Vahshiylikning yuqori bosqichi temir rudasini o‘rganishdan boshlanib, harfli yozuvning ixtiro qilinishi va uning og‘zaki ijodni yozib olish uchun qo‘llanishi natijasida sivilizatsiyaga o‘tishga zamin hozirlaydi.
Bu davrlarni umumlashtirib, yovvoyilik – tabiatning tayyor mahsulotlarini ko‘plab o‘zlashtirish davri, degan xulosaga kelish mumkin. Vahshiylik – chorvachilik va dehqonchilikning joriy etilish davri, insonlarning faol harakati va mehnati vositasida tabiat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish usullarini o‘zlashtirish davridir.
Hozirgi kunda davlat paydo bo‘lishidan oldingi kishilik taraqqiyoti davrini yangicha talqin etish (davrlash) ilmiy asoslanmoqda. Ya’ni, qadimgi jamiyat taraqqiyotida ikki asosiy bosqich va unga muvofiq keluvchi ishlab chiqarishning ikki usulini: o‘zlashtiruvchi iqtisodiyotni (ovchilik, baliqchilik, yig‘ib-terish); yaratuvchi, ishlab chiqaruvchi iqtisodiyotni (dehqonchilik, chorvachilik, metalni qayta ishlash, sopol buyumlar ishlab chiqarish) farqlash muhim metodologik ahamiyatga molik1. Bu tasniflashning birinchi davriga ona urug‘ining rivoj topishi, yoyilishi (matriarxat), ikkinchi davri esa otaga bog‘langan avlod (patriarxat) mos keladi. Ibtidoiy odamlar o‘zlarini tabiatning uzviy bo‘lagi deb bilganlar. Ular faqat tabiat bilan uyg‘unlikda yashay olishlariga ishonganlar.
Tabiat ularni issiq va sovuqlardan asragan, tashnalik va ochlikdan qutqargan, turli-tuman ehtiyojlarini qondirgan. O‘zlashtiruvchi iqtisodiyot jamiyatida ayollar yetakchi mavqeni egallaganlar. Ayollar oziq-ovqatlarni saqlash, ovqat tayyorlash, oilani zarur maishiy yumushlar bilan ta’minlash, bola tarbiyasi kabi ishlar bilan shug‘ullanganlar. Erkaklar mehnat qurollari tayyorlashgan, ovchilik hamda oilaning himoyasi bilan shug‘ullanganlar. Turmushda ekzogamiya qaror topgan, ya’ni yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikoh taqiqlangan.
Ishlab chiqaruvchi iqtisodiyot davrida mehnat qurollarining takomillashib borishi, o‘q-yoyning kashf etilishi natijasida jamiyatda yirik mehnat taqsimoti yuz bergan. Ovchilikdan dehqonchilik, so‘ngra hunarmandchilik ajralib chiqqan.
Qadimgi odamlar jamoa bo‘lib, birgalikda yashashga moyil va majbur bo‘lganlar. Ularning turmush tarzi va o‘zaro munosabatlarini tasvirlab, Aflotun o‘zining «Qonunlar» asarida qadimgi odamlarning hayotni Afinalik suhbatdosh nomidan shunday izohlaydi: «Avvalo, u zamon odamlari bir-birlarini yaxshi ko‘rganlar va ayriliqlar tufayli bir-birlariga xayrixoh munosabatda bo‘lganlar; ovqatni ham bir-birlaridan qizg‘anmaganlar, chunki yaylovlar ko‘p bo‘lgan – ba’zilarida avvaliga kam bo‘lishi ehtimol, ularning ko‘pchiligi shu (chorvachilik) bilan kun ko‘rganlar. Ularda sut va go‘sht ham yetarli bo‘lgan; bundan tashqari ular ov bilan o‘zlariga yegulik topganlar. Ularda kiyim, yotish o‘rinlari (choyshab, to‘shak), uy-joy, kuydirilgan (kulolchilik buyumlari) va oddiy buyumlar bisyor bo‘lgan; …Juda kambag‘allar ham bo‘lmagani uchun kambag‘allik odamlarni bir-birlariga dushman bo‘lishlariga majbur qilmagan. Boshqa tomondan ular boy bo‘lib ham ketolmasdilar, chunki u vaqtlarda ularda oltin ham, kumush ham yo‘q edi»1. Ibtidoiy tuzum davri minglab yillar davom etgan. U davrlarda hali ishlab chiqarish, iqtisodiyot rivoji juda sekin va past darajada borishi bilan tavsiflanadi.
Ibtidoiy jamiyatning iqtisodiy holati, xo‘jalik yuritish xususiyatlari uning ijtimoiy tuzilishiga (sotsial boshqariluv strukturasiga) va ma’naviy hayotiga, ijtimoiy hokimiyatning tabiatiga va sotsial normalarning mohiyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasligining aslo iloji yo‘q edi.
Jamiyatning dastlabki quyi bo‘g‘ini, boshlang‘ich yacheykasi, uni boshqarishning birlamchi shakli urug‘ hisoblangan. Urug‘ – o‘zaro qon-qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan yaqin kishilarning shaxsiy ittifoqidir. Urug‘ kishilari-ning bir-biriga qon jihatdan yaqin jamoasi bo‘lib, ular birlashgan tarzda turmush kechirib, hamjihatlikda ov qilganlar, xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanganlar.
Urug‘chilik tuzumining hayotida oilaning shakllanishi va evolyutsiyasi alohida rol o‘ynaganligini ta’kidlash lozim. Urug‘ ibtidoiy odam ajdod va avlodlari o‘rtasidagi aloqalarning eng tabiiy va odatiy shakli bo‘lganligi bois, bu oilaviy (nikoh) munosabatlarida o‘z ifodasi, namoyon bo‘lishini topgan. Ilmiy manbalarda ibtidoiy-jamoa tuzumining mavjudlik davri uch bosqichga bo‘linadi: ibtidoiy poda, urug‘ jamoasi va urug‘chilikning yemirilishi davri. Bu davrlarning oila evolyutsiyasiga aloqasi bevositadir. Odam ajdodlari uzoq davr mobaynida to‘da-to‘da bo‘lib, ibtidoiy poda shaklida yashaganlar. Yovvoyi odamlarning dastlabki guruhlari daydi ko‘chmachilik holatida hayot kechirganlar, ba’zan, g‘orlarda, o‘rmonlarda yoki qishloq sharoitida umr kechirganlar. Bunday sharoitda oilaviy aloqalar betartib ko‘rinishga ega bo‘lganligi tabiiy. Demak, insonlarning Yer yuzida tarqalishining dastlabki pallasida oilaning poligam shakli hukm surgan. Bu guruhiy oilaviy (nikoh) munosabatlari bo‘lib, unda barcha erkaklar va ayollar (shuningdek, ota-onalar va farzandlar) bir-birlariga tegishli bo‘lganlar. Bunday oilalarda bolaning otasi kimligini bilish va aniqlash mumkin bo‘lmagan. Farzandlar butun guruhning, jamoaning umumiy bolasi hisoblangan. Oilaga, urug‘ga mansublik ona tomonidan belgilangan. Shu bois Matriarxat – ona hukmronligiga asoslangan urug‘, oila shakllangan.
Oilaning birinchi shakli guruhiy oila bo‘lib, u qon-qarindoshlik asosidagi («endogam») oila edi. Bunda ota-onalar bilan farzandlar o‘rtasidagi nikoh man etildi. Biroq, aka-singillar o‘zaro er va xotin bo‘lishlari mumkin edi. Uzoq davrlar qon-qarindoshlikka asoslangan oilalarning mavjud bo‘lishi bir necha avlod o‘tgach, o‘zining salbiy qusurlarini ko‘rsatadi, avvalo, bu nasl salomatligiga ta’sir etib, uning tobora zaiflashib borishi kuzatiladi, murakkab tabiiy sharoitga moslasha olmay odamlar ko‘plab qirilib keta boshlaydi, ishlab chiqaruvchi kuchlarning keskin kamayib ketishi va oqibatda moddiy ne’matlar ishlab chiqarilishi sur’atlari pasayib ketishi kabilarga olib keldi. Shu tariqa, guruhiy nikohning (oilaning) yangi shakli – punalual oila paydo bo‘ladi. Bir onaning farzandlari o‘rtasidagi, aka-singillar o‘rtasidagi nikohlar ham man etilgan. Bu «ekzogam» shakldagi oila – ona urug‘ining shakllanishiga asos soladi, unda ayol (ona boshining) qarindoshlari o‘rtasida rishta bog‘langan. Keyinchalik bir urug‘ a’zolari o‘rtasidagi nikohlar ham taqiqlanadi.
Muayyan tarixiy rivojlanish davrida chorvachilik, omoch bilan yer haydab dehqonchilik qilish keng yoyilishi erkaklarning mehnat jarayonidagi ahamiyatini oshiradi. Bu hol matriarxat o‘rniga oilada ota hukmronligi (patriarxat) ni keltirib chiqaradi. Endi qon-qarindoshlik, avlod davomiyligi ota tomondan belgilanadigan bo‘ldi. Bu – insoniyat rivojidagi yangi bosqich. Guruhiy nikoh o‘rniga juft oila shakli paydo bo‘ladi. Bunda tuqqan ona qatorida tug‘ishgan ota ham aniq bo‘ladi. Navbatdagi bosqichda juft oilaning ota hukmronligi ustun bo‘lgan shakli o‘rin oladi. Urug‘chilik tuzumining yakuniy bosqichida otalar hukmron oilalar, ota urug‘i, patriarxal jamoa qaror topadi. Shunday qilib, qon jihatidan yaqin bir necha oilalarning ittifoqi ibtidoiy urug‘ jamoasi hisoblanadi. Bunday urug‘lar ekzogam oilaviy munosabatlar mavjudligining natijasi edi. Urug‘lar tabiiy shart-sharoitlari hayot kechirish uchun qulay bo‘lgan hududlarni, masalan, o‘rmonlar, daryo va ko‘l havzalarining bo‘ylarini makon qilib joylashishga (o‘troqlashishga) intilganlar. Shunday qulay maskanlar uchun urug‘lar o‘rtasida urushlar, talashib-tortishishlar bo‘lib turgan.
Tabiiy qulay maskanlarga ega bo‘lish uchun tez-tez bo‘lib turadigan urushlar urug‘larning o‘zaro ittifoqlar tuzishiga sabab bo‘lgan. Hududiy yaqinlik, qon yaqinligi va tillashuv imkoniyatlari asosida urug‘lar birlashib, fratriyalarni, kuriyalarni (urug‘ ittifoqlarini), bir necha fratriyalar, kuriyalar birlashib qabilalarni tashkil etardi. So‘ngra, vaziyat taqozo qilganda qabilalar ittifoqi vujudga kelgan.
Kishilarning bunday katta uyushmalarining, jamoalarining birgalikdagi turmush kechirishini tashkil etish u yerda muayyan boshqaruv mavjud bo‘lishini taqozo qilardi. Boshqaruv ehtiyoji esa ma’lum ijtimoiy hokimiyat tizimi shakllanishiga sabab bo‘lgan.
Tashqi bosqinchiliklardan himoyalanish, hududni muhofaza etish, ishlab chiqarish, sug‘orish va dehqonchilik ishlarini unumli tashkil etish, jamoaning ichki va tashqi aloqalarini olib borish, diniy urf-odatlarni amalga oshirish, jamoa a’zolari o‘rtasida vujudga keluvchi nizoli masalalarni hal etish, umuman urug‘ni, qabilani boshqarish kabi muhim vazifalarni bajarish jamoa a’zolari orasidan saylab qo‘yiladigan oqsoqollarga yuklatilgan.
Qabila va fratriyalar oqsoqollar kengashi tomonidan boshqarilardi. Urug‘ tepasida urug‘ning umumiy yig‘ilishida katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan va ko‘pchilik hurmatini qozongan shaxslardan saylab qo‘yiladigan oqsoqollar yoki harbiy boshliqlar turardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |