Adabiyot va san‘at O’zbekiston madaniyati va san’ati xodimlari o’zlarining qaynoq
ijodi bilan xalqni mardona jang qilishga, fidokorona mehnatga ruhlantirib g’alabaga
munosib hissa qo’shdilar.
O’zbekistonga vaqtincha ko’chirib keltirilgan rus, ukrain, belorus va moldavan,
boshqa milllatlarga mansub yozuvchi va shoirlar ham respublikamiz hayotida faol
qatnashdilar. O’zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlik qildilar. «Biz engamiz» degan
almanaxlar, «O’zbekiston shoirlari frontga» degan antologiya ana shunday hamkorlik
mevasi bo’ldi. Hamid Olimjon, Uyg’un, Sobir Abdulla, Nikolay Pogodinlar birgalikda
«O’zbekiston qilichi» musiqali dramasini yaratdilar.
Urush yillarida yaratilgan Oybekning «Navoiy» va «Qutlug’ qon» romanlari,
Abdulla Qahhorning «Oltin yulduz» qissasi jamoatchilikning yuksak bahosiga sazovor
bo’ldi.
She’riyatda ulkan yuksalish bo’ldi. Hamid Olimjonning «Qo’lingga qurol ol»,
«Sharqdan G’arbga ketayotgan do’stga», «Jangchi Tursun» va «Roksananing ko’z
yoshlari», G’afur G’ulomning «Sen etim emassan», «Men - yahudiyman», «Men seni
kutaman, o’g’lim» va «Bizning ko’chamizda ham bayram bo’lajak», Uyg’unning
«Qasam», «Bir qadam orqaga chekinilmasin» va «Maktub», Maqsud Shayxzodaning
«Ona kuzatmoqda» va «Kapitan Gastello» she’rlari fashizm kirdikorlarini fosh etib,
g’alaba qozonishga chuqur ishonchni kuylab, xalqning jangovor ruhini ko’tardi.
Urush yillarida sahna san’ati rivojlandi. Toshkentda va Andijonda yangi teatrlar
ochildi, respublikamizda hammasi bo’lib 36 teatr ishlab turdi. Teatrlarda urush
mavzusiga bag’ishlangan «Davron ota», «Sherali», «O’zbekiston qilichi» musiqali
dramalari, «Ulug’bek» va «Mahmud Torobiy» operalari, K.Yashinning «Bosqinchilarga
o’lim», M.Shayxzodaning «Jaloliddin» pesalari ko’rsatildi.
Toshkent badiiy filmlar studiyasi vaqtincha ko’chib kelgan yirik kinomatograflar
bilan hamkorlikda «Ikki jangchi», «Nasridddin Buxoroda», «Vatanga sovg’a» nomli
kinofilmlarni yaratdilar.
O’zbekiston san’ati xodimlari mehnatkash xalqqa, jangchilarga xizmat qilib,
ularning ruhini ko’tarib turdilar. San’atkorlardan tuzilgan 30 dan ortiq brigadalar frontdagi
jangovor harbiy qismlarning askar va zobitlari uchun 400 dan ko’proq kontsert berdilar.
Respublika hududida joylashgan harbiy qismlarda 15 mingta, gospitallarda 10 mingta
kontsert uyushtirdilar. Ishchilar, paxtakorlar huzurida doimo xizmatda bo’ldilar. Bu
tadbirlarda faol qatnashgan atoqli san’atkorlar - Halima Nosirova, Tamara Xonum, Abror
Hidoyatov, Lutfixonim Sarimsoqova, Sora Eshonturaeva, Abbos Bakirov va boshqalar
xalq hurmatiga sazovor bo’ldilar. ________
Do'stlaringiz bilan baham: |