Xo‘jalik birlashmalari tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan, Adliya vazirligi va Va�irlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligini o‘rganadi, natijasi bo‘yicha:
a) topshiriq bajarilgan bo‘lsa — “Ijro.gov.uz” tizimida topshiriqni nazoratdan yechadi;
b) topshiriq bajarilmagan bo‘lsa yoki zarur tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa — ularni qayta ishlashga mas’ul ijrochiga jo‘natadi.
3 kun muddatda, qo‘shimcha o‘rganish talab etilganda 5 kun muddatda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qaroriga
6-ILOVA
“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi
VAQTINChALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi (keyingi o‘rinlarda — “Ijro.gov.uz” tizimi) orqali qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari (keyingi o‘rinlarda — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar) ijrosini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. “Ijro.gov.uz” tizimida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar o‘z vaqtida ijro etilishining nazoratini olib borish va “Ijro.gov.uz” tizimini yuritish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
operator — “Ijro.gov.uz” tizimini davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari faoliyatiga joriy qilish uchun javobgar bo‘lgan, shuningdek, uning uzluksiz ishlashi va axborot xavfsizligini ta’minlovchi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi “UNICON.UZ” fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi” davlat unitar korxonasi ta’sischiligidagi “UNICON-SOFT” mas’uliyati cheklangan jamiyati;
mas’ul ijrochilar — davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari;
“Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchilari — “Ijro.gov.uz” tizimini qo‘llagan holda o‘z lavozim majburiyatlari doirasida harakatlanayotgan mas’ul ijrochilar rahbarlari va xodimlari.
4. “Ijro.gov.uz” tizimida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning elektron nusxalarini Adliya vazirligiga yuboradi;
ikkinchi bosqich — Adliya vazirligi “Ijro.gov.uz” tizimiga nazoratga olinadigan topshiriqlarni kiritadi, mazkur topshiriqlardan kelib chiqqan holda mas’ul ijrochilar va bajarish muddatlarini belgilaydi. Bunda, Vazirlar Mahkamasi Hukumat tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bo‘yicha o‘zining apparatida topshiriqlardan kelib chiqqan holda mas’ul ijrochini, zarur bo‘lganda, vazirlik va idoralarni belgilaydi hamda topshiriqlarni nazoratga oladi;
uchinchi bosqich — mas’ul ijrochilar qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi va bu haqda “Ijro.gov.uz” tizimiga belgilangan shakldagi ma’lumotlarni kiritadi;
to‘rtinchi bosqich — Adliya vazirligi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ul ijrochilar tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, ularni tasdiqlaydi yoki mas’ul ijrochiga qayta ishlashga jo‘natadi;
beshinchi bosqich — Vazirlar Mahkamasi “Ijro.gov.uz” tizimida Hukumat tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan kiritilgan hamda Adliya vazirligi tomonidan tekshirilgan ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, ularni tasdiqlaydi yoki mas’ul ijrochiga qayta ishlashga jo‘natadi;
oltinchi bosqich — Hisob palatasi “Ijro.gov.uz” tizimida mas’ul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi va Hukumat tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, ularni nazoratdan yechadi yoki mas’ul ijrochiga qayta ishlashga jo‘natadi;
yettinchi bosqich — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, shuningdek, zarurat bo‘lganda, nazoratdan yechilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni qayta nazoratga qo‘yadi, ularning ayrimlarini alohida nazoratga oladi (nazoratdan faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan yechiladi).
5. “Ijro.gov.uz” tizimi orqali qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini tashkil etish ushbu Nizomga 1 va 2-ilovalardagi namunalarga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. “Ijro.gov.uz” tizimida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini tashkil etish
1-§. Adliya vazirligi tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini tashkil etish
a) Adliya vazirligi markaziy apparati
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan yuborilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar kelib tushgan vaqtdan boshlab 30 daqiqa mobaynida Adliya vazirligi mas’ul xodimi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda Adliya vazirligi rahbariyatiga axborot beriladi.
7. Adliya vazirligi rahbariyati qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarini nazorat qilish boshqarmasiga (keyingi o‘rinlarda — Nazorat qilish boshqarmasi) tegishli topshiriq beradi.
8. Nazorat qilish boshqarmasi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda nazarda tutilgan mas’ul ijrochilar va ularni bajarish muddatlarini aniq ko‘rsatgan holda bir kun muddatda “Ijro.gov.uz” tizimiga nazorat topshiriqlarini kiritadi.
9. Nazorat qilish boshqarmasi quyidagi hollarda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni nazoratga olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga (keyingi o‘rinlarda — Adliya vazirligi hududiy bo‘linmalari) “Ijro.gov.uz” tizimi orqali yuboradi:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman (shahar) hokimliklari, davlat organlari va tashkilotlari hamda xo‘jalik birlashmalarining hududiy bo‘linmalari qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri mas’ul ijrochi etib belgilanganda;
b) qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar Vazirlar Mahkamasi yoki davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparati tomonidan tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman (shahar) hokimliklariga, davlat organlari va tashkilotlari hamda xo‘jalik birlashmalarining hududiy bo‘linmalariga ijro uchun yuborilganda.
10. Ijro muddati yaqinlashgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bo‘yicha mas’ul ijrochilarga topshiriq muddati tugashidan o‘n kun oldin “Ijro.gov.uz” tizimida avtomatik ravishda eslatmalar yuboriladi.
11. Nazorat qilish boshqarmasi “Ijro.gov.uz” tizimi orqali qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilishining muntazam monitoringini amalga oshiradi va mas’ul ijrochilarga topshiriqlarni bajarishda huquqiy-uslubiy jihatdan ko‘maklashadi.
b) Adliya vazirligi hududiy bo‘linmalari
12. Ushbu Nizomning 9-bandida belgilangan hollarda Nazorat qilish boshqarmasi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan nazorat topshiriqlari bir vaqtning o‘zida “Ijro.gov.uz” tizimi orqali avtomatik tarzda Adliya vazirligi hududiy bo‘linmalariga nazorat uchun yuboriladi.
13. Adliya vazirligi tomonidan yuborilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar kelib tushgan vaqtdan boshlab 30 daqiqa mobaynida Adliya vazirligi hududiy bo‘linmasi mas’ul xodimi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda Adliya vazirligi hududiy bo‘linmasi boshlig‘iga axborot beriladi.
14. Adliya vazirligi hududiy bo‘linmasi boshlig‘i qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni nazoratga olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish bo‘limiga (keyingi o‘rinlarda — Nazorat qilish bo‘limi) topshiriq beradi.
15. Nazorat qilish bo‘limi bir kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni nazoratga oladi hamda ularning ijrosini “Ijro.gov.uz” tizimida doimiy ravishda monitoring va tahlil qilib boradi.
16. Nazorat qilish bo‘limi mas’ul ijrochilar tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimiga topshiriq ijrosi bo‘yicha kiritilgan ma’lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligini, shu jumladan, amaliy natijalarni ko‘zdan kechirish maqsadida joylarga chiqish orqali tekshiradi hamda Nazorat qilish boshqarmasiga bir kun muddatda axborot taqdim etadi.
17. Nazorat qilish bo‘limi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlashda mas’ul ijrochilarga huquqiy-uslubiy jihatdan ko‘maklashadi.
18. Nazorat qilish bo‘limi qonunchilik hujjatlari va topshiriqning ijro muddati tugashidan o‘n kun oldin topshiriqning ijro holati to‘g‘risida Nazorat qilish boshqarmasiga axborot beradi.
19. Nazorat qilish bo‘limi bajarilmagan va muddati kechiktirilib bajarilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar tahlili va hisobini yuritadi hamda natijasi bo‘yicha umumlashtirilgan axborotni har oy yakunida Nazorat qilish boshqarmasiga taqdim qilib boradi.
2-§. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini tashkil etish
a) Davlat organlari va tashkilotlari markaziy apparati
20. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar kelib tushgan vaqtdan boshlab 30 daqiqa mobaynida davlat organlari va tashkilotlari markaziy apparati mas’ul xodimi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda rahbariyatga axborot beriladi.
21. Davlat organlari va tashkilotlari rahbariyati bir kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ul tarkibiy bo‘linma — mas’ul ijrochini belgilaydi va ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriq beradi.
22. Mas’ul ijrochi uch kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha nazorat rejasini tayyorlaydi, rahbariyatga tasdiqlatadi va ijroga qaratadi.
Mas’ul ijrochi, zaruratga ko‘ra, rahbariyatga axborot bergan holda hududiy bo‘linmalar yoki tizim tashkilotlariga amalga oshirish mexanizmi hamda bajarish muddatlarini aniq belgilangan holda topshiriqni yuboradi. Bunda, markaziy apparat mas’ul ijrochisi hududiy bo‘linmalar tomonidan topshiriq bajarilishini qat’iy nazoratga olishi va ijrosini ta’minlashda ko‘maklashishi zarur.
23. Mas’ul ijrochi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan, rahbar (istisno hollarda — uning birinchi o‘rinbosari) tomonidan imzolangan belgilangan shakldagi ma’lumotni, zarur tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritadi.
Agar “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlar Adliya vazirligi tomonidan e’tirozlar bilan qayta ishlashga yuborilsa, mas’ul ijrochi bu haqda rahbariyatga axborot beradi, kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etadi va tegishli ma’lumotlarni “Ijro.gov.uz” tizimiga qaytadan kiritadi.
24. Nazorat va ijro intizomini ta’minlash vazifasi yuklangan tarkibiy bo‘linma:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar mas’ul ijrochi tomonidan o‘z vaqtida bajarilishi va natijasi bo‘yicha belgilangan shakldagi ma’lumotlar “Ijro.gov.uz” tizimiga to‘liq va haqqoniy kiritilishini nazoratga oladi;
agar topshiriq ijrosi bo‘yicha “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlar Adliya vazirligi tomonidan e’tirozlar bilan qayta ishlashga yuborilsa, mas’ul ijrochi tomonidan kamchiliklar zudlik bilan bartaraf etilishi va tegishli ma’lumotlar tasdiqlash uchun “Ijro.gov.uz” tizimiga qaytadan kiritilishini nazoratga oladi.
25. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati:
har hafta juma kuni — rahbarning birinchi o‘rinbosari huzurida;
har hafta dushanba kuni — rahbar huzurida;
har oyda — hay’at majlislarida muhokama qilinadi.
Bunda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni to‘liq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini ta’minlamagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik masalalari ko‘rib chiqiladi.
b) Davlat organlari va tashkilotlarining hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlari
26. Davlat organlari va tashkilotlari markaziy apparatidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar hamda ular bo‘yicha nazorat rejalari kelib tushgan vaqtdan boshlab 30 daqiqa mobaynida davlat organlari va tashkilotlari hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlari mas’ul xodimi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi va rahbariyatga axborot beriladi.
27. Hududiy bo‘linmalar rahbariyati bir kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ul tarkibiy bo‘linma — mas’ul ijrochini belgilaydi va ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriq beradi.
28. Mas’ul ijrochi uch kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha nazorat rejasini tayyorlaydi, rahbariyatga tasdiqlatadi va ijroga qaratadi.
29. Mas’ul ijrochi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan, rahbar (istisno hollarda — uning birinchi o‘rinbosari) tomonidan imzolangan belgilangan shakldagi ma’lumotni, zarur tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga “Ijro.gov.uz” tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatiga kiritadi.
30. Nazorat va ijro intizomini ta’minlash vazifasi yuklangan tarkibiy bo‘linma qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar mas’ul ijrochi tomonidan o‘z vaqtida bajarilishi va natijasi bo‘yicha belgilangan shakldagi ma’lumotlar, zarur tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga “Ijro.gov.uz” tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatiga o‘z vaqtida taqdim etilishini nazoratga oladi.
31. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati:
har hafta juma kuni — rahbarning birinchi o‘rinbosari huzurida;
har hafta dushanba kuni — rahbar huzurida muhokama qilinadi.
Bunda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni to‘liq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini ta’minlamagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik masalalari ko‘rib chiqiladi.
3-§. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini tashkil etish
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
32. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar kelib tushgan vaqtdan boshlab 30 daqiqa mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari (keyingi o‘rinlarda — viloyat hokimliklari) mas’ul xodimi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda rahbariyatga axborot beriladi.
33. Viloyat hokimligi rahbariyati bir kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ul tarkibiy bo‘linma — mas’ul ijrochini belgilaydi va ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriq beradi.
34. Mas’ul ijrochi uch kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha nazorat rejasini tayyorlaydi, rahbariyatga tasdiqlatadi va ijroga qaratadi.
Mas’ul ijrochi, zaruratga ko‘ra, rahbariyatga axborot bergan holda tuman (shahar) hokimliklariga amalga oshirish mexanizmi hamda bajarish muddatlarini aniq belgilagan holda topshiriqni yuboradi. Bunda, viloyat hokimligi mas’ul ijrochisi tuman (shahar) hokimligi tomonidan topshiriq bajarilishini qat’iy nazoratga olishi va ijrosini ta’minlashda ko‘maklashishi zarur.
35. Mas’ul ijrochi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan, rahbar (istisno hollarda — uning birinchi o‘rinbosari) tomonidan imzolangan belgilangan shakldagi ma’lumotni, zarur tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritadi.
Agar “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlar Adliya vazirligi tomonidan e’tirozlar bilan qayta ishlashga yuborilsa, mas’ul ijrochi bu haqda rahbariyatga axborot beradi, kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etadi va tegishli ma’lumotlarni “Ijro.gov.uz” tizimiga qaytadan kiritadi.
36. Nazorat va ijro intizomini ta’minlash vazifasi yuklangan tarkibiy bo‘linma:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar mas’ul ijrochi tomonidan o‘z vaqtida bajarilishi va natijasi bo‘yicha belgilangan shakldagi ma’lumotlar “Ijro.gov.uz” tizimiga to‘liq va haqqoniy kiritilishini nazoratga oladi;
agar topshiriq ijrosi bo‘yicha “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlar Adliya vazirligi tomonidan e’tirozlar bilan qayta ishlashga yuborilsa, mas’ul ijrochi tomonidan kamchiliklar zudlik bilan bartaraf etilishi va tegishli ma’lumotlar tasdiqlash uchun “Ijro.gov.uz” tizimiga qaytadan kiritilishini nazoratga oladi.
37. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati:
har hafta juma kuni — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari huzurida;
har hafta dushanba kuni — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi huzurida;
har oyda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari yig‘ilishida muhokama qilinadi.
Bunda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni to‘liq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini ta’minlamagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik masalalari ko‘rib chiqiladi.
b) tuman (shahar) hokimliklari
38. Viloyat hokimligidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar hamda ular bo‘yicha nazorat rejalari kelib tushgan vaqtdan boshlab 30 daqiqa mobaynida tuman (shahar) hokimligi mas’ul xodimi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi va rahbariyatga axborot beriladi.
39. Tuman (shahar) hokimligi rahbariyati bir kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ul tarkibiy bo‘linma — mas’ul ijrochini belgilaydi va ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriq beradi.
40. Mas’ul ijrochi uch kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha nazorat rejasini tayyorlaydi, rahbariyatga tasdiqlatadi va ijroga qaratadi.
41. Mas’ul ijrochi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan, rahbar (istisno hollarda — uning birinchi o‘rinbosari) tomonidan imzolangan belgilangan shakldagi ma’lumotni, zarur tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga “Ijro.gov.uz” tizimi orqali viloyat hokimligiga kiritadi.
42. Nazorat va ijro intizomini ta’minlash vazifasi yuklangan tarkibiy bo‘linma qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar mas’ul ijrochi tomonidan o‘z vaqtida bajarilishi va natijasi bo‘yicha belgilangan shakldagi ma’lumotlar, zarur tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga “Ijro.gov.uz” tizimi orqali viloyat hokimligiga o‘z vaqtida taqdim etilishini nazoratga oladi.
43. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati:
har hafta juma kuni — hokimning birinchi o‘rinbosari huzurida;
har hafta dushanba kuni — hokim huzurida;
har oyda — xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari yig‘ilishida muhokama qilinadi.
Bunda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni to‘liq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini ta’minlamagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik masalalari ko‘rib chiqiladi.
4-§. Xo‘jalik birlashmalari tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini tashkil etish
a) Xo‘jalik birlashmalari markaziy apparati
44. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar kelib tushgan vaqtdan boshlab 30 daqiqa mobaynida xo‘jalik birlashmasi markaziy apparati mas’ul xodimi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda rahbariyatga axborot beriladi.
45. Xo‘jalik birlashmalari rahbariyati bir kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ul tarkibiy bo‘linma — mas’ul ijrochini belgilaydi va ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriq beradi.
46. Mas’ul ijrochi uch kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha nazorat rejasini tayyorlaydi, rahbariyatga tasdiqlatadi va ijroga qaratadi.
Mas’ul ijrochi, zaruratga ko‘ra, rahbariyatga axborot bergan holda hududiy bo‘linmalarga amalga oshirish mexanizmi hamda bajarish muddatlarini aniq belgilangan holda topshiriqni yuboradi. Bunda, markaziy apparat mas’ul ijrochisi hududiy bo‘linmalar tomonidan topshiriq bajarilishini qat’iy nazoratga olishi va ijrosini ta’minlashda ko‘maklashishi zarur.
47. Mas’ul ijrochi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan, rahbar (istisno hollarda — uning birinchi o‘rinbosari) tomonidan imzolangan belgilangan shakldagi ma’lumotni, zarur tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritadi.
Agar “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlar Adliya vazirligi tomonidan e’tirozlar bilan qayta ishlashga yuborilsa, mas’ul ijrochi bu haqda rahbariyatga axborot beradi, kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etadi va tegishli ma’lumotlarni “Ijro.gov.uz” tizimiga qaytadan kiritadi.
48. Nazorat va ijro intizomini ta’minlash vazifasi yuklangan tarkibiy bo‘linma:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar mas’ul ijrochi tomonidan o‘z vaqtida bajarilishi va natijasi bo‘yicha belgilangan shakldagi ma’lumotlar “Ijro.gov.uz” tizimiga to‘liq va haqqoniy kiritilishini nazoratga oladi;
agar topshiriq ijrosi bo‘yicha “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlar Adliya vazirligi tomonidan e’tirozlar bilan qayta ishlashga yuborilsa, mas’ul ijrochi tomonidan kamchiliklar zudlik bilan bartaraf etilishi va tegishli ma’lumotlar tasdiqlash uchun “Ijro.gov.uz” tizimiga qaytadan kiritilishini nazoratga oladi.
49. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati:
har hafta juma kuni — rahbarning birinchi o‘rinbosari huzurida;
har hafta dushanba kuni — rahbar huzurida;
har oyda — xo‘jalik birlashmalari boshqaruv organi majlislarida muhokama qilinadi.
50. Bunda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni to‘liq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini ta’minlamagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik masalalari ko‘rib chiqiladi.
b) Xo‘jalik birlashmalarining hududiy bo‘linmalari
51. Xo‘jalik birlashmalari markaziy apparatidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar hamda ular bo‘yicha nazorat rejalari kelib tushgan vaqtdan boshlab 30 daqiqa mobaynida xo‘jalik birlashmalari hududiy bo‘linmalari mas’ul xodimi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi va rahbariyatga axborot beriladi.
52. Hududiy bo‘linmalar rahbariyati bir kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ul tarkibiy bo‘linma — mas’ul ijrochini belgilaydi va ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriq beradi.
53. Mas’ul ijrochi uch kun muddatda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha nazorat rejasini tayyorlaydi, rahbariyatga tasdiqlatadi va ijroga qaratadi.
54. Mas’ul ijrochi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan, rahbar (istisno hollarda — uning birinchi o‘rinbosari) tomonidan imzolangan ma’lumotni, zarur tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga belgilangan shaklda “Ijro.gov.uz” tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatiga kiritadi.
55. Nazorat va ijro intizomini ta’minlash vazifasi yuklangan tarkibiy bo‘linma qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar mas’ul ijrochi tomonidan o‘z vaqtida bajarilishi va natijasi bo‘yicha belgilangan shakldagi ma’lumotlar, zarur tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga “Ijro.gov.uz” tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatiga o‘z vaqtida taqdim etilishini nazoratga oladi.
56. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati:
har hafta juma kuni — rahbarning birinchi o‘rinbosari huzurida;
har hafta dushanba kuni — rahbar huzurida muhokama qilinadi.
57. Bunda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni to‘liq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini ta’minlamagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik masalalari ko‘rib chiqiladi.
5-§. Vazirlar Mahkamasi bevosita mas’ul bo‘lgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini tashkil etish
58. Vazirlar Mahkamasi apparatining tegishli tarkibiy bo‘linmasi Hukumat bevosita mas’ul etib belgilangan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar kelib tushgan kunning o‘zida Bosh vazir topshirig‘i loyihasini yoki nazorat rejalarini tayyorlaydi, tegishli tarkibiy bo‘linmalar hamda Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi bilan kelishadi.
59. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini tashkil etish bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan Bosh vazir topshirig‘i yoki nazorat rejalari Vazirlar Mahkamasi apparatining tegishli tarkibiy bo‘linmasi tomonidan mas’ul davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalariga yuboriladi.
60. Vazirlar Mahkamasi Nazorat va ijro intizomi bo‘limi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bo‘yicha tasdiqlangan Bosh vazir topshirig‘i yoki nazorat rejalar asosida Vazirlar Mahkamasi apparatidan mas’ul ijrochi hamda vazirlik va idoralarni “Ijro.gov.uz” tizimida belgilaydi va nazoratga oladi.
Bunda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bo‘yicha mas’ul ijrochilar — Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy bo‘linmasi hamda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari “Ijro.gov.uz” tizimida avtomatik tarzda Adliya vazirligi va Hisob palatasida aks etadi.
61. Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy bo‘linmasi vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuborilgan topshiriqlar ijrosini tashkil qiladi va ijrosini nazorat qiladi.
62. Vazirlar Mahkamasi Nazorat va ijro intizomi bo‘limi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar mas’ul davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan ijro etilishining nazorati Adliya vazirligi tomonidan umumiy tartibda amalga oshiriladi.
3-bob. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning bajarilishini nazorat qilish
1-§. Adliya vazirligi tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilishining nazorat qilinishi
63. Adliya vazirligi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilishini doimiy tahlil qilib boradi va nazorat qiladi.
64. “Ijro.gov.uz” tizimiga mas’ul ijrochi tomonidan kiritiladigan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar quyidagi asosiy talablarga javob berishi lozim:
davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalarining birinchi rahbarlari (istisno hollarda — ularning birinchi o‘rinbosarlari) tomonidan imzolangan bo‘lishi;
ushbu Nizomga 3-ilovadagi namunaviy shaklga muvofiq to‘ldirilgan bo‘lishi;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini tasdiqlovchi hujjatlar PDF formatida, amaliy natijalarni aks ettirish imkoniyati mavjud bo‘lgan hollarda — ularni ifoda etuvchi boshqa formatlardagi ma’lumotlar ilova qilingan bo‘lishi.
65. Mas’ul ijrochilar nazorat topshiriqlarini bajarish muddatlari yaqinlashgani yoki kechiktirilgani to‘g‘risida “Ijro.gov.uz” tizimidagi ogohlantiruvchi xabarlar orqali avtomatik ravishda muntazam xabardor qilinadi.
66. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ul ijrochilar tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlar Nazorat qilish boshqarmasi tomonidan bir kun muddatda (qo‘shimcha o‘rganish talab etilganda — besh kun muddatda) tahlil qilinadi. Tahlil qilish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
ma’lumotlar va ilova qilingan tasdiqlovchi hujjatlarning to‘liqligini o‘rganish;
ma’lumotlarning haqqoniyligini tekshirish zarurati mavjud bo‘lgan hollarda joyiga chiqqan holda o‘rganish;
tor ixtisosliklar bo‘yicha kiritilgan ma’lumotlarni (bajarilgan ishlarni) sohaga oid tashkilotlarga so‘rovlar yuborish orqali yoki mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘rganish;
ma’lumotlarda noaniqliklar mavjud bo‘lgan taqdirda mas’ul ijrochidan yozma yoki og‘zaki tushuntirishlar olish.
67. Tahlil jarayonida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro etilishi bo‘yicha “Ijro.gov.uz” tizimi orqali kiritilgan ma’lumotlarga quyidagi mezonlar asosida baho beriladi:
qonuniylik — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda nazarda tutilgan ma’muriy tartib-taomillar va qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilganligi;
dolzarblik — olib borilayotgan davlat siyosati, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatiga mosligi;
to‘liqlik — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bilan ko‘zlangan maqsadlarga — ko‘rsatkichlarga erishilganligi (soni, miqdori, hajmi va boshqa ko‘rsatkichlar);
haqqoniylik — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi natijalari bo‘yicha “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlarning amalda qilingan ishlar bilan o‘zaro muvofiqligi;
mas’uliyatlilik — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash borasida mas’ul ijrochilar tomonidan o‘z vakolati doirasida barcha zaruriy choralar ko‘rilganligi.
68. Ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan hollarda hamda Nazorat qilish boshqarmasi topshirig‘iga muvofiq qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha bajarilgan ishlarni tahlil qilish Nazorat qilish bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, Nazorat qilish bo‘limlari tomonidan o‘rganish natijalari bo‘yicha axborot (zarur asoslovchi hujjatlar bilan) “Ijro.gov.uz” tizimi orqali Nazorat qilish boshqarmasiga kiritiladi.
69. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha kiritilgan ma’lumotlar tahlili natijasiga ko‘ra, Nazorat qilish boshqarmasi:
topshiriq bajarilgan bo‘lsa — mas’ul ijrochi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlarni tasdiqlaydi;
topshiriq bajarilmagan bo‘lsa yoki zarur tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa — ularni qayta ishlash uchun mas’ul ijrochiga yuboradi.
70. “Ijro.gov.uz” tizimiga zarur ma’lumotlarni o‘z vaqtida kiritmagan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritgan mas’ul ijrochilarga Adliya vazirligi tomonidan mazkur kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatmalar kiritiladi.
Adliya vazirligi ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarmagan mas’ul ijrochilarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlik choralari qo‘llaniladi.
71. Adliya vazirligi har oy yakuni bo‘yicha mas’ul ijrochilarning qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlash borasidagi faoliyatini ushbu Nizomga 4-ilovadagi ko‘rsatkichlarga muvofiq baholab boradi.
2-§. Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilishining nazorat qilinishi
72. Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy bo‘linmalari Hukumat tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilishini “Ijro.gov.uz” tizimi orqali nazorat qiladi.
73. Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy bo‘linmalari quyidagi tartibda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etadi:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bo‘yicha Bosh vazirning tegishli topshirig‘i loyihasini tayyorlaydi, tegishli tarkibiy bo‘linmalar hamda Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi bilan kelishadi;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bo‘yicha nazorat rejalarini tayyorlaydi va tegishli tarkibiy bo‘linmalar hamda Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi bilan kelishadi;
har hafta chorshanba va juma kunlari topshiriqlar ijrosini tahlil qilib boradi hamda muddati kechiktirilayotgan hujjatlar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisiga axborot kiritib boradi;
har hafta juma kunlari topshiriqlar ijrosi bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirokida videokonferens-aloqa tizimi orqali muhokamalar o‘tkazib boradi hamda natijasi bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilariga axborot kiritadi;
har oy yakuni bilan Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari huzurida davlat organlari va tashkilotlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirokida ijro intizomi masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan muhokamalar uchun tahliliy materiallar tayyorlaydi;
grafik asosida vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalarida ijro intizomi holatini maqsadli va kompleks o‘rganadi.
74. Vazirlar Mahkamasi apparati mas’ul tarkibiy bo‘linmalari bir kun muddatda (qo‘shimcha o‘rganish talab etilganda besh kun muddatda) Hukumat tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan va Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini o‘rganib chiqadi:
topshiriq bajarilgan bo‘lsa — “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlarni tasdiqlaydi;
topshiriq bajarilmagan bo‘lsa yoki zarur tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa — ularni qayta ishlash uchun mas’ul ijrochiga yuboradi.
3-§. Hisob palatasi tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilishining nazorat qilinishi
75. Hisob palatasi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar mas’ul ijrochilar tomonidan o‘z vaqtida va natijador bajarilishini “Ijro.gov.uz” tizimi orqali nazorat qilib boradi.
76. Hisob palatasi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ul ijrochilar tomonidan kiritilgan, Adliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ma’lumotning to‘liqligi va haqqoniyligini uch kun muddatda (qo‘shimcha o‘rganish talab etilganda besh kun muddatda) o‘rganadi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Hisob palatasi:
topshiriq bajarilgan bo‘lsa — “Ijro.gov.uz” tizimida topshiriqni nazoratdan yechadi;
topshiriq bajarilmagan bo‘lsa yoki zarur tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa — ularni qayta ishlash uchun mas’ul ijrochiga yuboradi.
77. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi Hisob palatasi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimida asosiy mas’ul ijrochidan nazoratdan yechilganidan so‘ng, mazkur topshiriq bo‘yicha hamijrochi hisoblangan boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan ham nazorat “Ijro.gov.uz” tizimida avtomatik ravishda yechiladi.
78. Hisob palatasi grafik asosida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan sohalar va tarmoqlar, hududlar va idoralar kesimida manzilli va tematik tahliliy o‘rganishlarni olib borishda ishtirok etadi.
79. Hisob palatasi har chorak yakunlari bo‘yicha qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boradi.
4-bob. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotnomani Vazirlar Mahkamasiga kiritish hamda ko‘rib chiqish
1-§. Davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati bo‘yicha ma’lumotni Adliya vazirligiga kiritish
80. Davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini belgilangan muddatlarda ta’minlaydi hamda ijro natijalari bo‘yicha “Ijro.gov.uz” tizimiga ma’lumotlarni, ularning ijrosini tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga kiritadi.
81. Davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari har oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning birinchi sanasiga qadar “Ijro.gov.uz” tizimidagi o‘zlari mas’ul bo‘lgan topshiriqlarni tahlil qiladi va ijro holati bo‘yicha ushbu Nizomga 5-ilovadagi namunaviy shaklga muvofiq birinchi rahbar (istisno hollarda — uning birinchi o‘rinbosari) tomonidan imzolangan ma’lumotni Adliya vazirligiga “Ijro.gov.uz” tizimi orqali taqdim etadi.
2-§. Adliya vazirligi tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotnomani Vazirlar Mahkamasiga kiritish
82. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotnomani shakllantirish, Vazirlar Mahkamasiga kiritish hamda Hukumat rayosati majlislarida ko‘rib chiqish ushbu Nizomga 6-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
83. Adliya vazirligi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishi holatini muntazam ravishda, shu jumladan tegishli mas’ul ijrochilar bilan birgalikda sohalar, hududlar va idoralar kesimida tahlil qilib boradi.
Adliya vazirligi mas’ul ijrochilar tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi hamda tizimli ravishda umumlashtirib boradi.
84. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro etilishi holati bo‘yicha tahliliy ma’lumotnoma Adliya vazirligi tomonidan quyidagilarni amalga oshirish natijasida shakllantiriladi:
mas’ul ijrochilar tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligini tekshirish;
o‘tkazilgan manzilli va tematik tahliliy o‘rganishlar natijalarini tahlil qilish va umumlashtirish.
85. Davlat organlari va tashkilotlari muntazam ravishda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni tahlil qiladi hamda ijro natijalari bo‘yicha qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda belgilangan muddatlarda “Ijro.gov.uz” tizimiga ma’lumotlarni to‘liq va sifatli tarzda kiritib boradi.
86. Adliya vazirligi har oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning uchinchi sanasiga qadar mas’ul ijrochilar tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlarni umumlashtirilgan holda tahlil qiladi.
87. Adliya vazirligi har oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning beshinchi sanasiga qadar qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotnoma va tahliliy jadvalni (keyingi o‘rinlarda — tahliliy materiallar) ushbu Nizomga 7-ilovadagi namunaviy shaklga muvofiq Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
3-§. Tahliliy materiallarni Vazirlar Mahkamasi apparatida ishlash va Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida ko‘rib chiqish
88. Adliya vazirligi tomonidan tahliliy materiallar kiritilgandan so‘ng ular darhol Vazirlar Mahkamasining Umumiy bo‘limi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan holda Nazorat va ijro intizomi bo‘limiga taqdim etiladi.
89. Vazirlar Mahkamasining Nazorat va ijro intizomi bo‘limi tahliliy materiallarni har oyning 7-sanasiga qadar tahlil qiladi hamda bajarilmagan bandlar bo‘yicha tahliliy jadval bilan birga Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriq xati asosida puxta tahlil qilish uchun mas’ul tarkibiy bo‘linmalarga yuboradi.
90. Vazirlar Mahkamasi tarkibiy bo‘linmalari:
a) har oyning 8-sanasiga qadar:
biriktirilgan davlat organlari va tashkilotlarida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini tashkil etish ishlarining real holatini hamda ijrosi ta’minlanmagan bandlarning amalda bajarilishiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammo va kamchiliklarni puxta tahlil qiladi;
biriktirilgan davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda ijrosi ta’minlanmagan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni yakuniga yetkazish bo‘yicha muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ishlarni tashkil qiladi;
biriktirilgan davlat organlari va tashkilotlarida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi holati bo‘yicha tahliliy materiallarni Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilariga taqdim qiladi;
b) har oyning 9-sanasiga qadar qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari ishtirokida Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari huzurida muhokamalar tashkil etadi.
91. Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari har oyning 10-sanasiga qadar tegishli tarkibiy bo‘linma tomonidan taqdim etilgan tahliliy materiallarni tanqidiy ko‘rib chiqadi, zaruratga ko‘ra, ularning muhokamasi bo‘yicha tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarini taklif etgan holda yig‘ilishlar o‘tkazadi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlashda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlar va xodimlarga nisbatan chora qo‘llash masalasini ko‘rib chiqadi hamda mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha tegishli tarkibiy bo‘linmalarga zarur ko‘rsatmalar beradi.
92. Vazirlar Mahkamasi tarkibiy bo‘linmalari har oyning 11-sanasiga qadar Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilarining takliflari va ko‘rsatmalari asosida qayta ishlangan tahliliy materiallarni umumlashtirish uchun Nazorat va ijro intizomi bo‘limiga taqdim qiladi.
93. Vazirlar Mahkamasi apparatining Nazorat va ijro intizomi bo‘limi mas’ul tarkibiy bo‘linmalar bilan birgalikda:
a) har oyning 12-sanasiga qadar tarkibiy bo‘linmalar tomonidan taqdim etilgan tahliliy materiallarni puxta qayta ishlaydi hamda umumlashtirilgan yakuniy tahliliy materiallar to‘plami va quyidagilarni o‘z ichiga olgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisi materiallarini Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining huquqiy ekspertiza masalalari bo‘yicha o‘rinbosari huzurida himoya qiladi:
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisi kun tartibi va olib borish tartibi;
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida hisobot beruvchilar va taklif etilganlar ro‘yxati;
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining bayon loyihasi;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi holati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladigan tahliliy ma’lumot loyihasi;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosi samaradorligi hamda rahbarlarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish bo‘yicha takliflar;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini ta’minlashda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha takliflar;
boshqa axborot-tahliliy va statistik materiallar;
b) qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi holatining Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etadi.
94. Vazirlar Mahkamasining Nazorat va ijro intizomi bo‘limi hamda mas’ul tarkibiy bo‘linmalarning qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi holatini puxta tahlil qilish, Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisi uchun tahliliy materiallarni tayyorlash hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal qilish bo‘yicha faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining huquqiy ekspertiza masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
95. Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining huquqiy ekspertiza masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nazorat va ijro intizomi bo‘limi bilan birga har oyning 13-sanasiga qadar umumlashtirilgan tahliliy materiallarni hamda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisi materiallarini puxta tahlil qiladi hamda Nazorat va ijro intizomi bo‘limi mudiri bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi huzurida himoya qiladi.
96. Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi har oyning 15-sanasiga qadar qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi natijalari bo‘yicha umumlashtirilgan tahliliy materiallarni hamda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisi materiallarini tahlil qiladi va Bosh vaziriga axborot beradi hamda tahliliy materiallarni Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlisida ko‘rib chiqish muddatini kelishadi.
97. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi holati Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinadi.
Ijro intizomini ta’minlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan, shuningdek, topshiriqlarni to‘liq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini ta’minlamagan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga nisbatan intizomiy javobgarlik choralarni qo‘llash masalalari ko‘rib chiqiladi.
98. Vazirlar Mahkamasining Nazorat va ijro intizomi bo‘limi mas’ul tarkibiy bo‘linmalar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlisining yakunlari bo‘yicha hujjatlar to‘plamini Vazirlar Mahkamasi Rayosati a’zolari tomonidan bildirilgan takliflardan kelib chiqib, bir kun muddatda puxta qayta ishlaydi.
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisi bayoni puxta qayta ishlanganidan so‘ng qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha tahliliy ma’lumotnoma hamda ushbu Nizomga 8-ilovadagi namunaviy shaklga muvofiq jadval bilan birga Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi huzurida himoya qilingan holda bir kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yuboriladi.
Bunda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladigan ma’lumotnomani tayyorlashda quyidagilarga alohida e’tibor qaratiladi:
hisobot davrida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi holatining qisqacha umumiy yig‘ma tahlili;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va ularning natijadorligi, erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi doirasida hududlarni kompleks rivojlantirish hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni isloh etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning tahlili;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan takliflar;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlashda aniqlangan tizimli kamchiliklar, ularni bartaraf etish hamda Hukumat tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining mas’uliyatini oshirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar.
99. Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisi bayonida belgilangan vazifa va topshiriqlarning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi apparatining Nazorat va ijro intizomi bo‘limi hamda mas’ul tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
5-bob. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro muddatlarini uzaytirish
100. “Ijro.gov.uz” tizimida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro muddatlarini uzaytirish ushbu Nizomga 9-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
101. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni belgilangan muddatlarda bajarish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda mas’ul ijrochilar tomonidan Adliya vazirligiga nazorat topshiriqlarining ijro muddatini uzaytirish bo‘yicha ushbu Nizomga 9a-ilovadagi namunaviy shaklga muvofiq takliflar kiritiladi.
102. Adliya vazirligi ijro muddatini uzaytirish haqidagi belgilangan shakldagi takliflar kelib tushgan kundan boshlab besh kun muddatda ularni tahlil qiladi hamda asosli deb topgan taqdirda takliflarni “Ijro.gov.uz” tizimi orqali tasdiqlaydi.
Mas’ul ijrochining ijro muddatini uzaytirish haqidagi taklifi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng tegishlicha Vazirlar Mahkamasi (Hukumat tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bo‘yicha) yoki Hisob palatasi (Hukumat tizimiga kirmaydigan tashkilotlar bo‘yicha) tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimi orqali ko‘rib chiqiladi.
103. Vazirlar Mahkamasi (Hukumat tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bo‘yicha) qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro muddatlarini uzaytirish haqidagi Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilgan takliflarni besh kun muddatda tahlil qiladi hamda asosli deb topilgan taqdirda tegishli taklifni Hisob palatasiga “Ijro.gov.uz” tizimi orqali kiritadi.
104. Hisob palatasi ijro muddatini uzaytirish haqidagi Adliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan ma’qullangan takliflarni besh kun muddatda tahlil qiladi hamda asosli deb topgan taqdirda “Ijro.gov.uz” tizimidagi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro muddatini uzaytirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga xulosa kiritadi.
105. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijro intizomini ta’minlash sho‘basi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro muddatini uzaytirish bo‘yicha takliflarni va Hisob palatasining xulosasini tahlil qiladi hamda asosli deb topgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariga taklif kiritadi.
106. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari “Ijro.gov.uz” tizimidagi topshiriqlarning ijro muddatini uzaytirish haqidagi takliflar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib, tegishli choralarni belgilaydi.
6-bob. “Ijro.gov.uz” tizimidan foydalanishni texnik jihatdan tashkil qilish va “Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni boshqarish
107. “Ijro.gov.uz” tizimidan foydalanishni texnik jihatdan tashkil qilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda operator tomonidan ma’lumotlarni boshqarishni tashkil etish tartibi ushbu Nizomga 10-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
108. “Ijro.gov.uz” tizimi orqali nazorat va hisobdorlikni tashkil etishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
“Ijro.gov.uz” tizimining sifatli va uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi va doimiy ravishda texnik qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘radi;
davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalariga “Ijro.gov.uz” tizimidan foydalanish jarayonida texnik yordam ko‘rsatilishini tashkil etadi;
“Ijro.gov.uz” tizimining axborot xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘radi;
davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimidan foydalanish jarayonida kelib tushgan takliflarni hisobga olgan holda, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi va Adliya vazirligining takliflariga asosan “Ijro.gov.uz” tizimini takomillashtiradi va modernizatsiya qiladi.
109. “Ijro.gov.uz” tizimining ishlashini texnik qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashda operator:
“Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchilarini ro‘yxatga oladi, ulaydi, elektron raqamli imzo kalitlari bilan ta’minlaydi va o‘qitadi;
Adliya vazirligining takliflariga asosan “Ijro.gov.uz” tizimini modernizatsiyalaydi va “Ijro.gov.uz” tizimining yangi versiyalarini ishga tushiradi;
“Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchilariga Call-markaz orqali “Ijro.gov.uz” tizimini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha, shu jumladan “Ijro.gov.uz” tizimida “Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchilari xato yoki noto‘g‘ri ishlashlarining oldini olish bo‘yicha maslahatlar beradi;
“Ijro.gov.uz” tizimi funksional va foydalanish xarakteristikalarini yaxshilash maqsadida uning ishlashini tahlil qiladi.
110. “Ijro.gov.uz” tizimiga yangi foydalanuvchilarni ulash uchun operatorning pochta manziliga belgilangan shaklda to‘ldirilgan arizalar yuboriladi. Arizaning namunaviy shakli “Ijro.gov.uz” tizimiga biriktiriladi.
111. Operator arizani olgan kundan boshlab uch kun muddatda “Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchisi bilan shartnoma tuzadi.
112. “Ijro.gov.uz” tizimiga ulanish to‘g‘risidagi shartnoma tuzilgandan va operatorning bankdagi hisobvarag‘iga to‘lov kelib tushgandan so‘ng operator uch kun muddatda:
himoyalangan apparat qurilmalarida ulanayotgan “Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchisining elektron raqamli imzosining yopiq kalitini va ochiq kaliti sertifikatini generatsiyalashni;
“Ijro.gov.uz” tizimining yangi foydalanuvchisiga yoki uning ishonchli vakiliga elektron raqamli imzoning yopiq kaliti va ochiq kaliti sertifikati bo‘lgan himoyalangan apparat qurilmasi berilishini ta’minlaydi.
113. “Ijro.gov.uz” tizimining ishtirokchisi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni boshqarish operator tomonidan amalga oshiriladi.
114. “Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni boshqarish (ma’lumotlarni kiritish, o‘zgartirish, yangilash, o‘chirish) mas’ul ijrochi kadrlar bo‘linmasi tomonidan ushbu tashkilotning ijro intizomi uchun mas’ul bo‘lgan tarkibiy tuzilmasini xabardor qilgan holda amalga oshiriladi.
115. “Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchisi to‘g‘risida ma’lumotlar kiritilgandan keyin unga elektron raqamli imzoning yozilgan yopiq kaliti va ochiq kalitining sertifikatiga ega himoyalangan apparat qurilmasi beriladi.
116. “Ijro.gov.uz” tizimiga kirish uchun “Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchisi tomonidan himoyalangan apparat qurilmasidan foydalaniladi.
117. Xodim (“Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchisi) bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda himoyalangan apparat qurilmasi kadrlar bo‘linmasiga topshiriladi.
118. Operatorning “Ijro.gov.uz” tizimining axborot xavfsizligini va uzluksiz ishlashini ta’minlash bilan bog‘liq faoliyati Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
119. Mas’ul ijrochilarning rahbarlari qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlashda yuzaga kelgan muammolarni hal qilishga hamda oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishishni so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan vazifalarni bajarish natijalarini o‘z vaqtida va sifatli taqdim etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
120. “Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchilari qonunchilik hujjatlari va topshiriqlardan kelib chiqadigan vazifalar bajarilishi to‘g‘risidagi axborotni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli taqdim etilishi, shuningdek, “Ijro.gov.uz” tizimidan foydalanilganda axborot xavfsizligi talablariga rioya qilinishi uchun javobgar hisoblanadi.
121. Operator “Ijro.gov.uz” tizimining uzluksiz ishlashi va axborot xavfsizligi uchun javobgar hisoblanadi.
122. Adliya vazirligi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan, shu jumladan Hisob palatasi bilan birgalikda sohalar, hududlar va idoralar kesimida manzilli va tematik tahliliy o‘rganishlarni olib boradi, joylardagi holat monitoringini yuritadi va, zarur hollarda, “Ijro.gov.uz” tizimi ishtirokchilaridan tushuntirishlar oladi.
123. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali qonunlar,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomga
1-ILOVA
Davlat soliq qo‘mitasi namunasida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6098-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 31-bandi ijrosi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish