Korall riflari. Tropik dengiz sohillari yaqinida, okeanning uncha chuqur bo‘lmagan joylarida korall poliplar zich joylashib, juda yirik koloniyalar riflarini hosil qiladi. Koloniya suv yuzasiga qarab o‘sadi; suv tubida esa koloniyaning halok bo‘lgan ostki qismi ko‘plab to‘planib qoladi. Shu tarzda vaqt o‘tishi bilan poliplar koloniyasi korall orollarini hosil qiladi. Shamol, suv va qushlar orqali har xil o‘simliklarning urug‘i kelib qolishi natijasida riflarda hayot boshlanadi. Bunday riflar Tinch okeanning tropik qismida, ayniqsa, Avstraliya qirg‘oqlari yaqinida ko‘p uchraydi. Korall riflaridan qurilish materiali (ohaktosh) sifatida foydalaniladi. Ayrim riflardan (qizil korall) zeb-ziynat buyumlari tayyorlanadi. Korall riflari turli baliqlar va boshqa dengiz hayvonlari uchun makon bo‘ladi. Shuning uchun riflar tarqalgan joylar qo‘riqxonalarga aylantirilgan.
Meduzalar. Meduzalarning tanasi birmuncha tiniq, shishasimon dildiroq moddadan iborat. Shakli soyabonga o‘xshab ketadi (15- rasm, 1, 2, 3). Soyabonning ostki tomoni markazida joylashgan og‘iz teshigi atrofida va soyabonning chetida juda ko‘p paypaslagichlari bo‘ladi. Tana devori hujayralari hamma bo‘shliqichlilar singari ikki qavat joylashgan, lekin oraliq moddasi juda kuchli rivojlangan. Meduzalarning soyaboni qisqarganda uning ostidagi suv kuch bilan otilib chiqib, reaktiv harakat paydo bo‘ladi. Meduzalar yirtqich bo‘lib, qisqichbaqasimonlar, chuval- changlar, baliq chavoqlari va boshqa mayda suv hayvonlari bilan oziqlanadi. Ular o‘ljasini otiluvchi tolalari yordamida falajlab, og‘iz atrofidagi yirik paypaslagichlari yordamida og‘ziga soladi. Ayrim meduzalar ning otiluvchi tolalari kuydirish xususiyatiga ega. Shimoliy dengizlarda uchraydigan qutb meduzasi va Qora dengizda ildizog‘iz meduza cho‘miluvchilar uchun xavfli hisoblanadi. Dengiz likopchasi deb ataladigan, barcha dengizlarda keng tarqalgan aureliya meduzasi odam uchun zararsiz. Meduzalar baliqlar chavoqlarini yeb, baliqchilikka birmuncha ziyon yetkazadi.
Bo‘shliqichlilarning kelib chiqishi. Tanasidagi hujayralarning kuchsiz ixtisoslashganligi va kuchli regeneratsiya qilish xususiyati bo‘shliqichlilarning eng qadimgi hayvonlar ekanligini ko‘rsatadi. Olimlarning fikricha, qadimgi koloniya bo‘lib yashovchi bir hujayrali xivchinlilardan dastlab gidrasimonlar, ulardan esa korallpoliplar va meduzalar kelib chiqqan. Bo‘shliqichlilar tanasida oziqni qamrab olib hazm qiladigan hujayralarning bo‘lishi buning dalili hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |