Suzgich pufagi qorin bo‘sh lig‘ida ichagining ustida joylashgan. Pufak o‘rtasidan tortilib ikkiga bo‘lingan, gaz bilan to‘lgan ku- mushrang xaltachadan iborat. Suzgich pufagi ichak bilan ingichka naycha orqali tutashgan bo‘ladi. Tuxumdan chiqqandan 2–3 kun o‘tgach, lichinka suv yuzasiga ko‘tarilib, atmosfera havosi bilan suzgich pufagini to‘ldirib oladi. Pufak yuzasi kapillyar qon tomirlari bilan qoplangan. Baliqning suv yuzasiga ko‘tarilishi yoki suv tubiga tushishi suzgich pufagi hajmining o‘zgarishi bilan bog‘liq. Suzgich pufagining kengayishi qondan ajralib chiqadigan gazlarning pufakni to‘ldirishi bilan bog‘liq. Pufak gazga to‘lganida baliq yuqoriga ko‘tariladi. Gazlar pufakdan ingichka nay bilan ichakka, undan jabra yoriqlari orqali suvga chiqqanida pufak puchayadi. Tanasi birmuncha og‘irlashgan baliq suv tubiga tushadi. Suzgich pufagining hajmi o‘zgarmasa, baliq muayyan chuqurlikda muallaq turadi. Suzgich pufagi tovushni kuchaytiradigan rezonator vazifasini ham bajaradi. Bu esa tovushni yaxshiroq eshitish imkonini beradi.
Savol va topshiriqlar.
1. Baliqlarning tana shakli yashash muhitiga qanday moslashgan?
2. Baliqlarning suzgichlari qanday tuzilgan?
3. Baliqlar terisi qanday tuzilgan?
4. Baliqlar umurtqa pog‘onasi qanday tuzilgan?
5. Suzgichlar skeleti qanday tuzilgan?
6. Suzgich pufagi qanday tuzilgan?
4-laboratoriya mashg‘uloti. Baliqlarning tashqi tuzilishi va harakatlanishi
Kerakli jihozlar: tirik yoki formalin eritmasida qotirilgan zog‘ora baliq (formalinli eritmadagi baliqni o‘rganishdan oldin bir necha soat oqib turgan sovuq suvda yuviladi), suvli akvarium yoki kengroq idish, qo‘l lupasi, shisha tayoqcha. Tirik yoki formalin eritmasida fiksatsiya qilingan zog‘ora baliqning tashqi tuzilishi o‘rganiladi. Fiksatsiya qilingan baliqni o‘rganishdan oldin uni bir necha soat suvda yuvib, formalin hidi yo‘qotiladi. Laboratoriya mashg‘uloti quyidagi tartibda olib boriladi:
1. Baliqni suvli, kengroq idishga solib, uning gavdasi shakli, tanasi rangiga e’tibor bering. Baliq tanasi rangining qorin va orqa tomondan bir xilda bo‘lmasligi sabablarini tushuntirib bering. Gavdasining bosh, tana va dum bo‘limlari qo‘shilib ketganligi, tanasining ikki yon tomondan siqiqligi yashash muhiti bilan qanday bog‘liqligiga e’tibor bering.
2. Tirik yoki yangi tutilgan baliq terisi shilimshiq modda bilan qoplanganligi tufayli baliqni kaftda siqib ushlab turish oson bo‘lmasligini tekshirib ko‘ring. Baliq tanasidagi tangachalarning joylashuvini aniqlab oling. Tangachalarning oldingi uchi teriga botib kirganligi, keyingi uchi esa terisining ustida turishiga e’tibor bering. Teri ustidagi tananing ikki yoni bo‘ylab o‘tgan yon chiziqni toping.
3. Baliqning og‘zi va ko‘zlarining jovlashuviga e’tibor bering. Lablari va ko‘zlarining tashqi tuzilishini o‘rganing. Boshining ustida joylashgan bir juft burun teshigini toping. Tanasining ikki yon tomonida boshidan keyinroqda joylashgan jabra qopqoqlarini o‘rganing. Jabra qopqoqlarini ko‘tarib, jabra yaproqlarini ko‘zdan kechiring.
4. Baliq tanasida suzgichlarining joylashuvi va tuzilishini o‘rganing. Ko‘krak va qorin, orqa, dum va anal suzgichlarining tuzilishini o‘rganing va ularning vazifasini tushuntirib bering.
5. Suvli idish yoki akvariumdagi tirik baliqning harakatlanishini kuzating. Harakatlanayotgan yoki to‘xtab turgan baliqning suzgichlari va gavdasining holatini aniqlag. Baliqning og‘zi va jabra qopqoqlarining ochilib-yopilishi sabablarini izohlab bering. Akvariumga oziq tashlanganida yoki akvarium devori shisha tayoqcha bilan urilganida baliqlarning xatti-harakatini kuzating.
Do'stlaringiz bilan baham: |