Induktiv xulosa chiqarishi
Biz avvalgi mavzuda zaruriy xulosa chiqarish bilan (deduktiv xulosa chiqarish asosida) tanishib chiqqan edik. Mantiqda ehtimoliy xulosa chiqarish ham o‘rganiladi.
Ehtimoliy xulosa chiqarish turli hil shakllarda, shu jumladan, induktiv xulosa chiqarish shaklida amalga oshishi mumkin. Ularning barchasiga xos xususiyat – xulosaning asoslardan mantiqan zaruriy ravishda kelib chiqmasligi hamda faqat ma’lum bir darajada tasdiqlanishidir. Asoslarning xulosani tasdiqlash darajasi mantiqiy ehtimollik, deb nom olgan.
Induktiv xulosa chiqarishda yakkalik, juz’iylik va umumiylikning dialektik aloqasini kuzatamiz. Ayrim faktlarni ifodalaydigan, juz’iy xarakterga ega bo‘lgan bilimlar umumiy bilimlarni hosil qilish uchun mantiqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Tajriba (eksperiment) hodisalarni o‘rganishning murakkabroq usuli bo‘lib, u bilish ob’ektiga ma’lum bir tarzda ta’sir o‘tkazishni taqozo etadi. Tajriba, albatta, avvaldan tuzilgan reja asosida, maxsus yaratilgan sharoitda, zarur asbob-uskunalardan foydalangan, kerakli mantiqiy usullarni qo‘llagan holda o‘tkaziladi.
Tajriba bilish jarayonida quyidagi qulayliklarni yaratishga imkon beradi.
O‘rganiladigan (tajriba o‘tkaziladigan) predmetlar doirasini tadqiqotchi ixtiyoriy ravishda kengaytirishi yoki toraytirishi mumkin;
Bilish ob’ektini «toza» holda, ya’ni boshqa ob’ektlar ta’siridan «ajratib» qo‘ygan holda yoki ular bilan birga bo‘lgan o‘zaro ta’sirida olib o‘rganish mumkin;
Bilish ob’ektiga ta’sir etuvchi holatlarni ixtiyoriy tarzda o‘zgartirib turish mumkin;
O‘tkazitlayotgan tajribani tezlashtirish yoki sekinlashtirish mumkin;
Natijaning chinligiga ishonch hosil qilish uchun tajribani zarur bo‘lgan miqdorda takrorlash mumkin.
Ilmiy induksiya ehtimoliy xulosa chiqarishning shunday turiki, uning asoslarida birorta belgining bir sinfga mansub predmetlarning bir qanchasida takrorlanishi qayd etilishi bilan bir qatorda, u belgining sababiy aloqasi xaqida ham ma’lumot mujassamlashgan bo‘ladi va ular xulosada berilgan predmetlar sinfiga nisbatan hosil qilingan fikrda o‘z aksini topadi.
Analogiya (grek. - moslik, o‘xshashlik) bavosita xulosa chiqarishning bir turidir. Deduktiv xulosa chiqarishda fikr umumiylikdan xususiylikka qarab, induksiyada xususiylikdan umumiylikka qarab harakatlansa, analogiyada esa bir xususiy holatdan boshqa xususiy holatga qarab harakatlanadi.
Bunda xulosa chiqarish quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi:
Qush tirik mavjudot, uning qanoti bor, u uchadi.
Inson ham tirik mavjudot, uning qanoti yo‘q, u uchmaydi.
Insonning ham qanoti bo‘lsa, u, ehtimol uchadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |