Uchinchi guruhni maxsus ilmiy tadqiqot usullari tashkil qiladi. Barcha ilmiy yo‘nalishlarda konkret tizimlar, xossalar va qonuniyatlarni o‘rganish maqsaida juziy (maxsus) ilmiy usullar ishlab chiqiladi. Aytaylik, fizikada spektral tahlil usuli, biologiyada xromatografik tahlil va modellashtirish usuli, matematikada tenzor hisoblash usuli, madaniyatshunoslikda komparativistik tadqiqot usuli va boshqalar shular jumlasidandir.
Xulosa qilib aytganda, fanda ilmiy yutuq va samaradorlikka erishishni muhim shartini tadqiqot usulini ishlab chiqish va tatbiq qilish, fan va texnologiya taraqqiyotiga javoban usul va uslubiy yondashuvlarni yangilash tashkil qiladi.
Tadqiqot usuli fanda o‘ziga xos richag (pishang) rolini o‘ynaydi, ob’ektni yangi hislatlari va qonuniyatlarini ochish, olingan ma’lumotlarni tavsiflash, tahlil qilish, gipoteza, g‘oya va nazariyalar ishlab chiqish imkoniyatini beradi. Shu bois tadqiqot usuli masalalarini qo‘yish, ularni ishlab chiqish, samaradorligini ko‘tarish fanda ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Yana bir marta qaytaramiz!
1. Inson o‘z faoliyati samaradorligini oshirish uchun turli vosita va usullardan foydalanadi.
2. Usul-bu amaliy yoki nazariy natijaga erishish maqsadida tatbiq qilinadigan qoida, ko‘rsatma va tamoyillar tizimidir.
3. Usul biron – bir faoliyatni amalga oshirish quroli sifatida oldin jismoniy mehnat, keyinchalik aqliy faoliyat sohasida keng tatbiq qilingan.
4. Usul izlanish samaradorligini ta’minlaydigan tizimli qurol bo‘lib, ilmiy tadqiqotda belgilangan muammolarni hal qilishni muhim shartidir.
5. Izlanish ob’ekti qanchalik murakkab bo‘lsa, shunchalik takomillashgan tadqiqot usullaridan foydalanishga to‘g‘ri keladi.
6. Olimlar va faylasuflar har doim tadqiqot usuli muammolari bilan shug‘ullanishgan.
7. Tadqiqot va usul o‘rtasida uzviy bog‘lanish mavjud. Yangi ishlab chiqilgan g‘oyalar va tushunchalar keyingi tadqiqotlarda uslubiy qoida, tamoyil sifatida foydalaniladi.
8. Tadqiqot usuli ob’ektga berilgan savolga javob olish vositasidir.
9. Usulga doir mulohazalar metodologiya ilmi predmetini tashkil qiladi.
10. Fan yoki mavjud nazariyada tub o‘zgarish sodir bo‘lganda, tatbiq qilinayotgan usullar qayta ko‘rib chiqiladi, yangi tadqiqot ob’ektiga mos izlanish usuli ishlab chiqiladi. Bu ish metodologik faoliyat doirasiga kiradi.
11. Metodologiya usul, uning mohiyati va funksiyalari, usullarning ijodiy hislatlari haqidagi ta’limot bo‘lib, doimo tadqiqotchining diqqat markazida turadi.
12. Fanda sodir bo‘layotgan differensiatsiya (tarmoqlanish) va integratsiya (birlashish) jarayonlari usullar ko‘pxilligi hodisasini keltirib chiqaradi.
13. Tadqiqot usullari tasnifini bir qancha asos yoki belgi bo‘yicha amalga oshirish mumkin:
- yo‘nalishlar bo‘yicha, matematik, fizik, biologik va usullar;
- soha va darajalar bo‘yicha: tabiiy-ilmiy, ijtimoiy-gumanitar tadqiqotlar usuli;
- tatbiq qilinish miqyosi bo‘yicha : eng umumiy, umumilliy, maxsus ilmiy usullar.
Do'stlaringiz bilan baham: |