Savol va topshiriqlar. 1. Tangachalilar qanday tuzilgan?
2. Kaltakesaklar qanday tuzilgan?
3. Ilonlar qaysi belgilari bilan kaltakesaklardan farq qiladi?
4. O‘zbekiston hududida qaysi zaharli ilonlar tarqalgan?
40-§. Toshbaqalar va timsohlar turkumlari Toshbaqalar. Toshbaqalar tanasi orqa va qorin tomondan suyak hamda muguzdan iborat mustahkam kosa – qalqon bilan qoplangan. Kosa qovurg‘alar, umurtqalar va o‘mrov suyaklari bilan tutashgan. Biron xavf tug‘ilganida toshbaqa boshi, oyoqlari va dumini kosasi ichiga tortib oladi. Toshbaqaning bo‘yni uzun, boshi juda harakatchan bo‘ladi. Tili yo‘g‘on va go‘shtdor, tishlari rivojlanmagan, jag‘lari shoxsimon plastinkalar bilan qoplangan. Ko‘zi va hid bilish organlari yaxshi rivojlangan. Umurtqa pog‘onasida bo‘yin va dum umurtqalari o‘zaro harakatchan, boshqa umurtqalari orqa kosasi bilan harakatsiz birikkan (78-rasm).Ko‘pchilik toshbaqalar quruqlikda, ayrim turlari suv havzalarida hayot kechiradi. Chuchuk suvda hayot kechirishgamoslashgan turlarining barmoqlari orasida suzgich pardasi bo‘ladi. Dengiz toshbaqalarining oyoqlari eshkak vazifasini o‘taydi. Mamlakatimizning cho‘l va adirlarida O‘rta Osiyo toshbaqasi keng tarqalgan. Toshbaqa yovvoyi o‘simliklar maysalari bilan oziqlanadi. Ba’zan bug‘doy va beda maysalarini yeb, birmuncha ziyon keltiradi. Jazirama yoz boshlanishi bilan adirlarda toshbaqaga oziq bo‘ladigan o‘simliklar qovjirab qoladi. Toshbaqa esa kuz kirgunicha uyquga ketadi. Kech kuzda havo soviy boshlagach, u pana joylarga bekinib olib, qishki uyquga kiradi. Yevropaning janubida botqoq toshbaqasi uchraydi. Toshbaqa yaxshi suzadi va sho‘ng‘iydi; suvda uchraydigan umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. Uzoq Sharq suv havzalarida yashaydigan terili toshbaqaning kosasi bo‘lmaydi. Tropik dengizlarda hayot kechiradigan dengiz toshbaqasi judayirik, og‘irligi 300 kg dan oshadi. Toshbaqa eshkaksiĺmon oyoqlari yordamida suvda suzadi; faqat tuxum qo‘yish uchun qirg‘oqqa chiqadi.
Timsohlar turkumi. Timsohlar bahaybat kaltakesaklarga o‘xshaydi. Tanasining uzunligi 7 m gacha boradi (79-rasm). Terisi orqa tomondan juda qalin qalqonlar bilan qoplangan; orqa oyoqlari barmoqlari orasiga parda tortilgan va ikki yondan siqilgan kuchli uzun dumi yordamida suzadi va sho‘ng‘iydi. Timsohlarning eng yirigi Nil timsohining uzunligi 7 m ga yetadi. Amerika qit’asida tarqalgan alligatorlar va Hindiston gaviallarining uzunligi 6,5 m gacha bo‘ladi. Timsohlar – yirtqich hayvonlar. Ularning ko‘zlari va burun teshiklari boshi ustidagi maxsus bo‘rtiqchalarda joylashgan. Suvda suzayotgan timsohning burun teshiklari va ko‘zlari suvdan tashqariga chiqib turadi. Shu holatda timsoh suvga yaqinlashayotgan yirik hayvonlarni bemalol kuzatib turadi va sezdirmasdan yaqinlashib ularni tutib oladi. Urg‘ochi timsoh qirg‘oqqa chiqib, o‘zi qazigan chuqurga o‘nlab tuxum qo‘yadi va ko‘pincha tuxumlarini qo‘riqlaydi. Tuxumdan chiqqan bolalarini suvga olib boradi. Timsohlar boshqa sudralib yuruvchilarga nisbatan murakkab tuzilgan. Ularning o‘pka bo‘shlig‘i to‘siqlar bilan ko‘plab kameralarga bo‘lingan, yuragi esa to‘rt kamerali. Lekin vena va arteriya qoni yurakdan chiqqandan so‘ng aralashib ketadi. Timsohlar terisi yuqori baholanadi. Terisidan chiroyli portfel, sumka va oyoq kiyimlari tikiladi. Ayrim mamlakatlarda, masalan, Kubada timsohlar maxsus hovuzlarda ko‘paytiriladi.