[
OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.05.00.00 Aholi / 01.05.09.00 Migratsiya (05.01.09.00 ga qarang);
2.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.01.00.00 Ishga joylash va aholi bandligi / 05.01.09.00 Mehnat migratsiyasi]
[
TSZ:
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida
So‘nggi to‘rt yil davomida xorijda ishlayotgan fuqarolarga nisbatan munosabat tubdan o‘zgarib, mehnat migrantlari bilan muloqot o‘rnatildi, ularning muammo va ehtiyojlarini o‘rganish hamda hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilindi.
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etildi, mehnat migrantlarining hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash, ularning oila a’zolari uchun ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy qilindi.
Shu bilan birga, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarning reintegratsiyasini ta’minlash, ularning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish talab etilmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi vakolatli organlarning faoliyatini takomillashtirish, xorijda ishlamoqchi bo‘lgan shaxslarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, fuqarolarning chet elda bo‘lish davrida huquqlarini himoya qilish, qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligini ta’minlash, shuningdek, ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkillashtirilgan holda xorijda ishga joylashtirish, ular bilan doimiy muloqot qilish va muammolarini tizimli hal qilishni tashkil etish, Vatanga qaytib kelganidan so‘ng ish bilan ta’minlash bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi,
Toshkent shahri, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklarining faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.
2. Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda quyidagilar uning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini chet elga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda yuborish hajmini oshirish, ushbu maqsadda vazirlik, idoralar va mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining vazifa va vakolatlari doirasini kengaytirish;
tashqi mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlar tashkilotlari va o‘zbek diasporalari bilan aloqalarni mustahkamlash;
xorijga ishlashga ketishdan oldin O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini kasb-hunarga va xorijiy tillarga o‘qitish amaliyotini samarali yo‘lga qo‘yish, ularga kasbiy malakani tasdiqlovchi xalqaro tan olinadigan sertifikatlarni berish tizimini joriy qilish;
xorijda murakkab sharoitga tushib qolgan mehnat migrantlarini moliyaviy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash amaliyotini kengaytirish, ular uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning haq-huquqlarini ta’minlashga va ko‘maklashishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularga qulay shart-sharoitlarni yaratish;
mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish, shu jumladan ularning bandligini ta’minlash, kasbiy malakasini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish.
3. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hududiy filiallari ishini tashkil etishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududiy filiallarga umumiy rahbarlik qiladi hamda ularga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishi uchun mas’ul hisoblanadi;
hududiy filial rahbarlari bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha yordamchilari hisoblanadi;
hududiy filial rahbarlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan hududiy filiallarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ularning faoliyatiga fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida malakali mutaxassislarni jalb qilish choralarini ko‘radi;
hududiy filiallar xodimlari tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi ulushini oshirish hamda mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarning bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligiga qarab moddiy rag‘batlantiriladi;
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hududiy filiallarga mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatadi, xorijiy mehnat bozori hamda salohiyatli ish beruvchilar to‘g‘risida ma’lumot beradi, xodimlarini rag‘batlantiradi va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashadi.
4. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining hududiy filiallariga quyidagi huquqlar berilsin:
xorijiy ish beruvchilar bilan kelishuvlar tuzish hamda tuzilgan kelishuvlarga asosan xorijga fuqarolarni ishga yuborish;
O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari bilan chet davlatlarda ishlayotgan mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha hamkorlik qilish;
xorijiy mamlakatlarning hududiy migratsiya va boshqa davlat organlari bilan aloqalar o‘rnatish va muzokaralar o‘tkazish;
xorijdagi vatandoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning migratsiya sohasini rivojlantirishga ajratiladigan texnik ko‘mak mablag‘lari va grantlarini jalb qilish.
5. Quyidagilar:
Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga* muvofiq;
Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga* muvofiq;
2020-2021-yillarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshiriladigan ishlarning asosiy ko‘rsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
2021-yilda xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar dasturi 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2, 3 va 5-ilovalar berilmaydi.
6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan boshlab tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijga chiqib ketayotgan shaxslar ishga yuborilishidan oldin davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitiladi, xorijiy ish beruvchining malaka talablariga javob beradigan shaxslar bundan mustasno.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4804-son qaroriga muvofiq mehnat migratsiyasiga chiqib ketayotgan shaxslarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish uchun hududlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari, mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
8. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, tasarrufida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan kollejlar va texnikumlarda mehnat migrantlari uchun qisqa muddatli kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish kurslarini 6-ilovaga muvofiq tashkil etsin;
qisqa muddatli kurslarning o‘quv dasturlarini xorijiy yirik ish beruvchilarning talablariga moslashtirsin;
xorijiy ish beruvchilar va xususiy bandlik agentliklari bilan uzviy aloqalarni o‘rnatsin hamda qisqa muddatli kurslarda ular uchun zarur bo‘lgan kasblar bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlasin;
xorijiy yirik o‘quv markazlari bilan ikki tomonlama bitim imzolasin hamda qisqa muddatli kurslar o‘qituvchilarini malaka oshirishga yuborishni tashkil etsin.
Belgilansinki, qisqa muddatli kurslarda o‘qitish xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari, ushbu maqsadlarga Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar, yangi ishchilarni kasbga tayyorlash uchun buyurtma bergan tashkilotlar mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
9. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan mehnat migrantlari uchun qisqa muddatli o‘qitish dasturlarini ishlab chiqish, metodik ta’minotni yaratish, xorijdagi yirik korxonalarning malakali mutaxassislarini va yetakchi ta’lim muassasalarining pedagog kadrlarini jalb qilish, o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’lim ustalarining pedagogik mahoratini oshirish huquqi berilsin.
10. 2021-yil 1-yanvarga qadar:
Toshkent shahar hokimligi Yaponiya ish beruvchilari bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Yapon tili va kasbiy malaka”
test markazini;
Farg‘ona viloyati hokimligi Rossiya Federatsiyasining Payvandchilik nazorati milliy agentligi bilan hamkorlikda Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida payvandchilar maktabini;
Sirdaryo viloyati hokimligi Birlashgan Arab Amirliklarining “Tadbeer” rekruting markazlari bilan hamkorlikda Guliston shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida xizmat sohasida faoliyat ko‘rsatadigan ishchilarni tayyorlash o‘quv markazini;
Namangan viloyati hokimligi viloyatdagi professional ta’lim muassasalarida davlat-xususiy sheriklik asosida “IT School” o‘quv markazlarini, Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda chet tillariga o‘qitish va xizmat sohasi bo‘yicha kasblarga tayyorlash o‘quv markazlarini tashkil qilsin.
11. Belgilansinki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila a’zosi sifatida e’tirof etilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan shaxslarga mikroqarzlar berish tartibi joriy qilinadi;
mikroqarzlar xorijda ishga joylashish (shu jumladan, yo‘l haqini to‘lash va mehnat faoliyatiga ruxsat olish) bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 10 million so‘mgacha miqdorda bir yil muddatga beriladi;
mikroqarz foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilinadi.
Bunda, mikroqarz hamda unga hisoblangan foizlar qarz oluvchining (oila a’zolarining) topshirig‘iga muvofiq ularning hisobvaraqlariga xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali kelib tushgan mablag‘lardan ushlab qolish yo‘li bilan hamda qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan boshqa usullarda to‘lanishi mumkin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bir oy muddatda manfaatdor tijorat banklari bilan mikroqarzlarni berish, ularning ta’minotiga qo‘yiladigan talablar va qaytarish tartibini nazarda tutuvchi kelishuv bitimini tuzsin.
12. 2021-yil 1-yanvardan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlariga tenglashtiriladi va unga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliqlarni to‘lash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi qo‘llaniladi.
13. Vazirlar Mahkamasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2021-yil 1-yanvarga qadar Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining pasport-viza xizmati vakolatxonasini O‘zbekiston Respublikasida ochish hamda ushbu vakolatxonada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomani (patentni) tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlarini ko‘rsatish;
2021-yil 1-iyunga
qadar Bolgariya, Latviya, Isroil, Finlyandiya, Polsha va Kanada bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mazkur davlatlardagi tashkillashtirilgan mehnat faoliyati to‘g‘risida hamkorlik bitimlarini tuzish;
2021-yil 1-yanvarga qadar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Ekaterinburg, Novosibirsk, Samara, Ufa, Chimkent va Istanbul shaharlaridagi vakolatxonalarini ochish hamda ushbu vakolatxonalar faoliyatini mazkur hududlardagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan muvofiqlashtirish choralarini ko‘rsin.
14. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining chet davlatlarda murakkab moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, mablag‘larsiz qolgan fuqarolarga to‘lanadigan bir martalik moddiy yordam miqdorini bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha ko‘paytirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
15. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi:
2021-yil 1-yanvarga qadar Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Turkiya Respublikalarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga migratsiya va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida mazkur davlatlardagi advokatlik tashkilotlari o‘rtasida ochiq tanlovni o‘tkazsin va tanlov g‘oliblari bilan bitimlar tuzsin;
uch oy muddatda mehnat migrantlariga huquqiy yordam berish bo‘yicha onlayn platformani yaratsin, xususiy sektorni jalb qilgan holda Rossiya Federatsiyasi hududini doimiy xizmat bilan qamrab oladigan “Call-markaz”ni tashkil qilsin;
advokatlik firmalari hamda “Call-markaz”ning xizmatlari qiymatini Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplasin.
16. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligining:
xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilish, ularga munosib ish topib berish va boshqa yo‘nalishlarda yaqindan yordam ko‘rsatib kelayotgan shaxslarni diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarining “faxriy konsuli” hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining “jamoat maslahatchisi” etib tayinlash;
“faxriy konsul” va “jamoat maslahatchi”larini davlat mukofotlari bilan taqdirlash va ularga faxriy unvonlar berish amaliyotini joriy qilish;
diplomatik
vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari huzurida xorijdagi vatandoshlar, ish beruvchilar hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga muntazam ravishda yordam ko‘rsatib kelayotgan boshqa shaxslar ishtirokidagi Maslahat kengashlarini tashkil etish;
Maslahat kengashlari tomonidan xorijiy davlatlarda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muammolarini hal qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, xorijiy ekspertlar ishtirokida davra suhbatlarini o‘tkazish, mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba almashish;
xorijdagi vatandoshlar tashkilotlari, ish beruvchilar va Maslahat kengashlarining “labor migration” dasturiy majmuasidan foydalanish imkoniyatlarini oshirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
17. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila a’zosi sifatida e’tirof etilgan va xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib, qaytib kelgan shaxslarga:
a) Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi xarajatlarni qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorida subsidiya to‘lanadi:
yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan yoki kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan vaqtdan boshlab birinchi uch oy davomida ijaraga olingan bino va inshootlarning ijara haqini to‘lash;
tadbirkorlik asoslari va moliyaviy savodxonlikka o‘qish;
kredit olishda ta’minot sifatida taqdim etiladigan sug‘urta polisi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
b) Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha kredit foizi stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,75 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi kompensatsiya qilinadi.
(17-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-dekabrdagi PF-34-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 06/21/34/1164-son)
18. Moliya vazirligi 2021-yil va keyingi yillar uchun Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda mazkur qarorning 11 va 17-bandlarida belgilangan choralarni amalga oshirish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga zarur mablag‘lar ajratishni nazarda tutsin.
19. Belgilab qo‘yilsinki, tuman va shahar sektor rahbarlari, mahalla raislari va mehnat inspektorlari xorijga ishlash uchun ketgan fuqarolar oila a’zolarining:
holidan muntazam xabar olib, muammolari va ehtiyojlarini aniqlaydi hamda ularni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatadi;
moddiy va ijtimoiy holatini yaxshilash, ularga zarur tibbiy patronaj xizmatini ko‘rsatish, ipoteka kreditlari
asosida uy-joylar ajratish, farzandlarining ta’lim olishidagi muammolarini hal qilish, mehnatga layoqatli a’zolarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadi.
Tuman va shahar sektor rahbarlari mazkur bandda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining tashqi mehnat migratsiya masalalari bo‘yicha yordamchisiga har oyda bir marta axborot berib borsin.
20. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
bir hafta muddatda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish imkonini beruvchi uzluksiz ishlaydigan “1282” qisqa raqamli ishonch telefonini tashkil etsin;
rivojlangan davlatlardan taklif etilgan ish beruvchilar, malakali mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida xalqaro mehnat yarmarkalari, konferensiya va seminarlarni o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
21. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida:
a) quyidagilar:
xorijiy mamlakatlarda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi va shartlari, chet davlatlarning mehnat va migratsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, mehnat bozorida mavjud bo‘lgan talab yuqori bo‘lgan kasblar, mazkur kasblarga o‘qitadigan ta’lim muassasalari to‘g‘risida;
viloyat, tuman (shahar) hokimliklari va sektorlar, mahalla va mehnat organlari, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan mehnat migratsiyasi sohasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, chet mamlakatlarda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan shaxslarga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida maxsus dastur va lavhalarni efirga uzatib borsin;
b) ushbu qarorning maqsad va vazifalari keng miqyosda yoritilishini ta’minlasin hamda O‘zbekiston
telekanallarining Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va boshqa davlatlarda efirga uzatish qamrovini yanada kengaytirsin.
22. Mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E. Muxitdinov — Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini amalga oshirish va yanada takomillashtirish, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi ulushini tubdan oshirish, respublikadan tashqariga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligini ta’minlash choralarini ko‘rsin;
tashqi ishlar vaziri A. Kamilov — O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va konsullik muassasalarining mehnat migrantlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqot o‘rnatish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyati samaradorligini oshirsin hamda mazkur jarayonga xorijdagi vatandoshlar tashkilotlarini jalb qilsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari — Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hududiy filiallarining faoliyatini lozim darajada tashkil qilsin, mehnat migrantlari hamda ular oila a’zolarining uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash, moliyaviy yordam berish, hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin;
Bosh vazir maslahatchisi — Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti boshlig‘i M. Xayriddinov — fuqarolarni tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga yuborish maqsadida dastlabki kasbiy tayyorgarlik, moslashuv tadbirlarini amalga oshirish, mehnat migrantlarini xorijda ishga joylashtirish, ularga, shu jumladan o‘z Vataniga qaytib kelganidan so‘ng huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish jarayonlarini muvofiqlashtirib borsin;
Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J. Qo‘chqorov — mazkur qarorda nazarda tutilgan moliyaviy mexanizmlarni to‘liq joriy etish, mehnat migrantlarining pensiya va kredit olish masalalarini hal qilish bo‘yicha ishlarni
muvofiqlashtirib borsin, shuningdek, ushbu maqsadda ajratilayotgan mablag‘larning manzilli sarflanishini ta’minlasin;
Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov — hukumatlararo komissiyalar doirasida mehnat migratsiyasida bo‘lgan shaxslarga mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ushbu masalalar bo‘yicha xalqaro bitim va kelishuvlarga erishishga doir ishlarni muvofiqlashtirib borsin.
23. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3839-son qarorida:
1-bandning to‘rtinchi xatboshisidagi “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi)” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparatining tarkibiy bo‘linmasi (bo‘linmalari)” so‘zlari bilan almashtirilsin;
2-bandning sakkizinchi xatboshisidagi “Agentlikning” so‘zi “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik)” so‘zlari bilan almashtirilsin.
24. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
25. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Qabul qilingan chora-tadbirlar natijadorligi to‘g‘risida 2020-yil 1-dekabr hamda 2021-yil 1-iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-sentabr,
PQ-4829-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-sentabrdagi PQ-4829-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-sentabrdagi PQ-4829-son qaroriga
4-ILOVA
2020-2021-yillarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshiriladigan ishlarning asosiy ko‘rsatkichlari