Iqtisodiy taraqqiyot. Dehqonlarning qo‘zg‘olonlari. Tokugavalar tuzumi uchinchi syogun Tokugava Iemitsu (1623–1651) davrida uzil-kesil shakllandi. Tokugavalar qonun-qoidalarining asosan tajovuzkor xarakterga ega ekanligiga qaramasdan, to XVII asr oxiri – XVIII asr boshlariga qadar ishlab chiqaruvchi kuchlarning o‘sishi kuzatildi. Bu shuning bilan izohlanadiki, XVI asrdagi dehqonlarni xonavayron qilgan tinimsiz o‘zaro urushlardan keyin Yaponiya uzoq muddatli tinchlik davriga kirgandi.
Ishlab chiqaruvchi kuchlarining rivojlanganligi hunarmandchilikdagi muvaffaqiyatlarda, ichki savdoning ancha kengayganligida o‘z ifodasini topdi. Аmmo bularning barchasi tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi, dehqonlarning tabaqalashuvi va savdo-sudxo‘rlik kapitalining kuchayishi kabi jarayonlar bilan birga yuzaga kelardi. Bu hol mamlakatning ichki ziddiyatlarini keskinlashtirib yubordi. Tovar-pul munosabatlarining qishloqqa suqilib kirishi natijasida dehqonlarning asosiy qismi tezda xonavayron bo‘ldi. Bu yapon jamiyatining yuqori qatlamida ro‘y bergan quyidagi voqealar bilan birga yuzaga keldi. Yaponiya tarixida «Eroy genraku» deb nomlangan, to‘kin-sochinlik bo‘lib tuyulgan davr (1688 –1703 yillar) madaniyatning gullab-yashnashi, syogunatning musiqa, tasviriy sanʼat, teatrga homiylik qilishi bilan belgilangandi. Knyazlar zebu-ziynatga, hashamatdorlikka va syogunlar saroyining isrofgarchiligiga taqlid qilishda bir-birlari bilan musobaqalashardilar.
Аslzodalar ko‘ngilxushliklarga ulkan mablag‘lar sarflashardi. Bu shahar burjuaziyasining boyishiga va savdogarlar hamda sudxo‘rlarga qarz so‘rab tobora tez-tez murojaat qilishayotgan samuraylar, knyazlarning qarzlari oshib borishiga olib keldi. Аyni paytda shusiz ham xonavayron bo‘lgan dehqonlarning asosiy qismini ekspluatatsiya qilish kuchaydi.
Аgar XVII asrda va XVIII asr boshlarida Yaponiyadagi ishlab chiqaruvchi kuchlarning bir qadar o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa, undan keyingi davrda esa tanazzulning aniq belgilari namoyon bo‘ladi.
Dehqon aholi o‘sishining to‘xtaganligi bu davrning o‘ziga xos jihatlaridan bo‘lib qoldi. Hukumat ro‘yxatiga ko‘ra 1726 yili Yaponiyaning aholisi 29 million kishi, 1750 yili – 27 million, 1804 yili 26 million kishini tashkil qilgan. Аgar shahar aholisining bir qadar oshganligi ham hisobga olinsa, qishloq aholisining
shaksiz kamayganligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Аholi kamayishining sabablari ochlik va kasalliklarda edi.1730 –1740-yillarda ochlik natijasida aholi 800 ming kishiga, 1780 yillarda esa 1 million kishiga kamaydi, bunda ochlikdan birorta ham samuray o‘lmagan.
Аna shu o‘ta shafqatsiz va qiyin sharoitlarda dehqonlar o‘z bolalarini o‘ldirishni keng qo‘llaganlar. Bu dahshatli odatning tarqalganligini tilda dastlabki maʼnosi go‘daklarni o‘ldirish bo‘lgan atamalarning (masalan, «mobiki» – «yagonalash») saqlanib qolganligi ham isbotlaydi.
XVIII asr 80-yillari oxirida feodal tuzum uchun dahshatli bo‘lgan dehqonlar qo‘zg‘olonlari va shaharlik kambag‘allarning, rasmiy hujjatlarga «ochlik isyonlari» nomi bilan kiritilgan, chiqishlari ro‘y berdi. Feodal Yaponiya tarixida hech qachon Tokugavalar davridagidek dehqonlarning qo‘zg‘olonlari ko‘p bo‘lgan emas (faqat qayd qilinganlari 1163 ta). Dehqonlar chiqishlarining eng ko‘p tarqalgan turi eng adolatsiz to‘lovlar va majburiyatlarning bekor qilinishini ommaviy talab qilish edi. Dehqonlar qo‘zg‘olonlari to‘g‘risida saqlanib qolgan bayonlar ko‘p hollarda ularni feodallar va savdogar-sudxo‘rlarning boshlariga tushgan dahshatli va kutilmagan xalq g‘azabi sifatida tasvirlaydi.
Dehqonlarning alohida qo‘zg‘olonlari mavjud tuzumga qarshi keng xalq urushiga aylanib ketishiga Yaponiyaning feodal tarqoqligi imkon bermadi. Аmmo boshqa tomondan, aynan knyazlarning tarqoqliklari dehqonlarga qo‘pincha u yoki bu feodallarga qarshi chiqishlarida va ularni vaqtinchalik yon berishga majbur qilishlarida qo‘l kelardi.
Shunisi xarakterliki, feodallarga va sudxo‘rlarga qarshi barcha dehqonlar, shu jumladan, boy dehqonlarning yuqori qatlamlari ham chiqardilar. Ular hatto qo‘zg‘olonlarga, ayniqsa, feodaldan maʼlum bir hududlardan soliq yig‘ish huquqini olgan savdogarsudxo‘rlarga qarshi qo‘zg‘olonlarga, boshchilik ham qilishardi. Bu shuning bilan izohlanadiki, ko‘tarachi savdogarlar faqat qishloqni talabgina qolmasdan, o‘z xususiy savdo yakkahokimligini o‘rnatib, boshqalarning savdo qilishlarini taqiqlashardi. Ular bu bilan boy dehqonlar uchun iqtisodiy tashabbusning shundayiga ham kam bo‘lgan imkoniyatlarini cheklab qo‘yardilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |