1-chizma. Tadbirkorlikning asosiy belgilari.
Tadbirkorlik bilan biznes nafaqat bu faoliyat bilan shug`ullanuvchi shaxsning hayoti, moddiy farovonligi va ma`naviy kamoloti uchun, balki mamlakat iqtisodiyotining taraqqiyoti va kelajagi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, iqtisodiyotning asosi hamisha moddiy ishlab chiqarish, ya`ni moddiy boyliklar yaratishdan iborat bo`lib qoladi. Tadbirkorlik esa odatdan tashqari, alohida, o`ziga xos yondashuv bilan amalga oshiriladigan faoliyat turi bo`lib, iqtisodiyotda yangi, qo`shimcha ish o`rinlari yaratadi, yangi mahsulotlar (xizmatlar) ishlab chiqaradi, mahsulot bozorida raqobatni kuchaytiradi, bu bilan narx-navoning pasayishiga, savdo-sotiq madaniyatining ko`tarilishiga xizmat qiladi.
Yetti iqlimga dong`i ketgan tadbirkor ajdodlarimiz o`z faoliyatlarini aksariyat hollarda “Buyuk ipak yo`lida joylashgan bozorlar va karvon saroylarda olib borganlar. Lekin u zamonlar tadbirkorlik o`z tabiati va ko`lamlari jihatidangina emas, balki tashkil etilishining usul-amallari, vositalari jihatidan ham boshqacha bo`lgan. Tadbirkorlar ko`ngli keng, oldi-sotdi ishlari va boshqa muomalalarda juda halol, qolaversa, o`z ustilariga olgan majburiyatlarini qoyilmaqom qilib bajaradigan kishilar bo`lgan.
O`sha zamonlardagi tadbirkorlarning yana bir xususiyati shunda ediki, ular o`z boshliqlarining mol-dunyosi, sarmoyasini ko`paytirishga intilish bilan birga o`zga o`lkalarni ko`rib bilishga, u yerlardagi odamlar bilan oldi-berdi aloqalarini o`rnatishga ham ko`p harakat qilishar edi. Shunga ko`ra, o`z mol-dunyosini ko`paytirishni o`ylash bilan cheklanib qolmasdan, madaniy va ma`rifiy ishlarga va, umuman, atrofdagi dunyoga qiziqib qaraydigan tashabbuskor tadbirkorlar orasidan mashhur kishilar etishib chiqib, ko`pincha davlat rahbarlari va hokimlarning maslahatchilari bo`lib qolganliklari ham tarixdan ma`lum.
Biroq bir asrdan ko`proq davom etgan mustamlakachilik davrida xalqimiz boshiga tushgan kulfatlarning eng achinarlisi qullik psixologiyasi va kayfiyatining shakllanishi, odamlarning xususiy mulkka bo`lgan munosabatining o`zgarishi va har qanday, ayniqsa, iqtisodiy tashabbuskorlikning bo`g`ilishi bo`ldi. Hattoki, ruslarning “har qanday tashabbus jazolanadi” degan maqoli hayotiy haqiqat darajasiga ko`tarildi.
Hozirgi kunda respublikamizda tadbirkorlar yangi ijtimoiy qatlam va sinf sifatida shakllanmoqda. Tadbirkorlar erkin bozor iqtisodiyotiga tayangan demokratik jamiyatdagi o`z biznesiga, mulkiga ega bo`lib bormoqdalar.
Shu o`rinda tabiiy savol tug`iladi: nima uchun hozirgi sharoitda respublikamizda kichik va o`rta biznesni qo`llab-quvvatlash hamda rivojlantirishga katta ahamiyat berilyapti? Buning sababi shundaki, kichik va o`rta biznes kam investitsiya (ya`ni kam mablag`) talab qilib, tez ijobiy natija berishi bilan ajralib turadi. Bunda qo`shimcha ish joylari yaratiladi, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqariladi hamda davlat byudjetiga ko`proq soliqlar tushishi ta`minlanadi.
Har qanday odam tadbirkor bo`lishi uchun o’z ishiga fidoiylik, mehnatsevarlik, chuqur fikrlash va dunyoqarashning kengligi, doimo o`zgarib turadigan sharoitda ishlash uchun moslashuvchanlik, uddaburonlik, bilimdonlik, halollik, bozor talabini yaxshi o`zlashtirib olishi kerak.
Tadbirkorlik va biznes, avvalo, mamlakatning o`zidagi ishlab chiqarishga, undagi xomashyo, moddiy va boshqa resurslarga tayanmog`i lozim. Har holda bu qoida hozirgi davrga qadar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishning muhim tamoyili edi. Biroq iqtisodiyot sohasida sodir bo`layotgan hozirgi globallashuv jarayonlari sharoitida mazkur tamoyil o`z ahamiyatini tabora yo`qotib bormoqda, desak xato bo`lmas. Zero, rivojlangan mamlakatlar tajribasi shu narsadan dalolat bermoqdaki, o`z xomashyo bazasiga yoki boshqa moddiy resurslarga ega bo`lmagan mamlakatlar ham tadbirkorlik tufayli yaxshigina yutuqlarni qo`lga kiritmoqdalar. Masalan, Yaponiya, Tayvan va boshqa mamlakatlar bunga yorqin misol bo`la oladi. Yaponiya aholining turmush darajasi jihatidan jahonda 4-5 o`rinlarga chiqib oldi. O`zida temir rudasi zahiralari mutlaqo bo`lmagan Janubiy Koreya Respublikasi o`nlab mamlakatlardan uni dengiz yo`llari orqali import qilib va qayta ishlab, po`lat ishlab chiqarish bo`yicha jahonda etakchi o`rinlardan birini egallashga erishgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Tadbirkorlik va biznesni rivojlantirish mulkni davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan kichik va qo`shma korxonalar tashkil qilish, fermer xo`jaliklarini taraqqiy ettirish, yirik va o`rta korxonalarni ochiq turdagi aktsionerlik jamiyatlariga aylantirish bilan chambarchas bog`liq jarayondir.
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan hamma mamlakatlarda tadbirkorlikni rivojlantirishning zarur sharti xususiy mulkchilikdir. Biroq shuni aytib o`tish joizki, tadbirkor bilan biznesmen hamisha xususiy mulk egasi bo`lavermaydi. Tadbirkorlar bilan biznesmenlar orasida mulk egalari bilan bir qatorda menejerlar (ishlab chiqarish tashkilotchilari) va ishga astoydil berilgan boshqa kishilar ham bor. Yirik mulk va kapital egalari bo`lgan tadbirkorlar bilan zamonaviy bilimlarga ega bo`lgan menejerlar (boshqaruvchilar)ning ishbilarmonlik faoliyatlari birga qo`shilib, uyg`unlashgan sharoitda, ayniqsa, yuqori iqtisodiy samaraga erishish mumkin.Totalitar tartibot sharoitlarida mamlakatimizda hukm surgan davlat mulkchiligining mutloq hokimligi ishbilarmon, epchil va uddaburon odamlarning tadbirkorlik faoliyati uchun asosiy to`siq edi.Hozirgi sharoitda tadbirkorlikning asosi bo`lmish xususiy mulkchilikni rivojlantirish davr talabiga aylangan. Zero, faqat shu yo`l bilan ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal qilish, bozor muhitini shakllantirish mumkin.
Tadbirkorlik va biznesni rivojlantirish uchun boshqa shart-sharoitlar ham bo`lishi kerak. Chunonchi, iqtisodiy va ijtimoiy siyosatning barqarorligi, tadbirkorlik va biznes xususida ijobiy ijtimoiy fikr yuzaga kelgan bo`lishi, imtiyozli soliq tartibi, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlaydigan rivojlangan infratuzilma, aqliy mulkni himoya qiluvchi tizim va hokazolar shular jumlasiga kiradi.Tadbirkorlar uchun qulay kredit tizimini yaratish, ularga zarur ishlab chiqarish vositalari, xomashyo, butlovchi buyumlarni sotib olish imkonini berish va boshqalar mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning muhim omillari hisoblanadi.Haqiqiy biznesning asosi tadbirkorlik faoliyatidir. Tadbirkor bo`lish degan so`zning tagida biror ishni boshlash, bajarish, uddalash, ya`ni tayin ish bilan shug`ullanish degan ma`no yotadi. Ishni kichkinadan boshlab, keyinchalik biznes sohasiga kirish, yirik tadbirkor bo`lib olish mumkin.
Biroq biznesga “sirli tayoqcha” yoki ”ochil dasturxon” sifatida qarash yaramaydi. Biznes o`z-o`zidan muvaffaqiyatga olib boravermaydi. Uning zaminida hamisha mehnat, uddaburonlik, mohirlik, bilimdonlik va tashabbus yotadi. Shu bilan birga, haqiqiy biznesmen zamonaviy menejment asoslarini ham yaxshi bilishi, hisobotlar tizimini, baho siyosatini tushunadigan, kelajakni ko`ra biladigan bo`lishi kerak. Biznes hozirgi kunda xalqaro tus olib boryotganligi uchun yuqorida aytib o`tilganlardan tashqari biznesmen uchun chet tillarini bilish ham foydadan xoli emas. Biznes bir kunlik, bir oylik, hatto bir yillik ish emas. Haqiqiy tadbirkorlar biznesga o`zining butun hayotini bag`ishlaydi. Biznes – jozibador, kishini qiziqtiradigan narsa. Lekin uning yo`li hamisha gulzorlar ichra o`tavermaydi. Biznesda muvaffaqiyatlarga erishish bilan birga ma`lum qiyinchiliklarga ham duch kelinadi. Shunga ko`ra, ko`p hollarda tavakkal qilish talab qilinadi. Lekin shunga qaramay, butun jahonda necha yuz minglab kishilar har yili yangi biznesga kirishib, o`z “ishlarini” boshlaydilar va o`z mamlakatlarining milliy iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo`shadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |