IY. HUSNIXATGA O`RGATISH USULLARI.
Boshqa fanlar qatori chiroyli yozuvga o`rgatish ham o`zining tarixiy manbalariga ega bo`lgan holda o`sib, rivojlanib bormoqda.
Quyida biz hozirgi kunda boshlang`ich sinf o`qituvchilari uchun zarur bo`lgan eng asosiy yozuv usullarini ko`rsatib o`tamiz.
1.Namunaga qarab yozish usuli.
Chiroyli yozuvga o`rgatishning eng asosiy usullaridan biri harflarning shaklini namuna qilib ko`rsatish va yozdirishdir. Har bir harf namunasi doskada barcha o`quvchilarning barcha o`quvchilarning diqqatini jalb qilgan holda yoki ayrim o`quvchilarga daftarda alohida-alohida ko`rsatib berilishi lozim. O`quvchining vazifasi esa doskada eslab qolgan shakllarni o`z daftarlarida to`g`ri aks ettirishdir.
2.Namunaga qarab ko`chirib yozish usuli
Bu juda eski usul bo`lib, hozirgi kunda ham o`z qimmatini yo`qotgani yo`q. o`quvchilar asosan, harflarning shaklini “Husnixat” kitobidagi namunaga qarab ko`chirib yozadilar. Namunaga qarab ko`chirib yozish, tayyor harflarning ustidan yozishga nisbatan ancha murakkab bo`lib, ularning har ikkalasini qaysi vaqtda qo`llashni o`qituvchi yaxshi bilishi kerak. Bu o`qituvchining vaqtini tejaydi hamda, unumli ishlash uchun imkoniyat yaratadi.
3.Nusxa ko`chirish usuli
Bu usulni harf shaklini to`g`ri tasavvur etolmagan, yozishda daftar chiziqlaridan pastga tushib yoki chiqib ketadigan o`quvchilar uchun qo`llash mumkin.
Masalan, bir o`quvchi katta B harfini yozishda xatoga yo`l qo`ygan bo`lsa, o`qituvchi ularni nuqtalar bilan ifodalab, daftarga qalamda yozib ko`rsatadi, o`quvchi esa uning ustidan ruchka bilan yurgizib chiqadi. Bunday mashqlar faqat qo`l harakatini o`stirish uchun yordam beradi, xolos. Shuning uchun bu usuldan iloji boricha kamroq foydalanish maqsadga muvofiqdir.
4.Xatolar ustida ishlash usuli
Bu usulni qo`llashdan maqsad har bir o`quvchi o`z xatosini mustaqil topa olishga va uni tuzatishga o`rgatishdir.
O`quvchilarga o`z yozuvlaridagi harflarning to`g`ri yoki noto`g`riligini, qiyaligini, baland yoki pastligini tekshirib chiqish topshiriladi. O`quvchilar navbati bilan o`zlari yo`l qo`ygan kamchiliklarni aytib beradilar, ayrim o`quvchilarga o`qituvchi yordam beradi.
Undan tashqari, o`quvchilar o`z kamchiliklarini yozuv daftarlarida yoki husnixat kitobida berilgan namunaga qarab taqqoslash orqali ham tuzatishlari mumkin.
Ko`pchilik o`quvchilarda takrorlangan bir xildagi tipik xatolarni o`qituvchi doskada tahlil qilib,uni qanday tuzatish yo`llarini ko`rsatib beradi.
Biz yuqorida chiroyli yozuv malakasini shakllantirish uchun zarur bo`lgan asosiy usullarni ko`rsatib o`tdik. Bulardan tashqari, har bir o`qituvchi o`zi mustaqil ravishda yozuv malakasini o`stirish uchun yordam beradigan usullarni topishi va uni amalda qo`llashi mumkin.
O`qituvchi nazoratlar jarayonida ularning yozuvlarini qoida asosida yozilganligini tekshirib boradi,Imloviy,uslubiy xatolar bilan birgalikda husnixatga oid xatolari ham inobatga olinadi.Ayniqsa,yozma ish turlaridan insho, bayon, diktantlarda, turli tanlovlarda yozuvga alohida e`tabor qaratiladi.Bundan ko`rinib turibdiki,yozuv qoidalari bilan yozilgandagina go`zal hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |