[
OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar;
2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.01.00 Umumiy qoidalar]
[
TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat dasturlari, konsepsiyalari va boshqalar;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT ShAHRI “ISLOM MADANIYATI POYTAXTI” DEB E’LON QILINGANLIGI MUNOSABATI BILAN O‘TKAZILADIGAN TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti — AYSESKO (ISESCO) tomonidan Toshkent shahri “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 3-mart kunidagi topshirig‘i ijrosini ta’minlash, tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish, mamlakatimiz, xususan poytaxtimizning dunyo sivilizatsiyasi, islom fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, yurtimizdagi ko‘lamli tarixiy o‘zgarishlarni xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, vatandoshlarimiz, ayniqsa yosh avlod qalbi va ongiga Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada chuqurroq singdirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahri “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan amalga oshiriladigan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar Dasturi 1-ilovaga, respublika tashkiliy qo‘mitasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo‘mita Dasturda belgilangan tadbirlar keng jamoatchilik va chet ellardagi yirik olimlar va mutaxassislarning faol ishtirokida amalga oshirilishini ta’minlasin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Fanlar akademiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga taklif etiladigan xorijiy olimlar ro‘yxati va ularning ma’ruzalari yuzasidan aniq takliflar kiritsin.
3. Ma’naviyat targ‘ibot markazi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda Dasturda belgilangan targ‘ibot-tashviqot ishlarini yuqori saviyada tashkil etsin.
4. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligiga Toshkent shahrining 2007-yilda “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan amalga oshiriladigan tadbirlarning mohiyati va ijrosini keng ko‘lamda yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Toshkent shahar hokimligi:
Toshkent shahriga “Islom madaniyati poytaxti” maqomi berilishi munosabati bilan shahardagi islomiy obidalar, ziyoratgohlarda va ularning atrofida obodonchilik-ta’mirlash ishlarini;
shaharning diqqatga sazovor joylari, markaziy ko‘chalar, xiyobonlar, tadbirlar o‘tkaziladigan hamda tadbir ishtirokchilarining yashash joylarida bezash ishlarini amalga oshirish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga tadbirlar o‘tadigan joylar va ishtirokchilarning yashash joylarida Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 15-son qarori talablariga rioya etilishini ta’minlash topshirilsin.
7. Dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishda homiy sifatida qatnashish istagini bildirgan nodavlat va jamoat tashkilotlari, xorijiy va xalqaro tuzilmalarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-avgustdagi 162-sonli qarorga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.
2007-yil 15-mart,
51-son
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 15-martdagi 51- son qaroriga
1 -ILOVA
Toshkent shahri 2007-yilda “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan amalga oshiriladigan tadbirlar
dasturi