4-bob. Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish
18-modda. Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish
Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlash;
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarning turmushi holatini baholash;
ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish (zarur bo‘lgan hollarda);
ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi monitoringi.
19-modda. Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlash
Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlash:
uyma-uy yurish chog‘ida;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan berilgan axborot asosida;
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxs mustaqil ravishda murojaat etganda amalga oshiriladi.
20-modda. Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarning turmushi holatini baholash
Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarning turmushi holatini baholash ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tegishli organlar va tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladi.
Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxsning turmushi holatini baholashdan o‘tkazish uchun mazkur shaxsning yoki uning qonuniy vakilining yozma arizasi asos bo‘ladi.
Ijtimoiy xizmatlarni oluvchilar yoki ularning qonuniy vakillari ijtimoiy xizmatlarga muhtojligi va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish shartlari to‘g‘risida qaror qabul qilinishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan axborotni taqdim etishi shart va ular taqdim etilgan axborotning to‘g‘riligi uchun javobgar bo‘ladi.
Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi organlar va tashkilotlar ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxsning turmushi holatini baholash natijalariga ko‘ra shaxsni ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topish to‘g‘risida yoki ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga doir arizani rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Shaxsni ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda shaxs ijtimoiy xizmatlarni oluvchilar ro‘yxatiga kiritiladi va unga maslahatlar beriladi, zarur bo‘lgan hollarda, ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi ishlab chiqiladi yoki tegishli hujjatlar ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi boshqa vakolatli organlar va tashkilotlarga yuboriladi.
21-modda. Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish uchun ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxsning turmushi holatini baholash natijalari asos bo‘ladi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi organlar va tashkilotlar mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi ijtimoiy xizmatlar shakllari, turlari, ularning hajmi, davriyligini, bunday xizmatlar ko‘rsatish shartlari va muddatlarini, shuningdek mas’ul shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi ijtimoiy xizmatlarni oluvchi yoki uning qonuniy vakili ishtirokida ishlab chiqiladi.
Ijtimoiy xizmatlarni oluvchi yoki uning qonuniy vakili ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq beriladigan ijtimoiy xizmatlarni olishdan to‘liq yoki qisman voz kechishga haqli.
Ijtimoiy xizmatlarni oluvchi yoki uning qonuniy vakili ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini bajarishdan yozma ravishda to‘liq yoki qisman voz kechgan taqdirda, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi organlar va tashkilotlar ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi yoki uning bir qismi bajarilmaganligi uchun javobgar bo‘lmaydi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturida ko‘rsatilgan axborot maxfiydir va u ijtimoiy xizmatlarni oluvchining yoki uning qonuniy vakilining yozma roziligisiz tarqatilishi mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |