2. Ulug‘bek rasadxonasi haqida ma’lumot bering.
Rasadxona Mirzo Ulug‘bek tashabbusi va homiyligida bunyod etilgan.
Mirzo Ulug‘bek Amir Temurning kenja o‘g‘li Shohruhning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, 1394-yil 22-martda Eronning Sultoniya shahrida tug‘ilgan. U 1409-yil otasi Shohruhning yordamida Movarounnahr taxtini egallaydi va u yerda 40 yil, 1449-yilgacha hukmronlik qilgan. U buyuk olim bo‘lib, astronomiyaga oid “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini, tarixga oid “To‘rt ulus tarixi” asari va musiqaga oid 5 ta risola yozgan. Rasadxona rivojlangan o‘rta asrlarning so‘nggi davrida, XV asr me’morchiligining nodir namunalaridan biri bo‘lib, Mirzo Ulug‘bek farmoyishi bilan 1424-1429-yillarda bunyod etilgan. Uning geografik joyini G‘iyosiddin Jamshid tanlagan bo‘lib, Samarqanddagi Ko‘hak (Cho‘ponota) tepaligida, Obirahmat anhori bo‘yida bunyod etilgan. Ulug‘bek rasadxonasi qurilishida xom va pishgan g‘isht, loy, taxta va shu kabi ashyolardan foydalanilgan. Rasadxona ulkan silindr shaklida bunyod etilgan; ayrim qo‘lyozmalarga ko‘ra, balandligi 31 m dan iborat 3 qavatli qilib qurilgan. Ulug‘bek rasadxonasining arxeologik qoldiqlari 1908-yil V.L.Vyatkin rahbarligida olib borilgan qazilma ishlari asosida topildi. Xususan, bu yerda diametri 48 m keladigan, qalinligi bir g‘isht bo‘lgan aylanma devor borligi va uning markazida qo‘shaloq yoydan iborat bosh qurilmaning qoldig‘i mavjud bo‘lganligi aniqlangan. Uning katta zallari, turli katta-kichik xonalari bo‘lgan. Boburning yozilishicha, Ulug‘bek rasadxonaning sirti koshin va sirli parchinlar bilan bezatilgan. Ulug‘bek rasadxonasi me’morchilikning o‘ziga xos, teng diametrli yumaloq uslubida bunyod etilgan. Ulardan eng asosiysi radiusi 40,2 m.li qo‘shaloq yoydan iborat kvadrat qurilma hisoblanadi. Kvadratning janubiy qismi yer ostida, qolgan qismi shimoliy tomonda yer sathidan 30 m cha balandda joylashgan. Asbob aylanasida bir gradus yoy 701,85 mm va bir minut yoy 11,53 mm ga to‘g‘ri keladi. Rasadxona o‘rta asrlarda asbob-uskunasi jihatdan ham beqiyos bo‘lgan. Asbob astronomiyaning asosiy doimiyliklari – ekvator va ekleptika orasidagi burchakni o‘lchash, yillik protsessiya doimiysini, tropik yil davomiyligini va boshqa fundamental astronomik doimiyliklarni aniqlashga imkon
bergan. Mirzo Ulug‘bekning eng yirik astronomik asari “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” ham rasadxonada yaratilgan. Uning qurilishi va keyingi ilmiy faoliyati Ulug‘bek taklifi bilan yig‘ilgan mashhur olimlar G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi va boshqalar nomi bilan bog‘liq. Rasadxona o‘z davrida yirik astronomik kuzatuv majmuasi vazifasini o‘tagan. Unda mavjud bo‘lgan asbob-uskunalar yordamida quyosh, oy, sayyoralar va alohida yulduzlar kuzatilgan. Me’moriy obidaning bugungi kundagi holati haqida gapiradigan bo‘lsak, mustaqillikka erishganimizdan keyin mamlakatimizdagi boshqa me’moriy obidalar singari ta’mirtalab qismlari qayta tiklandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |