6. Kimyoviy bog‘lanish turlari
Kimyoviy elementlar orasidagi bog‘lanishni bilish kimyoni o‘rganuvchilarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Ana shundagina kimyoviy birikmalarning turli-tumanlik sabablarini, ularning hosil bo‘lish mexanizmini, tuzilishini va reaksiyaga kirisha olish xususiyatlarini tushunib olish mumkin bo‘ladi. Kimyoviy elementlar atomlarini o‘rganish asosida atomning tashqi energetik pog‘onasida bittadan sakkiztagacha elektron bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Agar atomning tashqi pog‘onasidagi elektronlar soni shu pog‘ona sig‘dira oladigan eng ko‘p elektronlar soniga teng bo‘lsa, u holda bunday pog‘ona tugallangan pog‘ona deyiladi. Òugallangan pog‘onalar juda mustahkamligi bilan tugallanmagan pog‘onadan farq qiladi. Nodir gazlar atomlarining tashqi pog‘onalari ana shunday tugallangan pog‘onalardan iboratdir. Kimyoviy elementlar o‘zaro bog‘lanish tabiatiga qarab kovalent, ionli, metall va vodorod bog‘lanishlarga bo‘linadi. Kimyoviy bog‘lanish xususiyati atomlarning tabiatiga, ya’ni ularning tuzilishi va xossalariga bog‘liq bo‘ladi. Kimyoviy bog‘lanishning xususiyatlari ko‘p jihatdan elektrmanfiylik deb ataluvchi atomlarning xossalariga bog‘liq bo‘ladi.
Kimyoviy element atomi o‘zining sirtqi qavatini tugallash uchun boshqa atomlardan elektronlar tortib olish xossasi elektrmanfiylik deb ataladi. Elementlar elektrmanfiyligi ularning davriy jadvaldagi o‘rinlariga bog‘liq bo‘ladi. Kimyoviy elementning atomi sirtqi elektronlarini qancha puxta ushlab tursa va boshqa atomlardan elektronni qanchalik kuchli tortsa, bu element shuncha ko‘proq elektrmanfiy bo‘ladi. Ammo bizga ma’lumki, davrlarda element tartib raqamining ortib borishi asosiy gruppachalarda element tartib raqamining kamayishi bilan atomlardan elektronlar tortib olish tobora qiyinlashadi, qo‘shimcha elektronlar biriktirib olish esa tobora osonlashadi. Demak, davrlarda elementlarning elektrmanfiyligi chapdan o‘ngga tomon, bosh gruppalarda esa pastdan yuqoriga tomon ortib boradi. Shu sababli kimyoviy elementlar ichida eng elektrmanfiysi ftordir. Ftor davriy jadvalning (inert gazlar hisobga olinmaganda) yuqorigi o‘ng burchagini ishg‘ol etadi, binobarin, u har qanday boshqa elementga qaraganda yo yuqorida o‘ngda, yoki ham yuqorida, ham o‘ngda joylashgan. Shuning
uchun ftorning barcha boshqa elementlar bilan (tartib raqamlari katta inert gazlar bilan ham) birikishida ftor atomlari shu elementlarning atomlaridan elektronlarni o‘ziga tortadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |