Fizikaviy xossalari. Glikollar–rangsiz, hidsiz, shirinroq ta`mli, quyuq sharbatsimon suyuqliklar hisoblanadi. Ular suv va spirt bilan yaxshi aralashadi, suv tortuvchan. Ikki atomli spirtlarning qaynash haroratlari bir atomli spirtlarning qaynash haroratlaridan yuqori bo`ladi. Masalan, etil spirt 78,3 0C da qaynaydi, etilenglikol esa 197 0C da qaynaydi.
Kimyoviy xossalari. Ikki atomli spirtlar bir atomli spirtlar kirishadigan hamma kimyoviy reaksiyalarga kirishadi. Bunda reaksiyalar bitta OH guruhidan ham, ikkita OH guruhidan ham borishi mumkin. Masalan, etilenglikol alkogolyatlar, oddiy va murakkab efirlar, galogenli hosilalar hosil qiladi, oksidlanib aldegid yoki ketonlarga aylanadi.
Spirtlarda gidroksil guruhlar sonining ortishi bilan ular molekulasidagi gidroksil vodorodida kuchsiz kislotalilik xossasi paydo bo`ladi. Shuning uchun ikki atomli spirtlar bir atomli spirtlardan farqli ravishda ishqorlar bilan reaksiyaga kirishadi, og`ir metallar gidroksidlarini eritadi va glikolyatlar hosil qiladi. Masalan:
Ikki atomli spirtlarning degidratlanishi (suv ajralib chiqishi) o`ziga xos tarzda amalga oshadi. Masalan, etilenglikol molekulasidan suv ajralib chiqishi sharoitga qarab ikki xil bo`lishi mumkin: ichki molekulyar degidratlanish va molekulalararo degidratlanish.
Ichki molekulyar degidratlanish deb faqat bitta molekuladan suv ajralib chiqishi hisobiga amalga oshadigan degidratlanishga aytiladi. Etilenglikol ichki molekulyar degidratlanishga uchraganda sirka aldegid hosil bo`ladi:
Molekulalararo degidratlanish deb ikki yoki undan ortiq molekulalarning birikishi natijasida suv ajralib chiqishiga aytiladi. Etilenglikol molekulalararo degidratlanishga uchraganda siklik birikma–dioksan hosil bo`ladi:
Dioksan birinchi bo`lib 1906 yilda A. Ye. Favorskiy tomonidan sintez qilingan bo`lib, u rangsiz, tiniq suyuqlik, 101 0C da qaynaydi, erituvchi sifatida ishlatiladi.
Ishlatilishi. Etilenglikol xalq xo`jaligining turli tarmoqlarida keng ko`lamda qo`llaniladi. Etilenglikol suv bilan aralashtirilganda suvning muzlash haroratini pasaytirib yuboradi, shuning uchun antifrizlar, ya`ni past haroratda qotadigan aralashmalar tayyorlashda ishlatiladi. Aviatsiya va avtomobil motorlarining radiatorlarida qishda suv o`rniga antifrizlar ishlatiladi. Hozirgi vaqtda etilenglikol qimmatli sintetik tola–lavsan va turli xil plastmassalar ishlab chiqarishda keng qo`llaniladi.
Uglevodorodlar molekulalaridagi uchta uglerod atomida uchta gidroksil guruhi mavjud bo`ladigan organik birikmalar uch atomli spirtlar deb ataladi. Ularning tarixiy nomi glitserinlar, xalqaro nomi esa triollar deyiladi. Uch atomli spirtlarning eng oddiy vakili glitserin yoki propantriol bo`lib, uning tuzilish formulasi quyidagichadir:
CH2OH–CHOH–CH2OH
Glitserinni birinchi bo`lib kimyogar va farmatsevt K. B. Sheele yog`ni qo`rg`oshin oksid bilan qizdirish natijasida hosil qilgan. Glitserinning tuzilishi va xossalarini Shevrel, Bertlo va boshqalar chuqur o`rgangan.
Glitserin yuqori molekulali kislotalar bilan murakkab efir holida o`simlik moyini hamda hayvon yog`larini tashkil etadi. Shuning uchun glitserin asosan yog` va moylarni gidroliz qilish yo`li bilan olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |