2.Kaykovus javonmardlik tarbiyasi haqida.
Muallif juvonmardlik haqida eng oxirgi bobda so’z yuritadi. U odamlarning xislatlarini uch xilga bo’ladi: biri aql, biri rostlik va yana biri juvonmardlikdir. Juvonmardlikni asosini Kaykovus uch narsada deb biladi. Birinchisi, aytgan so’zning ustidan chiqish, ya’ni rostlik; ikkinchisi rostlikka xilof qilmaslik; uchinchisi, xayr ishini ilgari tutish1.
Insondagi boshqa barcha xislatlar shu uch narsaga bog’liq, deydi Kaykovus. Juvonmardlik (yoki iyorlik)ning ustunlarini (ruknlari) quyidagilarda deb ko’rsatadi: jasurlik, mardlik, sabr-matonat, va’daga vafo qilmoq, pok dil va pok zabon bo’lmoq; asirlarga ziyon yetkazmaslik, bechora kishilarga madad berib, yomonlarning yomonlig’ini yaxshilardan yiroq tutish, rostgo’ylik, yaxshiga yomonlik qilmaslik, ziyon-zahmatdan saqlash, odamlarga ziyon-zahmat yetkazmaslik. Juvonmard sipohiylar esa sabr-bardosh bilan ish tutishi, kamtarlik va mehmondo’stlik, sahiylik, to’g’rilik, haqshunoslik, pok kiyinish, yaxshi qurollanishi zarurligini qayd etadi.
Mazkur bobda yana juvonmardlik yo’lini tanlagan yoshlarga uch narsadan o’zini: ko’zni yomon nazardan, qo’lni yomon ishdan, tilni yomon so’zdan saqlashni tavsiya etadi.
Uch narsani do’st va dushmanga ochiq tut: uy eshigini, sufra boshini, hamyonning bog’ichini, deydi. So’ng hamma vaqt rostgo’y bo’lish, xiyonat qilmaslik ham juvonmardlikning ko’rinishlaridan, deb biladi. SHuningdek, Kaykovus juvonmardlikning kamolot nuqtasini ko’rsatuvchi mezon deb o’z mol-mulkini o’zganikidan ajrata bilish, xalq mulkiga ta’ma qilmaslik, birovning mol-mulkiga xiyonat qilmaslik, xalqqa yomonlik qilmaslik, qanoatli bo’lish kabilarda deb biladi.
Kaykovus o‘z asarida tarbiyaga alohida e’tiborni qaratar ekan, tarbiyani inson aqlini va shaxsiy hayotni shakllantiruvchi omillardan deb biladi. Bunda inson ruhiyatini yuksaklarga ko‘tarishni ilgari suradi, salbiy illatlarning sabablarini izlaydi. Xususan, insonni tarbiyalashda hayotda tarbiyaning ta’sir o‘rni yuqori ekanligini e’tirof etishni burch deb biladi. Uning fikricha, yoshlarga tarbiya berishdan maqsad ularni nafaqat bugun, balki kelajak uchun ham yaroqli shaxslar qilib yetishtirishdir. Shuning uchun muallif asarda yoshlarning xulq-atvoriga, fe’liga alohida e’tibor beradi. Shuningdek do‘stu dushmanga ham qanday munosabatda bo‘lish kabi masalalarni ham yoritgan. Bola boshidan deyilganidek, farzandni tug‘ilgandan tarbiyalash, odob-axloq me’yorlarini o‘rgatish, ilmu hunarli qilish, bolaning mehnatga bo‘lgan ko‘nikmasini hosil qilish zarurligini, aks holda “kechikkan” tarbiyaning hech bir ta’siri bo‘lmay, zarur samarani bermasligini aytib o‘tgan. “Qobusnoma”da yoshlikda bor kuch-quvvatni bilim olish, kasb-hunar o‘rganishga sarflash ayni muddao ekanligi ta’kidlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |