Kelayotgan yangi yilda qanday o‘zgarishlarni kutmoqdasiz?
— Albatta, birinchi navbatda islohotlarning davom etishini kutib qolaman. Eng avvalo agrar sohada islohotlar zarur. Afsuski, so‘nggi yillarda bu sohada deyarli hech qanday o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q. Aholisining aksariyat qismi qishloq joylarda istiqomat qiladigan mamlakat sifatida iqtisodning asosini qishloq xo‘jaligi tashkil qiladi. Biroq, mazkur soha noto‘g‘ri tizimda ishlab kelmoqda, unda feodal tizim unsurlari har qadamda uchraydi. Asosiy e’tibor paxta va bug‘doy atrofiga qurilgan. Bu fermerlarning ham, oddiy qishloq aholisining ham daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, ushbu tarmoqning samaradorligini pasaytiradi. Natijada biz o‘zimiz kutgan natijalarga erisha olmayapmiz. Umid qilamanki, 2020 yilda mazkur sohada jadal islohotlar amalga oshiriladi va uni davlat buyurtmalarini bekor qilishdan boshlash maqsadga muvofiqdir. Balki, buni darhol emas, bosqichma-bosqich amalga oshirish kerakdir, asosiysi, jarayonni boshlab yuborish. Shuni ta’kidlash joizki, paxta va bug‘doy bozori erkin bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, men 2020 yilda ma’muriy islohotlar boshlanishini kutyapman. Uning konsepsiyasi 2017-yilda qabul qilingan edi. Ammo, mazkur yo‘nalishda ayrim idoralarning nomi o‘zgargani, ayrim vazirliklar tashkil qilinganini inobatga olmasak, deyarli bu borada ishlar olib borilmadi. Hukumat markaziy boshqaruv organi sifatida mahalliy boshqaruv organlari bilan munosabatlarini, davlat xizmatlari tizimini, tarmoqlar bo‘yicha iqtisodiyotni boshqarish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqishi va takomillashtirishi lozim.
Yana davlat sektoridagi tabiiy monopoliyalar islohotiga ham kirishish uchun vaqt yetib keldi, deb o‘ylayman. Aksariyat yirik kompaniyalar davlatga qarashli. Yirik banklarning barchasi davlat tasarrufida, ularni xususiylashtirish, raqobatni rivojlantirish zarur. Tegishli tarmoqlarni ochiq va shaffof tarzda xususiylashtirish amaliyotini joriy qilish kerak. Umid qilamanki, 2020 yilda bu hayrli ishlarga start beriladi.
Umuman olganda, islohotlar boshqa sohalarda ham zarur. Masalan, bank sektori. Bu sohada imtiyozli kreditlar ajratish amaliyotidan voz kechish lozim. Raqobatni rivojlantirish orqali ko‘plab maqsadlarga erishsa bo‘ladi. Bank bozorining yangi ishtirokchilariga ham imkoniyat berish lozim. Turli xil kredit tashkilotlarini rivojlantirish kerak. Avvallari mamlakatimizda kredit uyushmalari faoliyat yuritar edi, ammo keyinchalik ular negadir yopilib ketdi. Bu sohada ham xususiylashtirishni jadallashtirish yaxshi natija berishi mumkin.
Bundan tashqari, soliq, byudjet, ta’lim, sog‘liqni saqlash, pensiya sohalarida ham islohotlarni jadallashtirish lozim. Aslida mamlkatimizda islohotlar o‘tkazmasa ham bo‘ladigan soha yoki tarmoqning o‘zi yo‘q. To‘g‘ri, buning uchun katta kuch, salohiyatli kadrlar kerak. Davlat boshqaruvida o‘z vazifasini uddalay olmayotgan, bozor iqtisodiyoti nima, unda davlat organlari qanday ishtirok etishi kerak, degan tushunchalarga ega bo‘lmagan kadrlar kam emas. Bu bizning katta muammoimiz. Bundan tashqari, amaldorlarning shaxsiy manfaatdorligi ham yo‘q emas. Islohotlar bunday amaldorlar daromadining eski tuynuklarini yopib qo‘yadi va buning ularga nafi yo‘q. Islohotlarni amalga oshirishdagi muammolarning va unga qarshiliklar bo‘layotganining asosiy sabablari ham shu. Ammo, yuqorida aytganimdek, umid bor, kelayotgan yangi yilda qandaydir islohotlar davom ettiriladi, qaysilaridir yangidan boshlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |