Sinfda o‘qish. O‘qish darslarida o‘quvchi matnni to‘g‘ri, tez, tushunib o‘qish,
mazmunini o‘zlashtirish bilan ilk bor tanishadilar. Aynan o‘qish ta’limda
insonning, avvalo, o‘zligini, qolaversa olamni anglashga bo‘lgan intilishlariga
turtki beradi.
Sinfdan tashqari o‘qish. Sinfdan tashqari o‘qish o‘quvchilarni o‘qish
malakasini rivojlantirgan holda kitobni mustaqil o‘qiy oladigan, uni tushunadigan,
ma’lum bir mavzularga oid kitoblarni tanlay oladigan, gazeta va jurnallarni ham
mustaqil o‘qiy oladigan kitobxonni tarbiyalaydi. Sinfdan tashqari o‘qish
mashg‘ulotlari o‘qish darslari bilan bog‘lab olib boriladi. O‘quvchilar o‘qituvchi
rahbarligi ostida avval mavzuga oid bir necha kitob bilan tanishsalar, keyinroq
bolalar yozuvchilari hamda bolalarning qiziqishlariga mos asarlari bilan
tanishadilar.
O‘qish ko‘nikmalari. Matn va bog‘lanishli og‘zaki nutq ustida ishlash
O‘qish mashg‘ulotlarini o‘tkazish jarayonida o‘quvchilarda nutq faoliyatining
asosiy ko‘rinishi bo‘lgan ko‘nikmalari, matn va kitob ustida ishlash,
o‘quvchilarning bog‘lanishli nutqini o‘stirish, nutq madaniyatini rivojlantirish
nazarda tutiladi.
1-sinfda o‘quvchilar matnni ongli, to‘g‘ri va bo‘g‘inlab sidirg‘a o‘qishni
o‘rganadilar. Olti-yetti yoshli bolalarning nutqini takomillashtirish uchun uning
nutqidagi kamchiliklarni o‘qish darslaridagina emas, balki darsdan va maktabdan
tashqari o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar jarayonida ham tuzatib borishga alohida
ahamiyat berish zarur.
2-3-sinflarning o‘qish darslarida to‘g‘ri, tez o‘qish, ongli, ifodali o‘qish
ko‘nikmalarini o‘stirish va takomillashtirish zarur. Bunga asarni va uning
qismlarini o‘quvchilarga bir necha marta qayta o‘qitish bilangina erishish mumkin.
o‘quvchilar o‘qilgan asarlar yuzasidan berilgan savollarga javob berishga
o‘rganadilar. Matn ustida ishlash o‘qituvchi rahbarligida olib boriladi.
2-sinfda o‘quvchilarda so‘zlarni to‘liq sidirg‘asiga o‘qish malakasi
shakllanadi, o‘qishning to‘g‘ri va ifodali bo‘lishiga erishiladi, o‘qish texnikasi
tezlashadi. Bu sinfda o‘quvchilar matnning ayrim qismlarini, qisqa hikoyalarni
ichida (ovozsiz) mustaqil o‘qishga o‘tadilar. Matn ustida ishlash murakkablashib
boradi, bolalar o‘qituvchi rahbarligida asarning asosiy mazmunini aniqlaydilar,
qahramonlarning xatti-harakatini ifodalovchi so‘z va iboralarni topishga, voqeahodisalarni so‘z bilan tasvirlashga o‘rganadilar. Ularda so‘z boyligiga talab ortadi,
nutq sofligi va aniqligiga e’tibor kuchayadi, lug‘at boyligi ko‘payadi, faollashadi,
o‘qish sur’ati oshadi va so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llashga, ovozni boshqarishga
o‘rganadi.
3-sinfda so‘zlarni butunligicha sidirg‘a o‘qish ko‘nikmasi to‘la shakllanadi.
Bu esa o‘quvchilarda ongli va ifodali o‘qishga qo‘yilgan talablarni o‘stirish
imkoniyatini beradi. O‘qish darslarida bolalarning matn mazmunini o‘zlashtirish
ustida mustaqil ishlashlari, hikoyadagi voqea-hodisalarning izchilligini
belgilashlariga, o‘zaro bog‘lanish sabab-natijalarini aniqlashlariga alohida
ahamiyat beriladi. Matnning badiiy xususiyatlarini, tasviriy vositalarini aniqlash
ustida ishlash davom ettiriladi.
O‘quvchilarni o‘z nutqlarida maqollardan, hikmatli so‘z va iboralardan
foydalanishga, so‘zlarni to‘g‘ri tanlashga, gap qurilishidan (so‘zlarning bir-biriga
bog‘lanishidan) to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatish talab etiladi.
4-sinfda o‘quvchilar so‘zlarni bo‘g‘inlamay sidirg‘a o‘qishlari, matnni tez,
to‘g‘ri, ongli o‘qiy olishlari kerak. Bu sinfda bo‘g‘inlab o‘qishga yo‘l qo‘yilmasligi
kerak. Bolalar o‘qilgan matn mazmunini mustaqil ravishda qayta hikoya qilishlari,
matn yuzasidan sodda reja tuza olishlari, uning asosiy mazmunini ajrata olishlari,
o‘qilgan matnni to‘la qisqartirib, tanlab qayta hikoyalashlari, o‘qilgan matnga
nisbatan o‘z munosabatlarini bildira olishlari zarur. Ifodali o‘qish va o‘zaro nutqiy
faoliyat jarayonida bolalarning adabiy talaffuz me’yorlari shakllanadi. O‘quvchilar
nutqining faollashuvi, nutqning grammatik shakllarini to‘g‘ri qo‘llash va to‘g‘ri
talaffuz etish bolalar nutqining ravon, ifodali bo‘lishiga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |