6.Mifologik obrazlar – afsona asosida yaratilgan asotiriy qahramonlar (Antey, Prometey, Qayumars, Jamshid kabilar)dir.
Mifologiyaga ko’ra, Gaya Martan (Kayumrs) yer yuzida paydo bo’lgan birinchi odam bo’lib, Axura Mazda (Xurmuz) tomonidan yaratilgan va ikki vujuddan: ho’kizdan va odamdan tashkil topgan ekan. Insoniyatning ashaddiy dushmani bo’lgan Axriman Kayumarsni o’ldiradi. Kayumars jasadining ho’kiz qismidan 55 xil don, 12 xil o’simlik, sigir va ho’kiz, ulardan esa 272 xil foydali hayvonlar paydo bo’ladi; odam qismidan insonning erkak va ayol jinsi hamda metall vujudga keladi (Natan Mallayev. O'zbek adabiyoti tarixi, T., “O’qituvchi”, 1976, 45 - bet).
7. Ma’joziy (simvolik) obrazlar – predmetlar, o’simliklar, jonivorlar, ranglar orqali ijtimoiy hodisalarni umumlashtirib ifodalash demakdir. Ma’joziy obrazlarda ifodalangan tasvirdan bevosita insonlarning munosabatini, ruhiy olamini anglaymiz.
Sahroni yosh to’kib ko’l qilgan hutman,
Bir lahza bexudman, bir lahza xudman.
Ollohim, rahm et, uvol ketmayin –
Yigirma uch yilda g’arq pishgan tutman.
(Nodir Jonuzoq, “Chilla” )
Keltirilgan to’rtlikda lirik qahramon (shoir) o’zini majozan “hutga” va “G’arq pishgan tutga” o’xshatmoqda. “Hut” - shamsiya yil hisobidagi o’n ikkinchi (21 fevraldan – 21 martgacha), yomg’ir mo’l yog’adigan oyning obrazi bo’lsa, “g’arq pishgan tut” - yigirma uch yoshlik yetilgan yigitning ramzidir. Yigitlik davrida goh yaxshi, goh yomon (goh o’ziga kelib, goh behush) umrguzaronlik qilar ekan, u Allohdan rahmdillikni so’raydi, uvol ketmaslikni iltijo qiladi.
8. Kinoyaviy (allegorik) obrazlar – hayvonlar, hashoratlar – turli jonivorlar insoniylashtiriladi, ayrim odamlarning fe’l-atvoridagi kamchilik, illatlar achchiq kulgu, yengil hazil bilan fosh qilinadi. O’git va nasihatlar beriladi. “Zarbulmasal” (Gulxaniy)dagi Toshbaqa, Chayon, Maymun, Tuya, Bo’taloq kabilar allegorik obrazlarning yorqin misoli bo’la oladi.
Ushbu poetik asardagi sichqonlar (O’tkir Rashid – “Qo’ng’iroq”) ham – kinoyaviy obrazlarning barcha xususiyatlarini o’zida jamg’aradi:
Sichqonlar yig’ilishdi qoldirmayin iz,
Mushukvoydan yashirinib qildilar majlis.
Dedi rais: -Majlisda masala bitta,
Qolmadi hyech andisha mushuk surbetda.
Qutilish chorasin o’ylab ko’raylik,
Dunyoda u tursin, yo biz turaylik.
Qani, o’ylab topaylik bir chora,
Qachongacha yem bo’lar sichqon bechora...
Birisi unday dedi, birisi bunday,
Biror tadbir topolmay bosh qotdi xumday.
She’rday mag’rur kerilib turgan bir sichqon,
Mushukvoyga go’yo u qo’ygandek qopqon,
Dedi: - Mushuk chorasin men o’ylab topdim,
Aql farosat kerak bunday ishga, hmm..
Tadbir shu: kirib borib mushuk qo’yniga,
Ilmoq kerak qo’ng’iroq uning bo’yniga.
Qo’ng’iroq ovozidan bilib olamiz,
Mushukvoy kelguncha qochib qolamiz.
Bu tadbirni ma’qullab, chalishdi chapak,
Pastdan bir ovoz chiqdi.. – To’xtanglar andak.
Qani ayting! Bu ishni kim qila oladi?
Mushukka qo’ng’iroqni xo’sh, kim iladi?
Rais dedi: - bu to’g’ri, kim iladi, kim?
Biror ovoz chiqmadi suv sepganday jim.
Taklif qilgan “sher” dedi: - Tag’in bilmayman,
Bu taklif, shaxsan men o’zim ilmayman.
Shundaylar bor maslahat berishga usta,
Amaliy ish kelsa, “yuragi xasta”.
9. Satirik obrazlarda hayotdagi qusurlar ustidan zaharxanda kulgu, sarkazm, masxaralash usuli yetakchilik qiladi. Qahramonlardagi tashqi jihatdan ko’zga ko’rinmaydigan, lekin ichki jihatdan bijg’igan, yaramas, arzimas odatlar fosh etiladi. Kulgu qanchalik fosh etsa, uning mohiyati shunchalik ochiladi – qusur va yaramasliklar o’limga mahkum etiladi. Mulla Dilkash (“Hiylai sha’riy”-G’.G’ulom), Kalvak mahzum (“Kalvak mahzumning xotira daftaridan”-A.Qodiriy), Qori Ishkanba (“Sudxo’rning o’limi”-S.Ayniy) kabi obrazlar faoliyatini achchiq kulgu ila fosh etish yo’li bilan yozuvchilar inkor etadilar. “Malaydursan... ”da yaratilgan ig’vogarlarning satirik obraziga (O’zAS, 27 noyabr, 1998) diqqat qilaylik:
Do'stlaringiz bilan baham: |