Innovatsiya – boshqarish ob`ektini yaxshilash va iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik, ilmiy-texnikaviy yoki boshqa sohalarda samara olish maqsadida yangilikni joriy etishning pirovard natijasidir. “Innovatsiya” – mahsulotlar, texnologiyalar, korxonachilik va boshqarish shakllarining yangi turlarini ishlab chiqish va amalda qo`llashga yo`naltirilgan faoliyatdir. Boshqa ta`rif ham mavjud: “Innovatsiya yangi kiritilgan sharoit, jamiyatning rivojlanishi ta`sirida o`zgarayotgan inson ehtiyojlarini qondirish uchun yangi amaliy vositani yaratish, tarqatish va foydalanishning majmuaviy jarayonidir”.
Umuman olganda, innovatsiya – asosiy kapitalni (ishlab chiqarish fondlarini) yoki ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni fan, texnika, texnologiya yutuqlarini jalb qilish asosida yangilash. Bu – jamiyatda ishlab chiqarishni takomillashtirishning ob`ektiv qonunlariga asoslangan jarayon.
B.Tviss bu jarayonni ilmiy va texnik bilimlar sifatida bevosita iste`molchi ehtiyojlari sohasiga yangiliklarni joriy etish sifatida ko`rib chiqadi. Bunda mahsulot faqat texnologiya tashuvchiga aylanadi va u texnologiya hamda qondiriladigan ehtiyojlarning o`zaro bog’liqligi masalasi hal qilinishi bilan qandaydir aniq shaklga kiradi.
Iqtisodchi Y.SHumpeter «innovatsiya» atamasiga ancha to`liq izoh bergan. U «iqtisodiy o`sish» va «innovatsiya» atamalarini bog’lab, ularni avval ma`lum bo`lmagan qandaydir yangilik sifatida baholaydi. Y.SHumpeter fikricha, innovatsiyani amalga oshiruvchi va u bilan shug’ullanuvchi kishilar – tadbirkorlar hisoblanishadi. Ular avval noma`lum bo`lgan ishlab chiqarish omillari majmualari
(kombinatsiyalari) ni yaratadilar. SHu sababli ham Y.SHumpeter klassik iqtisodchilar uchun noma`lum bo`lgan tadbirkorlik qobiliyatini ishlab chiqarish omillarining to`rtinchisi sifatida izohlaydi.
Bizning fikrimizcha, yuqorida tilga olingan barcha yondashuvlarda mazkur kategoriyaning bir tomonlama yoritilishi amalga oshirilgan. «Innovatsiya» «yangilikning joriy etilishi» bilan sinonim emas, balki yangi bilimlar, yondoshuvlar ko`rinishidagi yangiliklarning joriy etilishi jarayoni bilan bog’liq hodisadir.
Demak, innovatsiya – bu yangi texnologiyalarda mujassamlashgan yangi bilimlar, nou-xau, ishlab chiqarish omillarining yangi kombinatsiyalarini qo`llash bilan bog’liq, shuningdek ancha yuqori bozor salohiyatiga ega bo`lgan yangi xususiyatli vazifalarni bajara oladigan yangi mahsulotlar yaratish yoki destruktiv jarayonlarning salbiy oqibatlarini yo`qotish maqsadini o`z oldiga qo`ygan faoliyat yoki faoliyat natijasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |