15. HUKM TAFAKKUR SHAKLI SIFATIDA.
Mantiq fanining o’rganish ob'ektini tafakkur shakllari tashkil etishi yuqorida aytib o’tildi. Hissiy bilishdan farqli ravishda tafakkurda narsa va hodisalar mohiyati, ularning umumiy, muhim xususiyatlari, ular o’rtasidagi ichki, zaruriy aloqalar, ya'ni qonuniy bog’lanishlar aks ettirilishi yuqoridagi mavzuda bayon qilib o’tildi.
Tafakkur shakli fikrning mazmunini tashkil etuvchi elementlarning bog’lanish usuli, uning tuzilishidir. Tushuncha, hukm va xulosa chiqarish tafakkurning universal shakllari bo’lib, uning asosiy tarkibiy elementlari hisoblanadi. Muhokama yuritish ana shular va ularning o’zaro aloqalarga kirishishi natijasida vujudga keladigan boshqa mantiqiy strukturalar (masalan muammo, gipoteza, nazariya, g’oya, argumentatsiya)da amalga oshadi. Muhokama yuritishda ishonchli natijalarga erishishning zaruriy shartlari qatoriga fikrning chin bo’lishi va formal jihatdan to’g’ri qurilishi kiradi. Chin fikr o’zi ifoda qilayotgan predmet va ularning xossalari va munosabatlariga muvofiq kelishi bilan izohlanadi. Fikr chin bo’lishi bilan bir qatorda formal jihatdan to’g’ri qurilishi ham mantiqiy fikr yuritishning zaruriy sharti hisoblanadi. Fikrning to’g’ri qurilishi tafakkurda hosil bo’ladigan turli xil strukturalarda, har xil mantiqiy amallarda o’z aksini topadi. Fikrning to’g’ri qurilishi tafakkur qonunlariga rioya qilish orqali amalga oshadi. Tafakkur qonunlari mazmunidan kelib chiqadigan, muhokamani to’g’ri qurish uchun zarur bo’lgan talablar fikrning aniq, ziddiyatsiz, izchil, yetarli asosga ega bo’lishidan iborat. Mazkur talablarga rioya qilmaslik muhokamaning noto’g’ri tuzilishiga sabab bo’lishi mumkin.
Tushuncha – bu predmetlarning zaruriy, muhim belgilarini aks ettiruvchi tafakkur shaklidir. Mantiqda predmet tafakkur predmeti sifatida nazarda tutiladi. Unga buyumlar (kitob, qalam), buyumlarning xossalari (issiq, sovuq), buyumlar munosabati (yaqin, uzoq), jarayonlar (o’qimoq, yozmoq) kiradi. Fikr predmetida nafaqat real mavjud bo’lgan buyumlar, balki xossa va munosabat hamda inson ongidagi g’oya, nazariya kabilar ham tushuniladi.
Predmet belgilari deb, predmetlarni bir-biridan farq qiluvchi hamda ularning bir-biriga o’xshashligini ifoda qiluvchi tomonlar, munosabatlar va xususiyatlarga aytiladi. Har bir predmet olamdagi boshqa predmetlar bilan aloqada bo’lganligi uchun o’zining ko’pgina belgilariga ega bo’ladi. Bu belgilar:
1) yakka va umumiy, 2) muhim va nomuhim, 3) zaruriy va tasodifiy, 4) ijobiy va salbiyga bo’linadi. Belgining faqat bir predmetga xos bo’lganlari yakka, bir qancha predmetlarga xos bo’lganlari umumiy belgilar hisoblanadi. Masalan: Xitoyning dunyoda aholisi soniga ko’ra eng katta davlat ekanligi yakka belgi, Osiyoda joylashgan davlat ekanligi umumiy belgi hisoblanadi.Tushunchada predmet o’zining muhim belgilari orqali fikr qilinadi, nomuhim belgilar predmetda mavjud bo’ladi, lekin uning mohiyatini ochib bermaydi. Masalan: o’simliklarning bir yillik yoki ko’p yillik ekanligi muhim belgi, kim tomonidan ekilganligi nomuhim belgi hisoblanadi. Ba'zi hollarda muhim belgilar nomuhimga, nomuhim belgilar esa muhimga aylanadi. Zaruriy belgilar predmetning mavjudligi bilan uzviy bog’liqdir va uning yo’qolishidan predmet ham mavjud bo’lmaydi. Tasodifiy belgilarning yo’qolishidan predmet o’z mohiyatini yo’qotmaydi. Avtomobilning rangi tasodifiy belgi, uning dvigatelining mavjudligi zaruriy belgi. Ma'lum xossalarning mavjud va mavjud emasligiga qarab belgilar ijobiy va salbiy belgilarga bo’linadi. Masalan: talabalarni qobiliyatli(ijobiy) va qobiliyatsizlarga (salbiy) ajratish mumkin. Tushuncha tafakkur shakli bo’lganligi uchun yuqorida aytilganidek sezgi, idrok va tasavvurdan farqli o’laroq unda predmetning yaqqol obrazi emas, balki abstrakt obrazi aks etadi. Tushuncha predmetlarning muhim belgilarini in'ikos qilishi, mohiyatini aks ettirishi bilan hissiy bilish shakllariga ko’ra borliqni chuqurroq, to’laroq ifodalaydi.
Tushuncha inson miyasida to’g’ridan-to’g’ri aks etmasdan, ma'lum bir mantiqiy usullardan foydalanish orqali hosil bo’ladi. Bu usullarga taqqoslash, analiz, sintez, abstraktsiyalash, umumlashtirish kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |