Yana bir marta qaytaramiz!
1. Real eksperimentni o‘tkazishni iloji bo‘lmaganda, tadqiqotchilar xayoliy (aqliy) eksperimentga murojaat qiladilar, uning afzalliklaridan foydalanadilar.
2. Xayoliy eksperimentda tasavvur qilish kuchi bilan ongda ob’ektni modeli hosil qilinadi, model turli sharoitga qo‘yiladi, fikran unga ta’sir ko‘rsatiladi.
3. Xayoliy eksperiment o‘tkazish jarayonida tadqiqotchi fanda ishlab chiqilgan tamoyillar, qonunlar, doimiyliklar, tushunchalar va qoidalardan foydalanadi, modelni sun’iy sharoitga qo‘yib “ta’sir” ko‘rsatish jarayonida ularni (doimiyliklar va qiymatlarni) hisobga oladi. Bu aqliy eksperimentni quruq xayol, fantaziya bo‘lishidan saqlaydi.
4. Fan tarixidan ma’lumki, olimlar xayoliy eksperiment usulidan foydalanib, ob’ektning ko‘rinmas, idrok qilib bo‘lmaydigan xossalarini kashf etganlar (Galiley, Makevell, Eynshteyn N.Bor va boshqalar).
5. Samarali bilish usullaridan biri matematik eksperimentdir. Uni o‘tkazish katta harajat talab qilmaydi, qisqa vaqt ichida amalga oshiriladi. Modelning xolatini nazorat qilish murakkab muammo emas.
6. Matematik eksperiment asosini o‘rganilayotgan ob’ektning matematik modelini tuzish tashkil qiladi. Eksperimentda model parametrlari va qiymatlariga fizik yoki boshqa turdagi ma’no beriladi, u matematik qiymatlarda ifodalangan sun’iy sharoitga quyiladi.
7. Eksperiment oldiga quyilgan vazifa matematik masalaga aylantiriladi. Masala algebraik formula va topologik shakllar majmuasi bo‘lib,uning hisob va yechim algoritmlari, shartlari belgilangan bo‘ladi.
8. Eksperiment jarayonida matematik model ustida olib borilgan hisoblar natijasi qayta ishlab chiqiladi, olingan qiymatlar va raqamlar tahlil qilinadi, xulosa chiqariladi.
9. Kompyuterli eksperiment o‘zida xayoliy va matematik eksperiment, moyedllashtirish va analogiya usullarida mavjud bo‘lgan afzallik va ustun tomonlarni birlashtiradi.
10. Kompyuterli eksperimentni asosi- bu dasturda ifodalangan, aniqrog‘i unda mujassamlangan sun’iy aqldir. Dastur (sun’iy aql) ko‘rsatma, algoritm, freym va slotlardan iborat bo‘lgan tizimdir.
11. Kompyuterli eksperimentda model grafika va animatsiya yordamida turli sharoitga qo‘yiladi, ta’sir o‘tkaziladi, natija tahlil qilinadi.
12. Eksperiment qilinayotgan model freym, slot va algoritmik ko‘rsatmalardan iborat bo‘lib, uning holati va strukturasiga nazorat ostida bo‘lgan ta’sir o‘tkaziladi. Oqibatda oldin ma’lum bo‘lmagan xossa, bog‘lanish va qiymatlar aniqlanadi, olingan axborot tahlil qilinadi.
13. Kompyuterli eksperiment tabiiy, texnik va ijtimoiy-gumanitar fanlarda samarali usul sifatida keng tatbiq qilinmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |