv huquq va majburiyatlar bir biridan ayro holda mavjud bo‘lishi mumkin emas. Boshqacha aytganda subyektiv huquq va majburiyatlar yagona huquqiy munosabatning tarkibiy elementlari bo‘lib ular o‘zaro bir birlari bilan o‘zaro uzviy bog‘langandirlar. Muayyan subyektlar subyektiv huquqning mavjud bo‘lishi boshqa subyektda ushbu huquqqa yarasha majburiyat bo‘lishini anglatadi va aksincha har qanday majburiyat uni qarshisida uni bajarishni talab qilishga haqli bo‘lgan huquq egasi bo‘lishini anglatadi. Masalan ijarachi o‘zi ijaraga olgan uydan foydalanish huquqiga ega va bunda ushbu huquqni amalga oshirishga nisbatan barcha to‘sqinliklarni kim tomonidan sodir etilmasin, hatto turar joy egasi tomonidan sodir etilsa ham bartaraf etilishini talab qilishga haqli.
Fuqarolik huquqiy munosabatlarnining obyekti bo‘lib fuqarolik munosabatda ishtirok etuvchi shaxslarning subyektiv huquqlari va majburiyatlari qaratilgan ijtimoiy munosabat negizida yotuvchi moddiy va nomoddiy ne’matlar hisoblanadi. Ular jumlasiga ashyolar, mol-mulklar mulkiy huquqlar, pullar, qimmatli qog‘ozlar ishlar va xizmatlar intellektual faoliyat turli shaxsiy huquqlar hisoblanadi.
Real hayotda fuqarolik huquqi me’yorlari o‘z-o‘zidan avtomatik ravishda fuqarolik huquqiy munosabatlarni keltirib chiqarmaydi. Fuqarolik huquqiy munosabatlarni vujudga kelishi, o‘zgarishi yoki bekor bo‘lishi har doim muayyan holatlar asosida sodir bo‘ladi. Demak, huquqiy munosabatlarni vujudga keltirish, o‘zgartirish va bekor qilishga qaratilgan holatlar yuridik fakt hisoblanadi.
Fuqarolik huquqiy munosabatlar kelib chiqishi uchun huquqiy normalarda to‘g‘ridan to‘g‘ri bu haqda belgilab qo‘yilgan, shuningdek, belgilab qo‘yilmagan bo‘lsada fuqarolik qonun hujjatlarining umumiy asoslari va mazmuniga muvofiq keladigan muayyan holatlar mavjud bo‘lishi kerak. Fuqarolik huquqiy munosabatlarni keltirib chiqaradigan, o‘zgartiradigan va bekor qiladigan asoslar sifatida qabul qilinadigan yuridik faktlar turli tuman bo‘lib subyektlar erk irodasi mazmuniga ko‘ra hodisalar va harakatlar guruhlariga bo‘linishi mumkin.
FKning 8-moddasi 1-qismida ko‘rsatilishicha, fuqarolik huquqlari va burchlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslardan, shuningdek, fuqarolar hamda yuridik shaxslarning garchi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lmasada, lekin fuqarolik qonun hujjatlarining umumiy negizlari va mazmuniga ko‘ra fuqarolik huquq hamda burchlarini keltirib chiqaradigan harakatlardan vujudga keladi.
FKning 8-moddasi 2-qismida fuqarolik huquqlari va burchlari vujudga kelish asoslari sanab chiqilgan. Ulardan quyidagilardan iborat:
1) qonunda nazarda tutilgan shartnomalar va boshqa bitimlardan, shuningdek, garchi qonunda nazarda tutilmagan bo‘lsada, unga zid bo‘lmagan shartnoma va boshqa bitimlardan;
2) davlat organlari hamda fuqarolar o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining fuqarolik huquqlari va majburiyatlari vujudga kelishining asosi sifatida qonunda nazarda tutilgan hujjatlaridan;
3) sudning fuqarolik huquqlari va majburiyatlarini belgilagan qarorlaridan;
4) qonun yo‘l qo‘ygan asoslarda mol-mulk olish natijasida;
5) fan, adabiyot, san’at asarlarini yaratish, ixtirolar va boshqa intellektual faoliyat natijasida;
6) boshqa shaxsga zarar yetkazish natijasida;
7) asossiz boyib ketish natijasida;
8) fuqarolar va yuridik shaxslarning boshqa harakatlari natijasida;
9) qonun hujjatlari fuqarolik-huquqiy oqibatlar natijasida.
Ba’zi holatlarda muayyan mol-mulk yoki mulkiy huquqlarga nisbatan huquqlarni vujudga kelishi, o‘zgarishi va bekor bo‘lishi ular vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin vujudga keladi. Masalan, ko‘chmas mulklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish.
Turmushda ro‘y beradigan turli hodisalar, voqealar kishilarning erki irodasidan tashqari sodir bo‘ladigan faktlar hisoblanadi va ular qonunda nazarda tutilgan hollarda fuqarolik huquqi va majburiyatlarni vujudga kelishi uchun asos sifatida ko‘riladi. Masalan, fuqaroning 18 yoshga to‘lishi uni to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lish faktini vujudga keltiradi va u tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi shu jumladan tijorat yuridik shaxsi muassisi bo‘lishi mumkin. Do‘l yog‘ishi natijasida qishloq xo‘jaligi ekinlari zarar ko‘rsa agarda ular bunday xavf xatardan sug‘urta qilingan bo‘lsa, sug‘urta tashkilotlari yetkazilgan zararni sug‘urta shartnomasi asosida qoplashlari lozim bo‘ladi. Fuqaroning vafoti uning mol mulkiga nisbatan meros huquqini vujudga keltiradi.
Fuqarolik huquqi subyektlarini harakatlari ularni o‘z erki irodasi bo‘yicha amalga oshiriladi va ular ham yuridik faktlar sifatida qaraladi. Bu o‘rinda mexanik harakat bilan yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan harakatni farqlash lozim. Mexanik harakat masalan, shaxsning o‘tirishi, turishi, yotishi, qo‘lini qo‘tarishi, pastga tushirishi o‘z-o‘zidan yuridik oqibat vujudga keltirmaydi. Mexanik harakat bilan yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan harakat o‘rtasida aniq chegara o‘rnatish qiyin. Masalan, shaxsning o‘z ruchkasini sherigiga berishi yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan harakat bo‘lib mol-mulkdan tekin foydalanish asosi sifatida ko‘rilishi mumkin. Subyektlar harakatlar orqali masalan, oldi-sotdi, xizmat ko‘rsatish va shu kabilar orqali o‘zlari uchun maqbul yuridik faktlar oqibatida vujudga keltiradilar. Harakatlar (ko‘p holatlarda harakat faol bo‘lsada, ba’zida muayyan xulq-atvorda bo‘lish ham harakatni to‘g‘rirog‘i harakatsizlikni anglatadi va bu ham yuridik fakt sifatida qaraladi) o‘z navbatida ikki turga: huquq yo‘l qo‘ygan va huquq yo‘l qo‘ymagan xatti harakatlarga bo‘linadi.
Huquq yo‘l qo‘ygan harakatlar qonun hujjatlari bilan qat’i ta’qiqlanmagan harakatlar va harakatsizlikdan iborat. Boshqacha aytganda muayyan xulq-atvor bo‘lib hisoblanadi. Bunday xulq-atvor yoki harakatlar fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquqlari va burchlarini belgilash, o‘zgartirish va bekor qilish orqali o‘zlari uchun maqbul bo‘lgan muayyan fuqarolik huquqiy oqibatlarni vujudga keltirishga qaratiladi. Huquq yo‘l qo‘ymagan harakatlar boshqa subyektlarga zarar yetkazish va asossiz boyish va tejash holatlari hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |