O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi yoshlarini harbiy xizmatga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida
Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda xalqimiz tarixiga va ma’naviy qadriyatlariga yuksak hurmat tuyg‘usini shakllantirish, Vatan himoyasiga, uning milliy xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini ta’minlashga doimo shay turishga hamda harbiy xizmatni o‘tashga tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etish va uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi:
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan kelishgan holda mazkur qarorga muvofiq, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani rahbar va o‘qituvchilari lavozimlariga oliy ma’lumotli, kasbiy jihatdan yaxshi tayyorlangan, shuningdek, yuqori tajriba va malakaga ega bo‘lgan pedagog kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rsin;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda umumta’lim maktablaridagi mavjud chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikka oid o‘quv-moddiy bazani o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari balansiga topshirish va qabul qilib olish ishlarini amalga oshirsin.
3. Manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar o‘zlarining normativ-huquqiy hujjatlarini bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 18-dekabr,
348-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 18-dekabrdagi 348-son qaroriga
ILOVA
Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etish va uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq, vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shuningdek jamoat tashkilotlarining ushbu sohadagi asosiy vazifalarini hamda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etish va uni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Sog‘liqni
saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etish va uni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul organlar hisoblanadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi (keyingi o‘rinlarda “Vatanparvar” tashkiloti deb ataladi), O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi ushbu sohada hamkorlikni amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari hisoblanadi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
Harbiy xizmatga chaqiriladigan va tuman (shahar) chaqiruv uchastkalarida qayd etilgan shaxslar hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining (keyingi o‘rinlarda ta’lim muassasalari deb ataladi) ikkinchi va uchinchi kurs o‘quvchilari (keyingi o‘rinlarda o‘quvchilar deb ataladi) chaqiriluvchilar hisoblanadi.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklari chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlarining moliyalashtirilishini hamda moddiy-texnika jihatidan ta’minlanishini amalga oshiradilar, o‘quv-moddiy bazasini barpo etadilar, bunday tayyorgarlikning tashkil etilishi uchun mas’ul hisoblanadilar.
4. Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik (keyingi o‘rinlarda ChQBT deb ataladi) chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi hamda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tashkil etiladi va olib boriladi.
5. Chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlashni tashkil etish, amalga oshirish, natijalarini nazorat qilib borish, ChQBTni uslubiy jihatdan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
6. ChQBT, fuqaro muhofazasi va tibbiy bilim asoslari fani bo‘yicha tayyorgarlik o‘quv dasturidagi majburiy fan bo‘lib, ta’lim muassasalari o‘quvchilariga ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilari tomonidan o‘qitiladi.
7. ChQBT jarayonida ta’lim muassasalari o‘quvchilari:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuni, mamlakat mudofaa va milliy xavfsizligini ta’minlash sohasidagi boshqa qonunchilikning asosiy talablarini o‘rganishlari;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining asosiy vazifalarini, harbiy xizmatning ahamiyatini, Vatanga qasamyodni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Umumharbiy nizomlari talablarini anglab yetishlari;
(7-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 179-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
fuqaro muhofazasi asoslarini, shuningdek birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini amaliy o‘zlashtirib olishlari;
harbiy qismlardagi mavjud qurol-aslaha va harbiy texnikaning asosiy taktik va texnik tavsiflari, harbiy xizmatchilarning kundalik hayoti va xizmat faoliyati bilan tanishishlari;
zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika namunalarini qisqa muddatlarda o‘zlashtirib olishga shay bo‘lishlari;
o‘zlari bilan olib boriladigan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarni chuqur anglab yetishlari va o‘zlashtirishlari lozim.
II. ChQBTni tashkil etish hamda uni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul organlar va jamoat tashkilotlarining asosiy vazifalari
8. Quyidagilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklarining ChQBTni tashkil etish va uni amalga oshirishda asosiy vazifalari hisoblanadi:
ChQBT tadbirlarini moliyalashtirish, moddiy-texnika jihatdan ta’minlash, moddiy-o‘quv bazani barpo etish;
har yili ta’lim muassasalari o‘quvchilari bilan olib borilayotgan ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarga oid o‘quv-moddiy bazani yaratish va uni yanada takomillashtirishga doir qarorlar qabul qilish, tadbirlar
rejasini ishlab chiqish;
Markaz va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilgan ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarga oid idoraviy hujjatlarni, tekshiruv ishlarining natijalarini, kamchilik va muammoli masalalarni o‘rganib chiqish va tegishli chora-tadbirlar belgilash;
ChQBTni tashkil etish va uni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul organlar va jamoat tashkilotlari tomonidan ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlarning hamkorlikda olib borilishini muvofiqlashtirib borish.
9. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
ChQBT tadbirlarining rejalashtirilishiga va o‘z vaqtida bajarilishiga rahbarlik qiladi, ChQBT ishlarini muvofiqlashtiradi;
Markaz tomonidan ChQBT dasturini tayyorlash jarayonida ishtirok etadi;
ta’lim muassasalarini harbiy mavzulardagi o‘quv-uslubiy filmlar hamda sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar (Umumharbiy nizomlar, qonunchilik hujjatlari), qo‘llanmalar, tavsiyalar va ko‘rsatmalar bilan ta’minlaydi;
ta’lim muassasalarini harbiy qism va oliy harbiy ta’lim muassasalariga biriktirish to‘g‘risida tegishli buyruqlar chiqaradi;
ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilari ishtirokidagi o‘quv yig‘inlarini tashkillashtiradi va o‘tkazadi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarining uch kunlik o‘quv-dala mashg‘ulotlarini o‘tkazish jarayoniga amaliy yordam ko‘rsatadi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarini muddatli harbiy xizmatchi va kursantlarning kundalik faoliyati, ularning maishiy ta’minoti, shuningdek qurol-aslaha, harbiy texnika namunalari bilan tanishtirib borish maqsadida ta’lim muassasalari bilan harbiy qism va oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
ChQBTga oid qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar hisobini yuritishga, ularni saqlash va topshirishga oid yo‘riqnomalarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, shuningdek sohaga doir tavsiyalar hamda ko‘rsatmalar tayyorlaydi;
har yili ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning holatini o‘rganadi va doimiy ravishda nazorat qilib boradi;
ChQBT fani o‘qituvchilarini saralash, tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarida ta’lim muassasalariga amaliy yordam ko‘rsatadi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
tibbiy bilim asoslari fani o‘qituvchilarini saralash, tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarida ta’lim muassasalariga amaliy yordam ko‘rsatadi;
ta’lim muassasalarini tibbiy bilim asoslari bo‘yicha zarur ko‘rgazmali vositalar, birinchi tibbiy yordamga oid o‘quv-uslubiy filmlar bilan ta’minlaydi;
davolash-profilaktika muassasalarini tibbiyot yo‘nalishidagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari bilan amaliy mashg‘ulotlar olib boriladigan o‘quv bazasi sifatida ta’lim muassasalariga biriktiradi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarining yillik tibbiy ko‘rigini hududiy o‘smirlar dispanserlari rahbarlari nazoratida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining chaqiruv komissiyalariga jalb qilinuvchi shifokor-mutaxassislar tomonidan tuman (shahar) chaqiruv punktlarida o‘tkazadi;
ambulatoriya-poliklinika tizimida o‘smirlar orasida davolash-sog‘lomlashtirish ishlarini olib boradi, tizimni takomillashtiradi hamda shifokorlarning o‘smirlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishga oid malakalarini muntazam oshirib boradi;
Markaz bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar o‘smirlar dispanserlari hamda o‘smirlar davolash-profilaktika muassasalarini tajribali va malakali shifokor-mutaxassislar hamda tibbiy xodimlar bilan ta’minlaydi;
o‘smirlarni statsionar sharoitlarda davolash va sog‘lomlashtirish ishlarini belgilangan tartibda amalga oshiradi;
ta’lim muassasalarida tashkil etilgan tibbiyot xonalarini o‘quv dasturida nazarda tutilgan tibbiy jihozlar va dori-darmonlar bilan Markazning hududiy boshqarmalari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga ta’minlab boradi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
ta’lim muassasalarida fuqaro muhofazasiga oid amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishda
soha mutaxassislari, shuningdek texnik vositalar bilan amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlaydi;
Markaz tomonidan ChQBT dasturini tayyorlash jarayonida, shuningdek ta’lim muassasalarini fuqaro muhofazasiga oid o‘quv hamda uslubiy qo‘llanmalar, ko‘rgazmali vositalar bilan ta’minlash ishlarida ishtirok etadi;
ta’lim muassasalari direktorlari, ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilarining O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazlarida qayta tayyorgarlikdan o‘tishini va malaka oshirishini tashkillashtiradi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarida amaliy ko‘nikmalarni hosil qilish maqsadida har yilgi “Fuqaro muhofazasi” kunlarini o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatadi;
fuqaro muhofazasiga, harbiy-vatanparvarlik va jismoniy tarbiyaga oid o‘quv-moddiy bazani takomillashtirish ishlarida qatnashadi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
(12-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
ta’lim muassasalariga jismoniy tayyorgarlik ishlari, sport musobaqalari va tadbirlarini o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatadi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarining jismoniy tayyorgarlik holatini tahlil qilib boradi, jismoniy tayyorgarlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarining jismoniy tayyorgarligiga oid o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni ChQBT ta’limi bilan uzviy bog‘lagan holda tayyorlanishini tashkil qiladi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi:
ta’lim muassasalarining ChQBT o‘quv xonalarini jihozlar, darslik, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va ko‘rgazmali vositalar bilan ta’minlaydi, ularni doimiy ravishda takomillashtirib boradi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ChQBT, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyasi va ularni harbiy xizmatga tayyorlash tadbirlarini sifatli tashkil etilishini ta’minlaydi;
ChQBT dasturini, ushbu fanga oid darsliklar, tavsiyalar, o‘quv-uslubiy va ko‘rgazmali vositalarni, o‘quv filmlarini tayyorlaydi hamda ta’lim muassasalarini ular bilan ta’minlaydi;
ta’lim muassasalari ixtiyoriga berilgan o‘quv qurol-yarog‘lar, kichik kalibrli hamda pnevmatik miltiqlar, ularda qo‘llaniladigan patronlar but saqlanayotganligini nazorat qilib boradi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarida mardlik, chaqqonlik, kuchlilik va chidamlilik sifatlarini rivojlanishiga omil bo‘ladigan jismoniy tarbiyaning ChQBT bilan bog‘liqligini ta’minlaydi;
ChQBTning yakuniy bosqichida ta’lim muassasalari o‘quvchilari ishtirokida uch kunlik o‘quv-dala mashg‘ulotlarini tashkillashtiradi va o‘tkazadi;
ChQBT bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini doimiy ravishda o‘rganib boradi hamda ijobiy xususiyatlarini respublika ta’lim muassasalariga joriy etish choralarini ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda tibbiy bilim asoslari fani o‘qituvchilarini tanlov asosida ishga qabul qiladi va qayta tayyorlash masalalarini hal etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda ta’lim muassasalarining ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisi lavozimiga tayinlanadigan nomzodlarni tanlaydi, ushbu fan o‘qituvchilarining uslubiy va kasbiy tayyorgarligini tashkillashtiradi, ularni attestatsiyadan o‘tkazadi;
ChQBT bo‘yicha namunali ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilarini Davlat mukofotlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Markazning mukofotlariga tavsiya etadi.
14. “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi:
harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning olib borilishini, shuningdek tadbirlarning tashkil etilishi va o‘tkazilishida ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga oid ko‘rgazmali vositalar ishlab
chiqilishida ishtirok etadi;
ta’lim muassasalari murojaatlariga asosan, ta’lim oluvchi yoshlarning qiziqishiga ko‘ra sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha sport seksiyalari va to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatadi;
zarurat bo‘lganda, ta’lim muassasalariga ChQBT bo‘yicha o‘z tasarrufidagi o‘quv-moddiy bazasidan foydalanishlariga belgilangan tartibda ruxsat beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi:
(15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
ta’lim muassasalari o‘quvchilariga O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, ularda Vatanga chuqur muhabbat va vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-ruhiy, faol hayotiy pozitsiya, diniy ekstremizm va fundamentalizm g‘oyalariga qarshi immunitet hosil qilish, harbiy burchni ongli ravishda bajarishga bo‘lgan munosabatni shakllantirish, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning aniq maqsadi va mohiyatini anglab yetish, shuningdek yurt kelajagi va taqdiri uchun yuksak javobgarlik hissi kabi fazilatlarni shakllantirishga oid targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boradi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarida yuksak fuqarolik pozitsiyasini, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari bilan g‘ururlanish tuyg‘usini shakllantirish maqsadida katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan urush va mehnat faxriylari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazadi;
doimiy ravishda ta’lim muassasasi o‘quvchilarining muddatli harbiy xizmatni a’lo darajada o‘tagan harbiy xizmatchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etadi va o‘tkazadi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarini sport turlari bo‘yicha joriy etilgan seksiyalarga jalb etish ishlarini tashkil qiladi;
mamlakatimiz hududi va daxlsizligini himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekanligi, harbiy xizmat, uning ijobiy xususiyatlari, shuningdek harbiy xizmatchilar uchun joriy etilgan imtiyozlar tizimi to‘g‘risida ta’lim muassasalari o‘quvchilari va ularning ota-onalari ishtirokida tushuntirish ishlarini olib boradi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida ommaviy ravishda tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy va harbiy-sport tadbirlarini (yoshlar forumlari, tanlovlar, sport musobaqalari) tashkil etadi va o‘tkazadi.
III. ChQBTni tashkil etish va uni amalga oshirish
16. Ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ChQBTga jami 140 o‘quv soati ajratiladi, mashg‘ulotlar har haftada ikki soatdan o‘tkaziladi.
Ta’lim muassasalari o‘quvchilarining o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va mahoratlari harbiy ish asoslarini o‘rganish to‘garaklari, sportning harbiy-amaliy turlari bo‘yicha seksiyalar va harbiy-sport musobaqalari davomida mustahkamlanadi.
17. Ta’lim muassasalarida ChQBT fani o‘g‘il bolalar bilan, fuqaro muhofazasi bo‘limiga doir mashg‘ulotlar o‘g‘il bolalar va qizlar bilan birgalikda, tibbiy bilim asoslari bo‘yicha mashg‘ulotlar esa faqat qizlar bilan o‘tkaziladi.
18. Ta’lim muassasalarida ChQBT rejasi butun o‘quv yili uchun haftalarga taqsimlangan holda ishlab chiqiladi, shuningdek umumiy dars jadvaliga kiritilgan holda o‘quv guruhlariga bo‘linib o‘tkaziladi, ushbu guruhlar o‘quvchilar soniga ko‘ra seksiyalarga bo‘linadi. Ta’lim muassasasi direktorining buyrug‘iga muvofiq eng ibratli o‘quvchilar orasidan guruh va seksiya komandirlari tayinlanadi.
19. ChQBTning yakuniy bosqichida ushbu fan uchun ajratilgan vaqt hisobidan ta’lim muassasasining uchinchi kurs o‘g‘il bolalari bilan uch kunlik o‘quv-dala mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
Bunda ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ushbu fan bo‘limlariga oid nazorat me’yorlarini bajarish bo‘yicha ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu maqsadda tegishli ta’lim muassasasiga biriktirilgan harbiy qism va sport tashkilotlarining o‘quv-moddiy bazalaridan foydalanish mumkin.
20. Ta’lim muassasalari o‘quvchilariga quroldan o‘t otishni o‘rgatish mashg‘ulotlari faqat o‘t otish maydonlarida yoki tirlarda “O‘qli qurollardan o‘t otish kursi” talablariga qat’iy amal qilingan holda o‘tkaziladi. Ta’lim muassasasi ixtiyoridagi ko‘chmas tirda tashkil etiladigan otish tayyorgarligi mashg‘ulotlarida faqat pnevmatik va kichik kalibrli miltiqlar qo‘llaniladi.
Bunday mashqlarni amaliy bajarishga faqat o‘t otish mashqlarining shartlari va xavfsizlik qoidalariga oid bilim va ko‘nikmalar sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilarga ruxsat beriladi.
21. O‘t otish maydoni, harbiy qism va oliy harbiy ta’lim muassasasi ixtiyoridagi tirda o‘quvchilar ishtirokida o‘tkaziladigan boshlang‘ich o‘quv-otish mashqlarini o‘tkazish faqat harbiy qism komandiri yoki oliy harbiy ta’lim muassasasi boshlig‘i
tomonidan, ushbu mashqlar ma’muriyati (o‘t otish mashg‘uloti rahbari, navbatchi shifokor, qurshov guruhi va shu kabilar) tayinlangandan so‘ng tashkillashtiriladi.
22. Ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ChQBT fani bo‘yicha egallagan nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari boshqa umumta’lim fanlari uchun belgilangan me’yoriy baholash tizimiga muvofiq baholanadi. O‘quvchining uch kunlik o‘quv-dala mashg‘ulotlari davomida olgan umumiy bahosi ChQBT fani bo‘yicha olgan yakuniy bahosi hisoblanadi.
23. ChQBT kursi yakunida ta’lim muassasasi direktorining tegishli buyrug‘i chiqarilib, unda o‘tkazilgan o‘quv-dala mashg‘ulotlarining natijalari tahlil qilinadi, ChQBT fani dasturiga baho beriladi va o‘quv yiliga yakun yasaladi.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Ta’lim muassasalarida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlar ta’lim muassasalari o‘quvchilari qalbida Vatanga sodiqlik, yurt tarixiga va xalqimizning ezgu an’analariga hurmat bilan qarash tuyg‘ularini shakllantirish, ularni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga so‘zsiz amal qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek ular o‘rtasida yurt an’analarini targ‘ib qilish, harbiy xizmatga hurmat bilan qarash, yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlar, Vatanga qasamyod va umumqo‘shin nizomlarida bayon etilgan talablar ijrosiga mas’uliyat bilan yondashish fazilatlarini, intizomlilik, jasurlik, tashabbuskorlik va Vatan himoyasiga shaylik sifatlarini tarbiyalash maqsadlarida tashkil etiladi va olib boriladi.
(24-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 179-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
Harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlar ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ChQBT fani bilan uyg‘unlashtirilib, ular tomonidan harbiy ishning sir-asrorlari, shu jumladan ommaviy qirg‘in qurollari ta’siridan saqlanish vosita va usullari, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan sharoitda amalga oshiriladigan xatti-harakatlar puxta o‘zlashtiriladigan tarzda tashkil etiladi.
25. Ta’lim muassasalarda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning turli shakl va usullari qo‘llaniladi, sohaga doir tadbirlar yuksak tashkiliy va g‘oyaviy saviyada, samarali, yuqori sifat bilan bajarilishiga qaratilgan choralar muntazam ravishda amalga oshiriladi.
Ta’lim muassasalari bilan harbiy qismlar, oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatiladi, ta’lim muassasalari o‘quvchilari orasida harbiy kasbni targ‘ib etishga doir tashviqot ishlari faol olib boriladi.
26. Ta’lim muassasalari yuksak g‘oya va dolzarb mavzularga boy, yurtimizda yuz bergan eng muhim siyosiy voqea va jarayonlar, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi mavzu va fuqaro muhofazasi asoslari aks ettirilgan, shuningdek o‘zbek xalqining yutuqlari, urush va jangovar harakatlar ishtirokchilari, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik a’lochilari sifatida e’tirof etilgan harbiy xizmatchilar aks ettirilgan ko‘rgazmali materiallar bilan jihozlanadi.
IV. ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilarini tanlash va tayinlash
27. ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisi lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar ta’lim muassasasi tomonidan tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limi bilan hamkorlikda tanlanadi. Bunda nomzodning ma’lumoti, harbiy, jismoniy va pedagogik tayyorgarligining saviyasi, shuningdek tashkilotchilik qobiliyati hamda uslubiy ko‘nikmalari puxta shakllanganligi hisobga olinadi.
ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisi lavozimiga oliy ta’lim muassasalarining “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishlarini
tamomlagan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi tajribali ofitserlar tayinlanadi.
ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisi lavozimiga yuqorida qayd etilgan talablar bo‘yicha ishga olish imkoni bo‘lmagan holatlarda, istisno tariqasida, pedagog mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan zaxiradagi (rezervdagi) oddiy askar yoki serjant harbiy unvonidagi shaxslar tayinlanishi mumkin.
28. Tibbiy bilim asoslari fani o‘qituvchisi lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar ta’lim muassasasi tomonidan, tuman (shahar) sog‘liqni saqlash organlari bilan hamkorlikda tajribali tibbiyot xodimlari yoki fuqaro muhofazasi yo‘nalishidagi tibbiy hamshira dasturi bo‘yicha tahsil olgan o‘qituvchilar orasidan tanlanadi va tayinlanadi.
V. Ta’lim muassasalarining ChQBT va tibbiy bilim asoslari fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish
29. Ta’lim muassasalarining ChQBT va tibbiy bilim asoslari fani o‘qituvchilarini malakasini oshirish:
ta’lim-tarbiya jarayonini tashkillashtirish va olib borish sifatini yanada oshirish;
uslubiy mahoratni takomillashtirish borasida to‘plangan tajribalar bilan o‘zaro o‘rtoqlashish;
harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning ilg‘or usullarini targ‘ib etish va amaliyotda qo‘llash masalalariga yagona tarzda yondashilishini shakllantirish maqsadlarida amalga oshiriladi.
30. ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilarining malakasini oshirish o‘z ichiga, ularni oliy ta’lim muassasalari huzuridagi malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarida tahsil olishi, shuningdek har yili o‘tkaziladigan besh kunlik o‘quv-uslubiy yig‘inlar, har oyda bir marta o‘tkaziladigan uslubiy mashg‘ulotlar, ta’til vaqtida o‘tkaziladigan uch kunlik seminar kabi uslubiy tayyorgarliklarni qamrab oladi.
31. ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilarining malakasini oshirish kurslari “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishlari mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining malaka oshirish va qayta tayyorlash fakultetlarida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazlarida tashkil etiladi.
32. Oliy ta’lim muassasalari huzuridagi kurslarda tahsil olishga ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilari har uch yilda bir marta jalb etiladi.
Bunday kurslardagi mashg‘ulotlar:
oliy ta’lim muassasalari huzuridagi kurslar faoliyat yuritadigan hududlardagi ta’lim muassasalarida ishlaydigan ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilari uchun — ishdan ajralmagan holda, o‘zaro almashuv yo‘li bilan mashg‘ulot o‘tkazilmaydigan kunlarda;
oliy ta’lim muassasalari huzuridagi kurslar faoliyat yuritmaydigan hududlardagi ta’lim muassasalarida ishlaydigan ChQBT fani rahbari va o‘qituvchilari uchun — ta’til vaqtida boshqa o‘qituvchilar bilan birgalikda umumiy belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Ushbu kurslardagi mashg‘ulotlar intellektual salohiyatga ega bo‘lgan eng malakali va tajribali o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi. Alohida mavzularga oid mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun harbiy qismlar, oliy harbiy ta’lim muassasalari va mudofaa ishlari boshqarmalari ofitserlari jalb etilishi mumkin.
33. Besh kunlik o‘quv-uslubiy yig‘inlar barcha ChQBT fani rahbari va o‘qituvchilari bilan o‘quv yili boshlanishidan oldin namunali ta’lim muassasasida tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
Yig‘inlar dasturi Markazning hududiy boshqarmalari tomonidan ishlab chiqiladi va mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
Ushbu yig‘inlar davomida o‘tgan o‘quv yili bo‘yicha ChQBT yakunlari tahlil etiladi, yangi o‘quv yili uchun vazifalar belgilanadi hamda tashkiliy-uslubiy hujjatlar o‘rganiladi, ko‘rgazmali, uslubiy, amaliy va boshqa mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Yig‘in ishtirokchilari ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ta’lim-tarbiyasini tashkillashtirish va olib borish sohasida to‘plagan o‘z tajribalari bilan o‘zaro o‘rtoqlashadi. Yig‘inning yakuniy bosqichida ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilari tayyorgarligining saviyasi tekshiriladi.
34. ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilari bilan har oyda bir marta o‘tkaziladigan uslubiy mashg‘ulotlar tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan ta’lim muassasasi direktorlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Bunday mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan joy va sana mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i tomonidan Markazning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Unda ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilariga amaliy hamda ko‘rgazmali mashg‘ulotlar, ochiq dars va seminarlar o‘tkaziladi, ChQBT dasturiga kiritilgan mavzularga oid ma’ruzalar o‘qiladi. Bunday mashg‘ulotlarga rezervdagi (iste’fodagi) general va ofitserlar, ChQBT fani bo‘yicha tajribali o‘qituvchilar, harbiy qismlar va oliy harbiy ta’lim muassasalarining tajribali ofitserlari jalb etilishi mumkin.
35. ChQBT fani rahbarlari va o‘qituvchilarining uch kunlik seminari har yili qishki ta’til vaqtida Markazning hududiy boshqarmalari tomonidan, mudofaa ishlari boshqarmalari bilan hamkorlikda tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
Mazkur seminarda ChQBT fani rahbari va o‘qituvchilari ChQBT hamda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyani tashkillashtirish borasida to‘plagan tajribalari bilan o‘zaro o‘rtoqlashadilar.
36. ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisi ta’lim muassasasining ChQBT, jismoniy tarbiya va tibbiy bilim asoslari fanlari metodikasini takomillashtirish komissiyasi ishlarida ishtirok etadi.
ChQBT, jismoniy tarbiya va tibbiy bilim asoslari fani o‘qituvchilarining ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik saviyasini oshirib borish, uslubiy mahoratlarini yanada takomillashtirish, ta’lim muassasalari o‘quvchilari bilan olib borilayotgan ta’lim-tarbiya ishlaridagi ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirib, soha amaliyotiga joriy etish ushbu komissiya oldida turgan asosiy vazifalar hisoblanadi.
37. ChQBT fani rahbari hamda o‘qituvchisiga uslubiy ishlarni va fanga oid o‘quv-moddiy bazani yanada takomillashtirish, shuningdek uslubiy ishlarga oid shaxsiy topshiriqlarni bajarish, uslubiy qo‘llanmalar yaratish, navbatdagi mavzularga oid mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rish, sohaga oid to‘plangan shaxsiy tajribani umumlashtirish uchun ish haftasining bir kuni ajratiladi.
38. ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisi, shuningdek tibbiy bilim asoslari fani o‘qituvchilari bilan o‘quv yili boshlanishidan oldin va qishki ta’til vaqtida bir kunlik uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Unda tibbiy bilim asoslari fani o‘qituvchilariga uslubiy yo‘l-yo‘riqlar beriladi, ular bilan amaliy, ko‘rgazmali va seminar mashg‘ulotlari o‘tkaziladi, ChQBT dasturiga oid ma’ruzalar o‘qiladi.
VI. Ta’lim muassasalari mansabdor shaxslarining majburiyatlari
39. Ta’lim muassasasi direktori yoshlarning ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyasini puxta tashkillashtirilishi, sifatli o‘tkazilishi, sohaga doir ijobiy natijalarga erishilishi, ta’lim muassasasi ixtiyoriga berilgan o‘quv qurol-yarog‘lari, kichik kalibrli
va pnevmatik miltiqlar, ularda qo‘llaniladigan patronlar but saqlanishi uchun javob beradi.
40. Ta’lim muassasasi direktori zimmasiga ChQBT sohasida quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
o‘quv-tarbiyaviy jarayonni o‘z vaqtida rejalashtirilishi, tashkil etilishi hamda ChQBT dasturini to‘liq va sifatli bajarilishini ta’minlash;
ChQBT fani uchun xona, ushbu tayyorgarlikning amaliy masalalarini o‘tkazish uchun joy va maydonlar ajratish, shuningdek ushbu fanga oid o‘quv-moddiy bazani mazkur Nizom hamda ChQBT dasturida belgilangan talablarga muvofiq muntazam ravishda takomillashtirib borish choralarini ko‘rish;
ta’lim muassasalarida “Shon-sharaf burchagi” yoki “Jasorat muzeyi”ni tashkil etish va ularning jihozlanishini qat’iy nazoratga olish;
ta’lim muassasasi ixtiyoriga berilgan o‘quv qurol-yarog‘lar (kichik kalibrli va pnevmatik miltiqlar, ularda qo‘llaniladigan patronlar) hisobini tegishli yo‘riqnoma talablariga muvofiq
yuritilishi, saqlanishi, ta’mirlanishi va hisobdan chiqarilishini tashkillashtirish, shuningdek har uch oyda bir marta ularning mavjudligi, hisobi to‘g‘ri yuritilayotgani, talab darajasida saqlanayotgani va texnik holatini shaxsan tekshirib borish;
ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisiga o‘quv-uslubiy jihatdan yordam berish, ushbu fanning boshqa fanlar bilan uzviyligini, shuningdek to‘garak ishlari tashkil etilishi va olib borilishini ta’minlash;
ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisi tomonidan o‘tkazilayotgan darslar va o‘quvchilarning o‘quv materiallarini o‘zlashtirishi sifatini muntazam tekshirib borish, ular bilan olib borilayotgan ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning holatini o‘quv semestri davomida o‘tkaziladigan pedagoglar kengashlarda (yig‘ilish va majlislarda) muhokama etib borish;
shaklan va mazmunan turli harbiy-sport musobaqalarini muntazam ravishda tashkil etish va o‘tkazish;
ChQBT fani bo‘yicha o‘qishning boshlanishi va yakunlari, guruhlarni tuzish, guruh va seksiya komandirlarini tayinlash, kichik kalibrli va pnevmatik miltiqlardan o‘t otish mashg‘ulotlarini tashkillashtirish va o‘tkazish, bir oylik harbiy-vatanparvarlik oyligini tashkil etish, oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun targ‘ibot-tashviqot va nomzodlarni saralab olish ishlarini tashkillashtirish hamda o‘tkazish, “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha eng yaxshi ta’lim muassasasi va eng yaxshi o‘qituvchi” ko‘rik- tanlovlarini, shuningdek, uch kunlik o‘quv-dala mashg‘ulotlari hamda “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqalarining dastlabki bosqichini tashkil etish va o‘tkazish, ChQBT, jismoniy tarbiya va tibbiy bilim asoslari fanlari metodikasini takomillashtirish komissiyasini tuzish bo‘yicha buyruqlarni o‘z vaqtida chiqarish;
ChQBT, jismoniy tarbiya va tibbiy bilim asoslari fanlari metodikasini takomillashtirish komissiyasi faoliyatini tashkillashtirish va ushbu faoliyatni nazorat qilib borish;
tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limi va boshqa hisobot beriladigan organlarga ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlar to‘g‘risida hisobot berish.
41. ChQBT fani rahbari (ta’lim muassasasida ChQBT rahbari lavozimi bo‘lmagan taqdirda, ChQBT rahbarining vazifasi ChQBT o‘qituvchisiga yuklanadi) ta’lim muassasasi direktoriga bo‘ysunadi, ta’lim muassasasi o‘quvchilarining ChQBT, shuningdek ta’lim muassasasi ixtiyoriga berilgan o‘quv qurol-yarog‘lar (kichik kalibrli va pnevmatik miltiqlar, ularda qo‘llaniladigan patronlar) hisobini to‘liq yuritilishi, saqlanishi va topshirilishi, qurol-yarog‘ va o‘q-dori qo‘llanilgan tarzda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar davomida amal qilinishi lozim bo‘lgan xavfsizlik choralariga qat’iy rioya etilishi uchun bevosita javob beradi.
ChQBT fani rahbari zimmasiga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
o‘quv va darsdan tashqari soatlar davomida ChQBT mashg‘ulotlarini shaxsan tashkillashtirish va olib borish, harbiy ish asoslarini o‘zlashtirish to‘garaklari hamda harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha seksiyalar faoliyatiga rahbarlik qilish;
ma’naviy-ma’rifiy, harbiy va pedagogik bilimlarni muntazam oshirib borish, uslubiy ko‘nikmalarni takomillashtirish;
harbiy va fuqaro muhofazasi xonalariga rahbarlik qilish, shuningdek qurol saqlash va otish tiri xonalarini nazorat qilish;
ta’lim muassasasi ixtiyoriga berilgan o‘quv qurol-yarog‘lar (kichik kalibrli va pnevmatik miltiqlar, ularda qo‘llaniladigan patronlar) hisobini tegishli yo‘riqnoma talablariga muvofiq yuritish, saqlash, har oyda bir marta ularning mavjudligi va texnik holatini shaxsan tekshirib borish, ta’mirlanishi va hisobdan chiqarilishini o‘z vaqtida, belgilangan tartibda tashkillashtirish;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarining harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarini ta’lim muassasasi pedagoglar jamoasi bilan hamkorlikda olib borish;
jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi bilan hamkorlikda ta’lim muassasasi miqyosida shaklan va mazmunan turli harbiy-sport musobaqalarini muntazam tashkil etish hamda o‘tkazish;
merganlik, harbiy-amaliy sport turlari va fuqaro muhofazasi bo‘yicha tuman (shahar) miqyosida o‘tkaziladigan musobaqalarni tashkillashtirish ishlarida ishtirok etish;
o‘quvchilarning ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning sifatini oshirish maqsadida ta’lim muassasasiga biriktirilgan harbiy qism, oliy harbiy ta’lim muassasasi va jamoat tashkilotlari yordamidan doimiy ravishda foydalanish, oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan o‘quvchilarni tanlash va tayyorlash ishlarida mudofaa ishlari bo‘limiga yaqindan yordam berish, guruh rahbarlari bilan hamkorlikda chaqiruv uchastkasida qayd etilishi lozim bo‘lgan o‘smirlarga tavsifnomalar tayyorlash.
ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisi darsdan tashqari vaqtda ta’lim muassasalari o‘quvchilarining harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyasini tashkillashtirish borasida o‘quvchilar tarbiyasi bo‘yicha mas’ul (direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari), jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, guruh rahbarlari, ishlab chiqarish ta’limi ustalari va ta’lim muassasasining pedagoglar jamoasi bilan hamkorlikda ish olib boradi.
ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisining kundalik ish faoliyati darslar jadvali, darsdan tashqari vaqtda amalga oshiriladigan asosiy tadbirlar rejasi va ta’lim muassasasi direktori tomonidan tasdiqlanadigan shaxsiy ish rejasi asosida olib boriladi.
ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisi ta’lim muassasasida joriy etilgan navbatchilik xizmatiga jalb etilishi mumkin. Uning zimmasiga mazkur Nizomda nazarda tutilmagan boshqa majburiyatlar yuklanmaydi.
VII. ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisining huquq hamda imtiyozlari
42. Ta’lim muassasasi ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisining pedagogik ish stajiga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidagi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati organlarida o‘tagan haqiqiy harbiy xizmat muddati qo‘shiladi.
43. ChQBT xonasi rahbari hisoblangan ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisiga amalda joriy etilgan qo‘shimcha haq to‘lash tizimi qo‘llaniladi.
44. ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisiga respublika ta’lim muassasalari boshqa fan o‘qituvchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar tatbiq etiladi.
45. Oliy ta’lim muassasalarining “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishlarini tamomlab ofitser unvoniga ega bo‘lgan, haqiqiy harbiy xizmatdan rezerv yoki iste’foga bo‘shatilib, ta’lim muassasalari ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisi lavozimiga tayinlangan rezervdagi va iste’fodagi ofitserlarga, shuningdek ChQBT fani rahbari va o‘qituvchilariga Umumharbiy nizomlarda belgilangan tartibda va amalda bo‘lgan harbiy kiyim kiyib yurish huquqi beriladi.
VIII. ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning nazorati
Oldingi tahrirga qarang.
46. ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarni nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Markaz hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
(46-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
47. Ta’lim muassasasida tekshirish ishlari Mudofaa vazirligi tomonidan yilda bir marta, ikki kundan kam bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi. Tekshiruv davomida ta’lim-tarbiya jarayonining to‘g‘ri tashkil etilganligi, ChQBT dasturining to‘liq bajarilayotganligi, o‘quv materiallarining ta’lim muassasasi o‘quvchilari tomonidan o‘zlashtirilishi sifati, ta’lim muassasasi o‘quvchilarining ushbu fandagi ishtiroki, ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisining uslubiy tayyorgarlik saviyasi, mashg‘ulotlarning o‘tkazilish sifati, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy hamda jismoniy tayyorgarlik ishlarning, shuningdek o‘quv-moddiy bazaning holati o‘rganib chiqiladi.
48. Tekshirish ishlari yakuni bo‘yicha besh nusxada dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomaning bittadan nusxasi tegishli ravishda tuman (shahar) hokimligiga, ta’lim muassasasiga, mudofaa ishlari boshqarmasiga, mudofaa ishlari boshqarmasi orqali Markazning hududiy boshqarmasiga yuboriladi, bir nusxasi esa tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limida saqlanadi.
IX. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
49. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob berishadi.
(49-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 51-son, 610-modda; 2017-y., 20-son, 367-modda, 37-son, 996-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son; 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)