Turto’plam (turpaket) – iste‘molchilarga guruhli yoki individual variantlar bo’yicha taqdim etiladigan xizmatlar to’plamiga kiradi. Turpaketni tashkillashtirishga ta‘sir etuvchi omillar:
berilgan sayohatga talabning mavjudligi;
xizmatlar, infratuzilma, moddiy bazaning mavjudligi;
aviakompaniyalar va boshqa transport kompaniyalari bilan munosabati;
jo’natuvchi va qabul qiluvchi mamlakatlar o’rtasidagi munosabatlar;
hamkor turistik tashkilotlar bilan munosabat;
belgilangan mamlakatda turizmning rivojlanish darajasi;
belgilangan mamlakatning siyosiy barqarorligi.
Shuni ta‘kidlash lozimki, siyosiy barqarorlik omili turoperator tomonidan o’zining strategiyasini ishlab chiqishda muhim hisoblanadi. Turizmda Gretsiyadagi kurd millati voqealari, Misrdagi terroristik portlashlar bilan bog’liq hodisalar talabning keskin pasayish hollariga olib keladi. Ushbu yo’nalishlarga ixtisoslashgan turoperatorlar katta yo’qotishlarni boshdan kechirdilar. Ammo shuni ham ta‘kidlash lozimki, ushbu hududlarda vaziyat barqaror bo’lishi bilan turistlar oqimi yana kuchaya boshlaydi. Berlindagi xalqaro turizm birjasida qayd etilganidek, turist xavf-xatarni yengib o’tishga moyil. Siyosiy barqarorlik qayta yaxshilangan mamlakatlarda, shu bilan birga, turpaketning narxlari arzonlashganda turistik oqim yana kuchaya boshlaydi.
Turpaket narxi. Turpaketning muvafaqqiyatiga ta‘sir etuvchi eng muhim omil bu – narxdir. Narxlashtirishda boshqalarnikiga o’xshamagan, alohida xususiyatli turpaketga ega bo’lgan turoperatorlar ko’proq erkinlikka egadir. Ular narxni asosan xizmatlarni sotib olish va boshqa xarajatlar, shuningdek, daromadning ma‘lum foizini kiritishga asoslanib belgilaydilar. Ommaviy bozor turoperatorlari asosan raqiblar narxiga asoslanib narx belgilashadi, ayniqsa, turpaketlarga talab pasayganda (o’lik mavsumda). Turpaket narxini aniqlashda turoperatorlar bozor yetakchilari narxlariga amal qilishadi. Yirik turoperatorlar xarajatlarni kamaytirishadi va shu bilan raqiblarining narxlashtirishda omadga erishishlariga yo’l qo’ymaydi. Eng ko’p qo’llaniladigan narxlashtirish usullaridan biri – bu xarajatlarga asoslangan narxlardir, ya‘ni mahsulot tannarxi hisoblanadi va daromadning ma‘lum foizi qo’shiladi. Turpaket narxiga kiruvchi daromad foizi qo’shimcha xarajatlarni qoplash, fondlarga ajratmalar, maosh va sof daromadni hisoblash orqali aniqlanadi va 15 % dan 30% gacha bo’ladi. Turizmda narxlar xarajatlar va daromadlar notekis taqsimlangan vaqtda bozordagi talabning tebranishini ifodalaydi, «o’lik mavsum»da narxlar pasayadi va mavsumda ular qayta tiklanadi (daromad evaziga). Turpaketlar narxi nafaqat turistik bozorning holati, raqobatchilarning narxiga, balki boshqa turlar narxiga ham bog’liq bo’ladi
Do'stlaringiz bilan baham: |