Yaponiya Tokugavalar syogunati davrida
Yaponiya XVII asr boshlarida. Tokugava xonadonidan dastlabki syogunlar davrida Yaponiya yagona davlatga aylana boshlasada, aslida mamlakatning birlashishiga erishilmagandi. Siyosiy muhitning muqimligiga erishish knyazlar muxolifatini bostirish yo‘li bilan ushlab turilardi. XVII asr boshlarida ulardan baʼzilari (Takeda, Minai, Kumachai) xristianlikni qabul qilib (Tokugavaning raqiblari G‘arbning yordamiga umid bog‘lashardi), oilalari bilan qatl qilindilar. Ko‘pgina knyazlarning, asosan janubi-g‘arbdagilarning, yerlari musodara qilindi. Boshqalari yangi yerlarga ko‘chirildi. Ittifoqchilarga minnatdorchilik belgisi sifatida, ularning yer maydonlari kengaytirildi.
Shunday qilib, Tokugavalar o‘z mulklarini Xonsyu orolining markazida jamlashga muvaffaq bo‘ldilar. Mulk egalari bo‘lgan knyazlar yillik sholi daromadi bilan o‘lchanadigan boyliklari darajasiga binoan farqlanardi. XVII asr boshlarida Yaponiyaning umumiy sholi daromadi 11 million koku (1 koku – 180,4 kg.) miqdorida belgilandi. Аna shu miqdordan 4 mln koku Tokugava xonadoniga tegishli edi. Faqat eng boy feodallarning uncha katta bo‘lmagan guruhlarigina (faqat 16 feodal knyazlarning har biri 300 ming koku sholi daromadiga ega edi) bir oz mustaqillikdan foydalanardi, anchagina vassal-samuraylarga xo‘jayinlik qilardi va baʼzan hatto o‘z tangalarini ham zarb qilardi. Knyazlarning asosiy qismi esa (200 dan ziyod) o‘zlarining iqtisodiy va harbiy zaifliklari tufayli to‘laligicha Tokugava syogunlariga bog‘liq edilar. Mikado atrofidagilardan iborat bo‘lgan saroy ahli ham ana shu qaramlar toifasiga kirardi.
Tokugavalar davrining boshlarida Yaponiyaning aholisi 20 millionga yaqin kishidan iborat edi. XVII asrdagi barqarorlik tufayli aholi 29 millionga yaqinlashdi. Ularning 80 foizdan ortiqrog‘i (yaʼni asosiy qismi) qishloqlarda yashardi va mamlakatning bosh ishlab chiqaruvchi kuchi –dehqonlardan iborat edi.
Tokugavalar Yaponiyasida yerlar feodallarga tegishli bo‘lgan. Feodal yer egaligining asosiy shakllari quyidagilar edi: 1) syogunlarning yerlari; 2) knyazlarning yerlari; 3) cherkov va monastirlarning yerlari.
Har bir feodal o‘z mulkida hukmdor sifatida ish yuritardi va yerning amaldagi (lekin rasmiy emas) egasi edi. Sharqning boshqa mamlakatlarida bo‘lganidek, yerning oliy mulkdori hukmdor qiyofasida, ayni holatda – mikado qiyofasidagi davlat hisoblanardi.
Imperator oilasining hokimiyatdan mahrum kilinganligi yerning shartli egalari – knyazlarning ahvolini mustahkamladi. Savdogarlik va hunarmandlik asosan Yaponiyaning bevosita syogunat nazorati ostida bo‘lgan shaharlarida to‘plangandi. Eng yirik shaharlar Edo – Yaponiyaning poytaxti (hozirgi Tokio), Osaka – mamlakatning bosh savdo markazi, Kioto – imperatorning qarorgohi, port shaharlari Sakai va Nagasaki edi. XVII asr o‘rtalariga kelib Edo, Kioto va Osakada 300 ming aholi (samuraylardan tashqari), port va savdo markazlari bo‘lgan Nagasaki, Nagoya, Sakai va Kandzava shaharlarining har birida 60 mingdan ortiq kishi yashardi. Xirosima, Okayama, Xakata, Kumamoto va Аkita shaharlarida 20 mingdan ziyod aholi istiqomat qilardi. Xyogo, Fukuoga va Takatada 10 mingdan 20 minggacha odam bor edi. Qarorgoh shaharlarning katta-kichikligi knyazliklarning hududlari hajmiga va aholi soniga bog‘liq edi.
Tokugavaning ichki siyosati. «Yaponiyaning yopilishi». Birinchi syogun Izyasu Tokugava o‘rnatgan va uchinchi syogun Tokugava Iemitsu (XVII asr o‘rtalari) davrida to‘liq rivojlantirilgan tokugavalar tuzumining asosi quyidagilardan iborat edi: dehqonlarning ezilgan holatini saqlab turishga asoslangan mavjud tartibni zo‘rlik bilan ushlab qolish, shahar aholisining tobelik rolini aslzodalarning cheklanmagan hukmronligini rag‘batlantirish orqali taʼminlash. Bu feodal tartibning mustahkamligiga xavf solib turadigan uchta asosiy omil mavjud edi: feodallarga qarshi keng xalq ommasining kurashi; chet ellik bosqinchilarining tashqi xavfi (Yaponiyaga birin-ketin portugallar, ispanlar, gollandlar va inglizlar xavf solib turardi); feodallar lageridagi o‘zaro ichki urushlar xavfi. Bu xavflarni hisobga olgan Tokugavalar o‘z siyosatlarini quyidagicha qurdilar: birinchidan, dehqonlar va shaharliklarning quyi tabaqalarini jilovlab turish, ikkinchidan, feodal knyaz-
larning o‘zaro munosabatlarini nazorat qilish, ulardan birortasining kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va bu bilan Tokugavalar xonadonining rahbarlik rolini saqlab qolish; uchinchidan, chet elliklarni sergaklik bilan kuzatib turish va Yaponiya eshiklarini yopib qo‘yish.
Tokugava ichki siyosatining muhim jihatlaridan biri mamlakatni «yopib qo‘yish» bo‘ldi. Bunga yevropaliklarning suqilib kirishlari, xristianlikning tarqalayotganligi va Yaponiyaning mustamlakaga aylanib qolish xavfi (shunga o‘xshash vaziyat Filippinda yuz berdi) sabab bo‘ldi. Hali XVI asrdayoq portugal va ispan missionerlarining Yaponiyadan qul qilib sotish uchun odamlarni olib ketishlari yaponlarning qattiq g‘azablarini keltirgandi.
Biroq Tokugavalar yevropaliklarning o‘qotar qurollar yetkazib berilishidan manfaatdor edi. Syogun 1600 yili Yaponiyaga kelgan Gollandiyaning Ost-Indiya kompaniyasiga ancha qulay shartlar bilan savdo qilish huquqini berdi. Аmmo tez orada syogunat tashqi savdodan keladigan daromadning katta qismini egallab olayotgan gollandlarning savdo siyosatdan va Tokugavalarning eng ashaddiy dushmanlari – mamlakatning janubiy qismidagi xristianlikni qabul qilgan knyazlarga ko‘rsatayotgan yordamidan norozi bo‘la boshladi. Bularning barchasi Tokugavani jazo yurishlari o‘tkazishga va xristianlikni to‘liq taqiqlovchi farmon (1614) eʼlon qilishga undadi.
1623 yili syogun bo‘lgan Tokugava Iemitsu o‘zidan oldingi syogunga ko‘ra ham kuchliroq shiddat bilan xristianlarga qarshi kurashga tashlandi. Samabaradagi (Nagasaki yaqinida) voqealar qaramaqarshiliklarning eng yuqori nuqtasi bo‘ldi. Qo‘zg‘olonchilarning tayanchi – Simabara qalʼasi egallanganidan so‘ng 38 ming qo‘zg‘olonchi xristianlar qatl qilindi. Bu tarixda xristianlarni eng yirik ommaviy qirg‘in qilishlardan biri bo‘ldi. Shunisi xarakterliki, gollandlar, siyosiy nufuz orttirish uchun, bu ishda syogunga katta harbiy yordam ko‘rsatdilar.
Samabara qo‘zg‘oloni bostirilganidan so‘ng syogunat chet elliklar uchun Yaponiyani «yopib qo‘yish» va mamlakatni har qanday tashqi taʼsirdan muhofaza qilish haqida uzil-kesil qaror qildi. 1638 yili Iemitsu barcha portugallarni Yaponiya sarhadlaridan tashqariga quvib yuborish haqida farmon berdi (ispanlar hali 1634 yildayoq quvib yuborilgandi). Yaponiya qirg‘oqlariga kelgan har qanday chet el kemasi darhol yo‘q qilinishi, uning ekipaji esa – o‘lim jazosiga hukm etilishi shart edi. Faqat gollandlargina bundan mustasno edilar. Ularga Desima orolchasida manzil qoldirilgan bo‘lib, ularning bu yerdagi savdolari hukumat xizmatchilarining qatʼi nazoratlari ostida amalga oshirilardi.
Yaponiya fuqarolariga esa, hali 1636 yildayoq o‘lim jazosi xavfi ostida, o‘z vatanlarini tark etish va uzoq sayohatlarga mo‘ljallangan katta kemalar qurish taqiqlangandi. Аna shunday choralar natijasida mamlakat chet elliklar uchun yopildi.
Syogunatning feodal tuzumi. Tokugavalar barcha aslzodalarni bir necha turkumga ajratgandilar. Kioto zodagonlarini, yaʼni, imperator oilasini va ularning eng yaqin qarindoshlarini alohida guruh – «kuge» ga kiritgandilar. Kugelar feodal aslzodalar orasida eng yuqori martaba egalarini tashkil etardi. Saroy ahli va aslzodalar-kuge-amalda yapon jamiyatidan ajratib qo‘yilgandi. Boshqa barcha feodal tabaqalar «buke» (uy harbiylari) nomini olgandi. Mulkdor knyazlar (daymio), o‘z navbatida, uch toifaga bo‘linardi; birinchisi syogun xonadoniga tegishli bo‘lib, sinxan deb atalardi, ikkinchisi – fuday-qadimdan Tokugavalar xonadoni bilan bog‘liq bo‘lgan, harbiy va iqtisodiy tomondan ularga mute bo‘lganligi sababli asosiy suyanchiqlari ham bo‘lgan (ular kengash aʼzolari, noiblar va shu kabi lavozimlarni egallardilar) knyazlar xonadoni vakillaridan iboart edi va nihoyat, uchinchi toifa-todzama – Tokugavalar xonadoniga bog‘liq bo‘lmagan va o‘zlarini ular bilan teng feodal xonadoni deb hisoblagan mulkdor knyazlarni o‘zida jamlagandi. Todzamalar o‘z mulklarida ulkan, qariyb cheklanmagan hokimiyatdan foydalanardilar. Syogunat ularda o‘z raqiblarini ko‘rar va har xil yo‘llar bilan ularning qudrati hamda taʼsirlarini kamaytirishga urinardi. Ularga nisbatan ham cheklovchi tartiblar mavjud edi. Ular hukumat lavozimlarini egallay olmasdilar.
Tokugavalar hokimiyatining mustabitligiga qaramasdan, knyazlar o‘z mulki doirasida qariyb cheklanmagan hukmdor hisoblanardi. Ular, syogunga sovg‘alarni hisobga olmaganda, hech qanaqa soliq to‘lamas edilar.
Harbiy tabaqa bo‘lgan, qurol olib yurishga tanho ruxsati bo‘lgan samuraylik ham rasman bukega tegishli edi. Tokugavalar zamonidagi samuraylikda eʼtiborli qatlam – xatamoto (so‘zma-so‘z «bayroq ostida») ajralib turardi. Samuray-xatamotolar syogunning bevosita va eng yaqin vassallari bo‘lib, Tokugavalar mulklarida dehqonlar va boshqa to‘liq huquqli bo‘lmagan qatlamlar ustidan nazoratni amalga oshirib, xizmatchi ayonlar holatini egallashgan, shuningdek, soliq yig‘ishni ham boshqarganlar.
Ulardan keyin syogunning qo‘l ostida bo‘lmagan, hududiy knyazlarning vassallari bo‘lgan samuraylarning asosiy ommasi turardi. Ular yerga ega emasdilar, hech qanaqa aniq bir majburiyatsiz, faqat o‘z hukmdorlari-daymiolarning doimiy ayonlarini tashkil qilar, maoshni esa guruch bilan olardilar. Oddiy samuraylarning ahvollari Tokugavalar tuzumi davrida ancha yomonlashdi. Vaqt o‘tishi bilan uy-joysiz va sinfiy qiyofalarini yo‘qotgan bunday samuraylar soni ortib borayotganligi hukumat uchun katta xavf edi. Bu xavf shundan iborat ediki, ular ko‘p sonli hukmron qonunlardan norozilar safini kengaytirar edilar.
Norozilik chiqishlarining oldini olish va isyonni boshlang‘ich bosqichdayoq bostirish uchun syogunat turli xil ijtimoiy kuchlar: dehqonlar va shaharlik kambag‘allar (roninlar ham qo‘shiladi); todzama-daymio knyazlari; norozi samuraylar ustidan nazoratni amalga oshiruvchi, favqulodda keng tarmoqli va kuchli politsiya apparatini yaratdi. Biroq bu choralar mamlakat feodal xo‘jaligini inqirozdan asrab qololmadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |